Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buvim o‘ynagan o‘yinlar

Har kuni maktabdan kelgach, buvim va bobomga o‘rgangan bilimlarim, eshitgan yangiliklarim haqida  aytib beraman. Ular jon quloqlari bilan tinglashadi. Shunday kunlarning birida buvijonim  o‘zlari bolaliklarida o‘ynagan o‘yinlar haqida  gapirib berdilar.

–“Chorichambar”, “Durra”, “G‘oz-g‘oz”, “To‘ptosh”, “Chertmak”  kabi  o‘yinlarni mazza qilib o‘ynardik. Bu o‘yinlar bizni chaqqonlikka, o‘ylashga  o‘rgatardi. Jismonan chiniqtirardi, – dedilar buvim, qandaydir sog‘inch bilan.

– Bobo, siz qanaqa o‘yin o‘ynagansiz?- so‘rayman qiziqishim ortib.

“Chirkash”, “Uloq”, “Tosh arqon”, “Ovchi”, “Xirmon-xirmon”.. ehhe  o‘yinlarimiz ko‘p  bo‘lgan. Bu o‘yinlar biz bolalarni  irodali, tirishqoq, kuchli, baquvvat  bo‘lishimizga yordam bergan. Hozir bunaqa  o‘yinlarni  bolalar o‘ynamaydi-da, – xo‘rsindi bobom.

– Otasi,  o‘g‘il bolalar bilan qiz bolalar o‘ynagan o‘yinlar – “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Tez top”, “Topgan topaloq”, “Tapir-tupur qayrag‘och” esingizdami... Ular bolalar bilan qizlarni bir-birini tushunishga, qizlarni avaylashga o‘rgatardi. Siz aytgan topishmoqlarning  ko‘pini men topib qo‘yardim.

Buvimning  xotiralari  menga  rivoyatdek tuyulsa-da, ularga havasim keldi. Chunki qishloqda yashashimga qaramay  biz hozir bunday o‘yinlarni o‘ynamaymiz. Kimga qaramay qo‘lida telefon, yana birovi kompyuter qarshisiga muk tushib olgan. Bunday tengdoshlar olabo‘ji  o‘yinlar ta’sirida  jizzaki, urushqoq, bag‘ritosh bo‘lib ketyapti.

Do‘stlar, har bir harakatida bir hikmat, aniq maqsad bo‘lgan milliy o‘yinlarimizni unutmaylik.

 

Niginabonu AMIROVA,

Samarqand ixtisoslashtirilgan San’at maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi   

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.