KO‘RINMAS DUSHMAN
Bolalar uchun eng yaxshi do‘st – ular uchun nashr qilinadigan gazeta-jurnallar..Chunki gazeta-jurnal o‘qigan bolaning dunyoqarashi kengayadi, tafakkuri o‘sadi. O‘zi uchun ibrat bo‘ladigan qahramonlarni ham kashf qiladi. Afsuski, keyingi paytlarda o‘quvchilar matbuotdan ancha yiroqlashib qoldi. Bunga sabab – ota-onalarning farzandi tarbiyasiga beparvoligi. Chunki ular o‘zlari o‘qib dunyoni tanigan “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari, “Tong yulduzi” gazetasini eslaridan chiqarib qo‘yishgan shekilli, farzandini ularga obuna qilishni o‘ylamay ham qo‘yishdi. Yana bilmadim, balki pullarini qizg‘anishar. Lekin unday desam, bolasining tug‘ilgan kuniga jurnalning yillik obuna bahosidan o‘n-o‘n besh barobar qimmat turadigan qo‘ltelefoni sovg‘a qilishadi-ku.
To‘g‘ri, bundan bolakay xursand bo‘ladi, telefonning ashaddiy muxlisi bo‘lib qoladi. Undagi o‘yinlar, ma’lumotlar esa bolaning nafaqat jismoniy sog‘lig‘iga zarar yetkazayotgani balki ma’naviy olamini ham qashshoq qilib qo‘yayotganiga mutlaqo e’tibor berilmaydi.
Vaholanki, bola gazeta, jurnal o‘qisa, ma’naviy olami boyiydi, o‘zligini taniydi, qadriyatlarimizga oshno bo‘ladi.
O‘zi anglamagan holda milliy axloq-odob ruhida tarbiyalanadi.
To‘g‘ri, internet – davr talabi, undan voz kechib bo‘lmaydi. Lekin hamma narsada bo‘lganidek internetparastlikda ham me’yor bo‘lgani yaxshi.
Yoshlarning bir vakili sifatida ota-onalardan iltimos qilardim, bolangizni internet atalmish ko‘rinmas dushman qo‘liga topshirib qo‘ymang. Ularni kitobga oshno qiling. Badiiy adabiyotga yo‘l esa bolalar jurnallaridan boshlanadi.
Ziyodulla Hamidullayev,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi