Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

MEHRNING MEVASI

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 274-maktab boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Iroda G‘ulomova kasbidan  baxt topgan ustozlardan.

– O‘qituvchi  bo‘lishni   bolaligimdan   orzu qilganman. Otam ish joyi – maktabidan qaytgach, Sayfulla akam bilan  o‘z ishi, bolalar haqida  zavq-shavq bilan suhbatlashar, men ularni jon qulog‘im bilan tinglardim. Chindan ham, dunyoni anglashga intilayotgan, sening har bir so‘zingni ishonch  va umid bilan tinglayotgan bolalarni sevmaslik mumkinmi! Shu ishonchni oqlash, bolalarning mehrini qozonish uchun  pedagoglik faoliyatimning ilk kunlaridanoq astoydil harakat qildim. Otam,  bolalar mehrini qozonmay turib  yaxshi natijaga erisha olmaysan. Bolaga talabchanlik bilan birga  onaday g‘amxo‘r, bilimdon bo‘lishing ham kerak, – deb  nasihat qilardilar.  Bu o‘git hali ham  qulog‘im ostida jaranglab turadi. Har bir darsga  faoliyatimning ilk kunidagidek  puxta tayyorgarlik ko‘raman.  Mashg‘ulotlarda o‘quvchi e’tiborini jalb qiladigan, qiziqishini kuchaytiradigan  metodik qo‘llanmalar, bolalar nashrlarida  chop etilgan  rebus, boshqotirmalardan foydalanaman.  Shukr, natija  yomon bo‘lmadi. Maktabda  eng ibratli  o‘qituvchilar safidan joy oldim.  Shogirdlarim   o‘qish tezligi, husnixati, mantiqiy fikrlashi  bo‘yicha maktabning peshqadam o‘quvchilari, – deydi Irodaxon. 

Bu an’anana hamon  davom etyapti. Bu o‘quv yilida ham Irodaxonning kenja shogirdlari Azizbek Shonazarov mental arifmetikadan o‘tkazilgan  tanlovning respublika bosqichida, Sarvinoz G‘afforova esa tasviriy san’at, matematika tanlovlarida 1-o‘rinni egallashdi. Darvoqe, bu g‘oliblar, muallimaning  nevara shogirdlari. Ularning  otalari ham ustozning sobiq o‘quvchilari.

Yana bir gap,  mohir pedagog  bugungi kunda nafaqat yunusobodlik bolalarning, balki  AQSHning  Atlanta shtatidagi  o‘zbeklar, ularning farzandlarining ham ustozi, desak xato qilmaymiz. Qanday qilib deysizmi?  Gap shundaki, Iroda G‘ulomova 2017- yilda  Atlantaga – farzandlarinikiga mehmonga bordi. Bolajon ustoz u yerda ham o‘ziga ish topib oldi. U yerda yashayotgan hamyurtlarimiz va ularning farzandlariga lotin alifbosini, milliy  qo‘shiq va raqslarimizni  o‘rgatdi. Mustaqilligimizning 26 yilligiga bag‘ishlab,  Atlantadagi yurtdoshlarimiz uchun tashkil qilingan bayramda to‘rt yoshli qizaloq  Sevaraxon kuylagan  “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘ini tinglab vatandoshlarimiz ko‘zlari yoshga to‘ldi. Shodiyona ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinib, e’tiroflarga sazovor bo‘ldi. Qizaloqning ustozi Irodaxon esa yoshlarga o‘zbek tili  va madaniyatini o‘rgatgani, uni targ‘ib etishdagi faolligi uchun jamiyat tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

O‘shandan buyon millatsevar pedagog Irodaxon   har yili yozda Atlantaga borib vatandosh bolalarga o‘zbek tilini puxta o‘rgatish, ular qalbida o‘zbek adabiyotiga, O‘zbekistonga muhabbat uyg‘otishga harakat qilyapti. 

–   Bolalarga ta’lim berish – yuksak mas’uliyat, – deydi keksa pedagog. – Chunki,  bola maktabda  o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan bilimning asosini  boshlang‘ich sinfda oladi. Boshlang‘ich ta’lim – bilim poydevori. Kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Demak, bu boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining o‘ziga bo‘lgan talabini oshiradi. O‘z ustida ishlashga,  ta’lim sohasidagi yangiliklardan  xabardor bo‘lib borishga undaydi.

Sharoit yaratilar ekan, biz ham kelajagimiz egalari bo‘lgan  bolajonlarga sifatli ta’lim berishga, hukumatimiz, xalqimiz ishonchini oqlashga  bor kuch va salohiyatimizni sarflaymiz.

Mahmuda VALIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.