Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

YON DAFTARNING YORDAMI

Aziz do‘stim, hech yon daftar tutganmisiz?! Yo‘q deysizmi? O‘ylaymanki, bugungi suhbatimizdan keyin, shunday qilasiz. Chunki men hozir sizga yon daftar tutish kishiga qanchalik asqotishini tushuntirib beraman.

Men ancha yillardan beri yon daftar tutaman. Har kecha uyqudan oldin ertaga nimalar qilishimni yozib boraman, ertasiga kechqurun ularning qaysilarini bajarganimni belgilab qo‘yaman. Mabodo, chala ishlarim bo‘lsa, ularni albatta boshqa kungi rejamga qo‘shaman. Muhimi,  yon daftar  xotirani  mustahkamlaydi. Yozib qo‘yilgan narsaga qarasa, xotira rivojlanadimi, deysizmi? Yo‘q, lekin, yozayotganimda ular miyamga quyiladi. Shunchalik mustahkam quyiladiki, ba’zan ertasi kuni qarashimga hojat qolmaydi.

Yon daftar tutishni boshlagach, o‘zingizda ijobiy o‘zgarishlar sezasiz. Ilgari to‘planib ketadigan muammolaringiz tartib bilan hal bo‘laveradi. Chunki, siz hammasini yon daftaringizga sanasi va vaqti bilan yozib qo‘ygansiz-da! Yon daftaringizga kirayotgan vazifalarni aniq vaqti, muhimligiga qarab ketma-ketlikda biting. Shunda ishingiz barakali bo‘ladi. To‘g‘ri, qandaydir tasodifiy vaziyatlar hisobiga kuningiz rejadagidan farqliroq bo‘lishi tabiiy. Lekin, muhimi, siz pala-partish kunlardagidan ko‘ra ko‘proq natijaga erishasiz.

Qadrdonim, xohlasangiz kun­daligingizdagi ishlarni darajalab, muhimlarini qizil rangda ajratib yozing, tagiga chizing, ulardan keyingilarini esa kuningizning bo‘sh qolayotgan qismiga joylashtiring. Istasangiz, har bir sananing tagiga sizni ruhlantiradigan, olg‘a undaydigan jumlalarni yozib qo‘ying. Ularning ham sizning kayfiyatingiz, ish unumingizda hissasi katta.

Bilasizmi, men yon daftar tutmagunimcha o‘qishda, to‘garaklarda, uy ishlari va hatto do‘stlarim bilan o‘ynashimda ham aniqlik bo‘lmagan. Bir ishni boshlasam, nuqul ikkinchisi xalal bergan, uchinchisi chala qolgan. Ammo, yon daftar barchasini o‘zgartirdi. Men o‘z vaqtida to‘garaklarga qatnashga, maktab darslarini bajarishga, uy ishlarini qilishga, har kuni 20-30 bet badiiy kitob o‘qishga, televizorda sevimli filmlarimni ko‘rishga, hatto, o‘rtoqlarim bilan o‘ynashga ham imkon topdim. Natijada, baholarim besh, ishim unumli bo‘ldi. O‘zimga ishonchim ortdi. Dangasalikdan qutuldim. A’lo bahoga o‘qib, akademik litseyga, universitetga o‘qishga kirdim. Lekin hamon yon daftarim yonimda.

Ha, aytgancha, yon daftarni xarid qilishda ko‘zingizga eng chiroyli ko‘ringanini oling. Har safar unga qaraganingizda ko‘zingiz quvnab, qo‘lga olgingiz kelaveradi. Keyinchalik uni qadrdoningizdek bo‘lganini sezmay qolasiz. Axir, menda shu hol kuzatildi-ku! Shu sabab men erishayotgan yutuqlarim uchun do‘stimga aylangan yon daftardan minnatdorman.

  

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.