Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitobsevar sportchi

2022-yilda omadi kulgan sportchi tengdoshlaringizdan biri Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 12-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Laziza Haydarovadir.

Bilasizmi, Laziza 3-sinfdan beri kurashning dzyudo turi bilan shug‘ullanadi. Bu yo‘lgacha u goh g‘oliblik nashidasini, gohida mag‘lublik alamini totgan. Laziza murabbiylaridan kurashning sir-asrorlarini o‘rganib, kuchli sportchi bo‘lib shakllana borgan. 2016-yilda tuman, viloyat, respublika musobaqalarida birinchilikni qo‘ldan bermay, Jahon chempionatiga yetib bordi. Ushbu bellashuvdan olgan taassurotlari hali ham esida.

— Vazn tashlashim kerak edi, — deydi chempion qiz, — shu sabab olimpiada boshlanishiga 11 kun qolganda parhez tutishga majbur bo‘ldim. Oqibatda jismonan zaiflashdim, shekilli, chempionatda aqlim buyurganini oyoqlarim bajarmadi. Mag‘lub bo‘ldim. Tushkunlikka tushib, ko‘p yig‘ladim. Shunda, onam hayotiy misollar bilan ruhimni ko‘tardi. Hali oldinda meni katta g‘alabalar kutayotganiga ishontirdi. 

Laziza jahonning bir qancha mam­lakatlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda qatnashib, O‘zbekiston sharafini himoya qildi. 2022-yil 21-24-fevral kunlari Toshkentda O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Osiyo kubogi musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 5-6-aprel kunlari poytaxtda O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Osiyo kubogida ham oltin medalni olib, dunyo reytingida 40 kg vazn toifasida 1-o‘ringa ko‘tarildi. 13-15-mayda esa Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Osiyo kubogida ham g‘olib bo‘ldi. Iyun oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida  Anatoliy Raxlin xotirasiga bag‘ishlab o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan xalqaro musobaqada faxrli 1-o‘rin Lazizaga nasib etdi. 18-21-iyulda Taylandning Bangkok shahrida o‘tgan Osiyo chempionatida ham peshqadamlik qildi. 27-iyul – 8-avgust sanalarida Rossiyaning Vladivostok shahrida  “Osiyo bolalari” xalqaro sport o‘yinida ham g‘oliblik shohsupasini zabt etdi.

Chempion qiz yutuqlarida ustozlarining hissasi katta. U dzyudodagi birinchi ustozi, oliy toifali murabbiy Shahobiddin Sharipov, O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasidagi ustozlari, ayniqsa, Tohir Fayziyevdan juda-juda minnatdor.   

Chempion  qizning onasi xalq ta’limi a’lochisi Shahnoza Mavlonova. Adabiyotga, san’atga muhabbati cheksiz ona qizini ham eng sodiq do‘st — kitoblarga oshno qilib voyaga yetkazgan. Laziza bo‘sh vaqtida ko‘p badiiy kitoblar o‘qiydi, Navoiyning 50 dan ortiq g‘azalini yod olgan. Bu yo‘nalishda ham ko‘plab tanlovlar g‘olibi sifatida tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan.

Suhbat so‘nggida O‘zbekiston nomini dunyoga taratayotgan Laziza Haydarovaga omad tilab, yurtimizning barcha sportchi bolalari unga o‘xshashini niyat qildim!

 

 Muhammadali Po‘latov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.