Gulxanjonning opasi
Inson shunday yashashi kerakki, ortiga burilib qaraganida, umrini sarhisob qilganida dil-dilidan qoniqish hosil qilsin. Hech ikkilanmay ayta olamizki, jurnalimizda salkam 40 yil mehnat qilgan ijodkor Vasila Po‘latova ana shunday insonlardan.
Vasila opa har tong ishga kelgach, tahririyatga kelgan bir uyum xatlarni ko‘rib quvonib ketardi. Darhol ularni ochib o‘qishga tushar, o‘ziga ma’qul bo‘lgan she’r, ertak, hikoyani maqtab-maqtab adabiyot bo‘limiga, maqola, lavhalarni maktablar bo‘limiga, rasmlarni rassomga topshirib, “Qarang, foydalanish, foydalanmasligingizni ertagayoq ayting”, – derdi. Tahrirtalab xatlarga esa uzog‘i bilan bir hafta ichida javob yozishimiz shartligini ham ta’kidlardi. Biz ham opaning bu talabchanligidan garchi ishimiz boshimizdan oshib yotgan bo‘lsa-da, xafa bo‘lmasdik. Chunki xat egalari javobni intiqlik bilan kutishayotganini bilardik-da! Ba’zan, moddiy jihatdan qiynalib qolgan ota-onalar, tanlovda yoki bellashuvda nohaqlikka uchragan o‘quvchilardan shikoyat xatlari ham kelib qolardi. Ana shunday damlarda opamiz bu xatdan nusxa ko‘chirib kerakli tashkilotga yuborar ekan, “Maktub egasiga ijobiy yordam ko‘rsatilganligi haqidagi javoblaringizni kutamiz”, deb qo‘shib qo‘yardilar. Bosh muharrir Xudoyberdi aka, bizga hamisha opani o‘rnak qilib ko‘rsatardilar.
Eh-hey, ilk bor opamizni qo‘lidan samimiy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilgan maktub olgan bolalarning ko‘pchiligi bugungi kunda mamlakatimizda tanilgan shoir-u yozuvchi, musavvir-u san’atkor. Ular hozir ham tahririyatga yozgan asarlarini, chizgan rasmlarini ko‘tarib kelib qolishsa, darhol Vasila Rahmatovnani so‘rashadi. Salom aytishadi. Ular haqida mehr bilan so‘zlashadi.
O‘zidan ana shunday qutlug‘ iz qoldirgan opamiz endilikda nabiralar qurshovida keksalik gashtini suryaptilar. Lekin ijod qilishdan to‘xtaganlari yo‘q. Rus yozuvchilarining bolalarbop hikoya, ertaklarini tarjima qilib tahririyatga kelib qoladilar. Ana shunday damlarda stollarimiz ustiga qarab turib, “Nega xatlar cho‘g‘i kam yoki bolalar xat yozmay qo‘yishganmi”, deb tashvishga tushib qoladilar.
– Xatlar kamaygani yo‘q, biroq endi xat konvertlarda emas, elektron pochta orqali kelyapti. Bolalar o‘sha-o‘sha qiziquvchan, sizni savollari bilan qanday shoshirishgan bo‘lsa bizni ham, xotirjam o‘tirishga qo‘yishmaydi, deb hazillashamiz.
– Xat bu ko‘ngil daftari, ishonch belgisi. Xat kelyaptimi, demak bugun ham Gulxanjonning atrofida do‘stlari ko‘p ekan, bugun ham bolalarimiz yozishdan, ijod qilishdan, kitob o‘qishdan yiroqlashmagan ekan, – deb quvonadilar.
Bugun opamiz xonadonida, shubhasiz, “Gulxan” tahririyatida ham katta shodiyona. Shuhrat medali sohibasi, Xalq ta’limi a’lochisi, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a’zosi Vasila Po‘latova o‘zining shukrona kunini nishonlayapti.
Biz bolajon ijodkor, Gulxanjonning suyukli opajonini qutlug‘ yosh bilan muborakbod etamiz.
Vasila Rahmatovna, umringiz uzoq bo‘lsin, nabiralar kamolini ko‘ring!