Yil bo‘yi hamroh
Dars tugashi bilan maktabimiz kutubxonasiga boraman. U yerda turli matbuot nashrlari bor. Ular orasidan “Gulxan”ni sevib o‘qiyman. Chunki unda maktab hayoti, o‘rnak olsak arziydigan yangiliklar, tengdoshlarim erishayotgan muvaffaqiyatlar haqida qiziqarli hikoyalar bor. Jurnal sahifalaridagi “Mashhurlar bolaligi”, “Iste’dod – millat mulki”, “Odob bo‘stoni”da e’lon qilingan maqola, suhbatlarni miriqib o‘qiyman. “Nishona”, “Ilk qadam” ruknida yoritiladigan o‘quvchilar ijodini diqqat bilan o‘rganib, ulardan saboq olaman. Chunki o‘zim ham she’rlar mashq qilaman-da...
Yana bir muhim gap, avval jurnalni kutubxonada navbat kutib o‘qirdim. Bu yil esa jurnal mening, aniqrog‘i barcha sinfdoshlarimning shaxsiy kutubxonasidan joy oladi. Chunki, jurnalning 2023-yilgi nashrlari uchun har birimiz obuna bo‘ldik.
Maqsadim – yangi yilda jurnalning nafaqat muxlisi, balki faol muxbiri ham bo‘lish. Maktabimiz, mahallamizdagi yangiliklar, maktabdoshlarim qo‘lga kiritgan yutuqlar, yangi yozgan she’rlarim bilan “Gulxan” o‘quvchilarini ham xabardor qilish. Jurnal sahifalarida uchrashguncha, qadrli tengdoshlar.
Gulsanam MAMIROVA,
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 1-IDUMning
10-sinf o‘quvchisi