Sog‘inchlar diyori
O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid “Yashasin yomg‘irlar” kitobida e’tirof etishicha, nainki ko‘kalamzorlar, balki inson bolasi ham bolalik yomg‘irlari ostida giyoh yanglig‘ ko‘karadi, navnihol ko‘chatdek kurtak chiqarib barg yozadi. Bugun ko‘hna Surxon vohasining bepoyon osmonidan yog‘gan beg‘ubor yomg‘irlardan, bag‘rikeng alpomishzoda surxonliklarning mehr yomg‘iridan, ustozlarning beg‘araz o‘gitlari yomg‘iridan bahra olib xalqining sevimli shoiri, haqparvar va xalqparvar o‘g‘lon bo‘lib kamolga yetgan ardoqli ijodkorimizning bolalik haqidagi sog‘inchlariga quloq tutamiz.
MEN KO‘RMAGAN ZANGOR OLAMLAR
Bolalik – biz hammamiz bir marta o‘tiradigan podsholik taxti. Bolalik – hammamiz bir marta va manguga yo‘qotadigan toza va beg‘ubor davronimiz. Bu saltanatda g‘araz-u g‘irromlik bo‘lmaydi, bunda nayrang va hasad yo‘q. Bu davron jildiragan jilg‘alarda oqib ketdimi, qaldirg‘ochlar qanotidami va yoki adir ortida qulunlarning bezovta vidoli kishnashlari ila ketdimi – bilmay qolibmiz.
Men Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida, kengliklarga tutashib ketgan adirlar va tog‘lar etagida tug‘ilganman. Inson bolasiga zamin – tug‘ilgan tuprog‘i taft beradi, osmondagi oy, quyoshi esa boshi uzra kecha-kunduz mehr nurlarini sochadi. Bejiz, mumtoz tilimizda quyoshning yana bir nomi “Mehr”, deb aytilmagan. Qo‘y-qo‘zilarni boqib, yashil maysazor, chimzorlarda chalqancha yotgan ko‘yi tubsiz, cheksiz osmonlarni; uyim-uyim bo‘lib qaylargadir men ko‘rmagan, bilmagan zangor olamlarga ketayotgan oppoq bulutlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. O‘sha – bulutlar ketayotgan sirli makonlarni, sog‘inib yashardim.
Keyin – rahmatli momomning o‘rikzor, olmazor bog‘lari... Bizning butun dunyomiz shu bog‘ning ichida edi. May oyidayoq shira oladigan ertapishar olmalar, shig‘il-shig‘il qantak o‘riklar. Bizda qantak degan gap yo‘q. – O‘rikning hammasini zardoli deymiz. Fors-tojik tilidan kirib o‘rnashib qolgan bu so‘zning tarjimasi aslida – sariq oluni bildiradi. Qaroli, qora olu deganday. Biz – momomning 15-20 chog‘li nevaralari bog‘ni talash bilan, kenja o‘g‘li – Sadriddin tog‘am esa bizni oldiga solib quvish, haydash bilan ovora edi. Qo‘shni qizaloqlar, bolakaylar qo‘shilib, ba’zan butun boshli shumtakalar, zumrashalar, lashkariga aylanib qolardik. Bunday paytda katta bir bog‘ni ostin-ustun qilib tashlash biz uchun hech gap emas edi. Men ana shu – bir bog‘ qizaloqlar ari-yu qo‘ng‘izlarning podshosi edim.
Maktabning yuqori sinflarida o‘qiydigan Payvasta, Saltanat, Nigina, Zumrad, Mehriniso degan qizlarni eslayman. Payvastaning payvasta qoshlari, katta-katta shahlo ko‘zlari, Saltanat bilan Niginaning taqimiga uradigan har biri daryoday-daryoday kokillari, Ibodat ammamning qizi bo‘lmish Mehrinisoning o‘ziga juda yarashadigan qiliqlari-yu sho‘xliklari... Ertakdagi malikalarni eslatuvchi bu qizlar maktab ashula va raqs dastasida ashula aytishardi. Ularning har bir chiqishi maktab ahli uchun ham, yon atrofdagi qishloqlarda yashovchi xotin-xalaj uchun ham haqiqiy bayram bo‘lardi. Bu qizlar chin ma’noda maktabning ham, qishlog‘imizning ham malikalari edi. Ular maktabni bitirib ketgandan so‘ng hammayoq birdan huvillab qolgandek bo‘ldi. Maktab sahnasidan ham fayz ketdi.
Yam-yashil yalangliklarda qo‘y-poda boqamiz. Qo‘zichoqlar koptoklardek dikirlab sakraydi. Yangi tug‘ilgan buzoqlar shataloq otib yuguradi. Biz ulardan battar. Birdan momaqaldiroq gulduraydi. Olisdagi xo‘japiryah cho‘qqilariga chaqinlar qilich soladi. Keyin adirlar, tepaliklarni oldiga solib quvgandayin osmon chavandozining yuz millionlab suyuq qamchilari borliq olamni savalashga tushadi. Hammamiz uyga qochamiz.
KO‘P ERTAK ESHITGANDIM
Uyimizdagi dostonxonlig-u matalgo‘yliklar mening uchun o‘z qadrdon dunyom edi. Rahmatli otam Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozovlarning qo‘shiqlarini Go‘ro‘g‘li va Avazxon dostoni-yu Furqat g‘azallarini yaxshi ko‘rardilar. Saidumar amakim, Islomiddin tog‘amdan Xaziniy, Xo‘ja Xofiz g‘azallari-yu, ko‘p qismli tuganmas xalq afsonalarini tinglar edik. 41-yilgi urushning barcha azob-u mashaqqatlarini tortgan, yetti marta yaralanib, sog‘-omon qaytib kelgan otam nemislar bilan bo‘lgan ko‘p janglarning tafsilotlarini juda qiziqarli qilib aytib berardilar. Va albatta, tushlarimga urush kirardi. Bir gal qishlog‘imizni nemis samolyotlari bombabo‘ron qilib, fashistlar bosib olmoqchi bo‘lishgan. Shunda tushimda otam bilan nemislarga qarshi jangga kirganim kechagina tomosha qilganim kinolarday. Ular xilma-xil, ranglilari ham, oq-qora tasvirdagilari ham bor. Tushlarning o‘zi alohida bir kitob bo‘lgulik. Ular ham xuddi bolaligimday – hech qachon esimdan chiqmaydi.
QOR YOQQAN KECHALAR
“Turinglar, turinglar, qor yog‘ibdi, turinglar!” rahmatli otam har qor yoqqanda bizni shunday uyg‘otardilar. Yana bir tong “Turinglar, sizlarga bir narsa olib keldim”, – deb uyg‘otdilar. Opam, akam va men ko‘rpalardan bosh ko‘tardik, ne ko‘z bilan qaraylikki, issiq pechning yonida uchta buzoq hurkib, hayratlanib, mo‘ltirab bizga qarab turibdi. Tashqarida qahraton qarsillaydi, buzoqlar bizga, biz buzoqlarga qaraymiz. Uch sigirimiz bir kechada baravariga bolalagan, og‘ilxona sovuqligi uchun, otam buzoqlarni eski choponga o‘rab, quritgani uyga olib kelgan ekanlar. O‘sha kuni sut, qaymoq serob bo‘lgan edi. Otam negadir “Turinglar” emas, “Turunglar” deb “u” ga urg‘u berardilar. Hozir ham qish paytlari qor yoqqanda, saharlarda qulog‘im ostida bu ovoz yangrayveradi, lekin endi uyg‘ongim kelmaydi... Yana tuproq supamizda fonus nurida otamning qo‘llarida qaltiragan ol muqovali kitob – Furqatning g‘azallari va otamning “Fig‘onkim, gardishi davron”ni mahzun tovushda o‘qishlari... hech hayolimdan ketmaydi. Otam Furqatni yaxshi ko‘rardilar, ukamga ham Furqat deb ism qo‘ydilar. Qazo qilganlarida esa yostiqlarining ostidan Mashrabning devoni chiqdi, bu kitob hozir ukam Furqatning qo‘lida.
Qishlog‘imiz tepasidagi kengliklarda yoyilgan podalar ko‘z oldimga keladi. Bolalikda eng jonga tekkan mashg‘ulot – jaziramada poda boqish edi. Buqachalar dumini xoda qilib qochardi, podaning boshi uzumzorlarga urardi o‘zini, yarmi bug‘doyzorlarga qarab yugurardi, keti esa paxtani bosardi. Qo‘lida tayoq – jiyanim Najmiddin toberolmay izillab yig‘laydi. Poda – injiq, bepisand poda bizning gapga kirmaydi, kengliklarga yoyilib, tarqab ketadi, qorovul qishloq ko‘chalari bo‘ylab meni quvib yuradi, men podani ham, jiyanni ham tashlab qochib ketaman. Bizni olib ketgan u podalar keyin qaytib keldi, bolalik esa qaytmadi.
Tomimiz tepasiga chiqib yoki qishlog‘imiz yonboshidagi tepaliklarda o‘tirib olib, olisdagi adir-tog‘larni tomosha qilish ham sevimli mashg‘ulotlarimdan edi.
SAMARQAND SOG‘INCHI
Opam Samarqandga o‘qishga kirganlaridan keyin bir gal otam “O‘sha tog‘larning orqasida Samarqand bor”, deganlaridan so‘ng Samarqandni sog‘inadigan bo‘ldim. Bu afsonaviy tilsim shaharni ko‘rgim kelaverardi. Bolalikdagi soylar, tiniq jilg‘alar-u irmoqlardagi suvlarning qayoqlargadir oqib ketishlari ham bir ajabtovur hayollar-u o‘ylarga g‘arq etardi. Men shunday mushfiq va go‘zal diyorda, ma’suma qizlarning ko‘zlari-yu kokillari aro, ohanglar-u qo‘shiqlar dunyosida kamol topdim. 7-sinfdan boshlab men uchun haqiqiy ma’noda kitob o‘qish va mutolaa yillari boshlandi. Opam Samarqanddan ta’tilga kelgan kunlarning birida uyga kirsam, jomadoni ochiq, uning ichida muqovalari yirtiq, o‘qilaverib titilib ketgan bir kitobchaga ko‘zim tushdi. Opamdan so‘ramaganim uchun botinmaygina oldim. Kitob muallifining ismidan oxirgi uch xarfi, yani “...lla” esimda qolgan, bu tomonida esa “Oripov” degan yozuv, kitobchaning nomi “Onajon” edi. Birdan o‘qishga sho‘ng‘ib ketdim. Bu – mening o‘sha paytdagi zamonaviy she’riyatimiz bilan ilk uchrashuvim edi. Opam kitobchani menga bermadi, “Birovniki, qaytarishim kerak”, deb olib ketdi. Lekin mening daftarimda ko‘chirib olganim “Onajon” she’ri qoldi. Xullaski, aytsa gap ko‘p. Binobarin, bugunga kelib, she’riyat deb atalmish, ulug‘ ustozlarning nazarlari muntazam nazorat qilib turguvchi og‘ir, mashaqqatli yo‘lda, rohat-u azoblari ham bisyor nazm so‘qmoqlarida bir satrgina arzirli she’r aytgan bo‘lsam, avvalambor, o‘zim o‘sib-ulg‘aygan shu muhit sabab deb o‘ylayman.
Ilk yozgan she’rimni eslay olmayman-u, lekin aytgan she’rim yodimda: Bu – Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning “Fig‘onkim, gardishi davron...” satri bilan boshlanguvchi ma’lum va mashhur g‘azali edi. Rahmatli otam Furqatdan ko‘p o‘qirdilar, ovoz chiqarib hammamizga – opa-singillarimga, akamga, menga o‘qib berardilar. Ayniqsa, shu g‘azalni yaxshi ko‘rardilar. Ko‘p marotaba takrorlanganligi uchun yodimizda qolgan.
Haqiqiy mutolaa muttasil kitob o‘qish har bir shoir uchun nihoyatda zarur deb o‘ylayman. Tong otar mutolaalar – mening uchun haqiqiy orzu, armon. Hayotimda kitob o‘qilgan, she’r yozilgan tonglarim ko‘p bo‘lgan. Biroq ko‘pincha kech uxlaganim uchun bu borada qat’iy metin tartib qoidaga erisholmadim. Misol uchun, hazrat Navoiyni tong pallasida turib mutolaa qilmoqqa ne yetsin...
ZABT ETILGAN CHO‘QQI
– 1974-yilning 15-iyulida o‘rta maktabni bitirib o‘qishga kelganimda Toshkent temir yo‘l vokzalida odamning ko‘pligi-yu g‘ala g‘ovurdan gangib qolganman, dashtdan kelgan bir maysaday his qilganman o‘zimni. Dorulfunun – hozirgi Milliy universitetimizning juda ham baland tuyulgan bosh binosini ko‘rganimda ikkinchi bora tom ma’noda hayratlanganman. Qanchalik baland tuyulmasin, men bu yuksak cho‘qqini baribir zabt etmog‘im shart, degan bir qat’iy qaror ham, ishonch ham bor edi. Keyin o‘sha yili dorulfununning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim. Bu voqea mening hayotimdagi eng go‘zal, eng aziz bayramlardan biri bo‘lib qoldi. Bu tomoni – hayot, she’rlar, kitoblar, diydorlar-u ayriliqlar. Bu yillar davomida Toshkent – erkaliklarimiz, injiqliklarimizni birdek ko‘targan bu bag‘rikeng, qadrdon shahar sog‘inchlarim poytaxtiga aylandi desam, lof bo‘lmas.
Sen – G‘afur G‘ulomning hayot qo‘shig‘i
Oybek, Shayxzodaning ko‘ngil eshigi.
Beshiklarga to‘lsin uylaring, shahrim,
Ey ulug‘ zotlarning mangu beshigi.
“Yashasin, yomg‘irlar” kitobidan olindi.