Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ikki kundalik

Yaqinda qiziq voqea yuz berdi. Uni hikoya qilishdan oldin aytib o‘tayki, bu kabi g‘aroyib hodisalar faqat ertaklarda yoxud fantast yozuvchilarning romanlarida uchraydi deb yurardim. Adashibman... Xullas, ta’tilning farahbaxsh oqshomlaridan biri hovlimizdagi keksa tol tagida, ariq bo‘yida xayol surib o‘tirsam, suvda bir qora narsa suzib kela boshladi...ustidagi yaltirog‘i oy nurida jilvalanar, bu xuddi yarim tunda daryoda suzib kelayotgan chiroqlari yoniq kemani eslatardi. Men bu manzaradan ko‘zimni uzolmay qoldim. “Kemacha” ohista suzib kelib, “Shalp!” etib oyog‘imga urildi. Cho‘chib tushdim. Qarasam, unga mahliyo bo‘lib, ariqqa tushib ketibman. “Kemacha”ni sekin qo‘limga oldim. U sun’iy charmdan qilingan, silliq, chiroyli portfel ekan. Qayerlardan “suzib” kelayotir, kimniki, nega aynan shu ariqdan oqib keldi?.. Bu savollarga javobni portfelni ochibgina topishim mumkinligini o‘ylab, uni uyga olib kirishga jur’at qildim... Ochib qarasam, unda ikkitagina umumiy daftardan boshqa narsa yo‘q. Birining muqovasiga qalin, yirik-yirik harflar bilan “Kundalik” deb yozib qo‘yilgan. Ikkinchisi ham kundalik, voqea hodisalar, ko‘ngil kechinmalari yozib boriladigan shaxsiy daftarlar. Ayvon chirog‘ining yog‘dusida bir soatga qolmay ikkovini ham o‘qib chiqdim. Afsuski, kundaliklarning egalari kimligini, ikki daftar nima uchun portfeldan joy olib qolganini bilolmadim, chunki ism-shariflar yozilmagan ekan. Ammo, mazmuniga qaraganda, ular bir maktabning o‘quvchilari bo‘lib tuyuldi. Shu bois ularni shartli ravishda “A’lochi o‘quvchi kundaligi” va yaxshi niyatda “A’lochilikka nomzod kundaligi” (“Qoloqvoy” yoki “Bilmasvoy” deyishga tilim bormadi) deb nomladim.

Kundalikdagi ba’zi gaplar sizni ham qiziqtirsa kerak deb, ulardan ayrim joylarini o‘qib bermoqchiman.


 

A’lochi o‘quvchi kundaligidan

 

6-fevral. Adabiyot muallimimiz Xayriddin aka Navoiy bobomizning tug‘ilgan kunlariga atab tayyorlayotgan “Navoiy va Boyqaro” sahna ko‘rinishining repetitsiyasini ko‘rishga kirdilar. Men Navoiy, sinfdoshim Muhammadbobur Husayn Boyqaro rolini ijro etyapmiz. Ustoz sahnada o‘zimizni erkinroq tutib, tabiiyroq gapirishimizni maslahat berdilar.

 

A’lochilikka nomzod o‘quvchi kundaligidan

 

9-fevral. Bugun zo‘r kun bo‘ldi. Navoiyning tug‘ilgan kuni, deb hamma katta zalga yig‘ildi. O‘qituvchilar ko‘ziga bir ko‘rindig-u men, Jamshid, Avaz uchovimiz sekin “quyonning rasmini chizdik”. Baqaloq Avaz uyimga borib, bir to‘yib uxlayman, deb jo‘nab qoldi. Jamshid ikkalamiz rosa aylandik.

 

A’lochi o‘quvchi kundaligidan

 

14-fevral. Bugun Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning tavallud topgan kunlari. A’lochi singillarim Nilufar bilan Mohinurga “Boburnoma” kitobini sovg‘a qilmoqchiman.

 

A’lochilikka nomzod o‘quvchi kundaligidan

 

5-mart. Matematikadan “2” oldim. Kecha ona tilidan shunday baho olgandim. Shu fanlardan yomon bezor bo‘lganman. Matematikani boshimga uramanmi? “Ildiz”, “formula”, “tangens”, “kotangens”, “sinus”, “kosinus” – bari jonga tegdi. Ona tilining ham keragi yo‘q. Men katta biznesmen bo‘laman! Matematika yoki ona tili o‘qituvchisi emas...

 

A’lochi o‘quvchi kundaligidan

 

16-mart. Chorak baholarimning hammasi “5”! Geografiya fanidan tuman olimpiadasida g‘olib bo‘ldim. Otam “hamma fanlardan “besh” olsang, yozgi ta’tilda Samarqand shahriga olib boraman”, deb va’da berdilar. Televizorda Registon maydonini ko‘p ko‘rganman. Uni dunyoning eng go‘zal mo‘jizalaridan, deyishadi. Samarqandga judayam borgim kelyapti!

 

A’lochilikka nomzod o‘quvchi kundaligidan

 

1-aprel. O‘qituvchilarga ham hayronman, hazilni tushunishmaydi. Fizika muallimimiz Sayfiddin akani birinchi aprel hazili, deb aldamoqchi bo‘lgandim, tutib olib qulog‘imdan cho‘zdi. Nima, men unga yosh bolamidim! Hamma bir-biriga hazillashadi-ku, bu kunda. Men ham yomon ish qilganim yo‘q – u kishi dars o‘tayotgan fizika laboratoriyasi eshigini taqillatib, “Domla, sizni kimdir maktabimiz darvozasi oldida so‘rayapti”, dedim. U kishi kim ekan, deb chiqdi. Shundan so‘ng bu mening birinchi aprel hazilim ekanini aytganimda... Ko‘ramiz katta biznesmen bo‘lib olay, bu qilmishini eslataman hali!..

 

A’lochi o‘quvchi kundaligidan

 

9-may. Bugun Xotira va qadrlash kuni. Otam, akam va men rahmatli bobomning qabrlarini ziyorat qildik, u yerdan chiqib bobomning ukalari – Ibrohim bobomning uylariga bordik. U kishi ham xuddi akasi – katta bobom kabi urush qatnashchisi. Bizga urush yillari, undagi qiyinchiliklar haqida gapirib berdi. “Bugungi tinch, farovon kunlarimiz uchun shukur qilishimiz kerak”, dedi.

 

A’lochilikka nomzod o‘quvchi kundaligidan

 

9-may. Bugun zo‘r kun. Maktabga bormayman. Mana shunday dam olish kunlarini juda yaxshi ko‘raman-da! Miriqib televizor tomosha qilaman, kompyuter o‘ynayman. Oh, qaniydi har kuni shunday bo‘lsa!

 

A’lochi o‘quvchi kundaligidan

 

25-may. Bugun ham xursandman, ham xafaman. Xursandchiligim boisi, menga yaxshi o‘qiganim uchun faxriy yorliq berishdi. Xafaligim sababi esa, sinfdoshlarim bilan uch oy ko‘risholmayman, qadrdon maktabimdan shuncha vaqt uzoq bo‘laman... O‘qituvchilarimni ham sog‘insam kerak.

 

A’lochilikka nomzod o‘quvchi kundaligidan

 

25-may. Hamma a’lochilarga Maqtov yorlig‘i berishdi-ya! Nima, mening ulardan kam joyim bormi? “5”ga o‘qimasam ham, darslarda ko‘p qatnashganman. Qoldirgan bo‘lsam, to‘rt-besh marotaba dars qoldirgandirman. Olgan “ikki” baholarimni qaytadan o‘qib kelib, “to‘rt”ga aylantirganman. Men ham mehnat qilganman. Shularni hisobdan olishmadi-ya! Mayli, hali katta biznesmen bo‘lib olay, hammaga ko‘rsatib qo‘yaman...


 

Negadir kundaliklarda 25-maygacha bo‘lgan voqealar yozilgan edi. Bilmadim, balki kundalik tutgan tengdoshlarimizning ta’tilda yozishga vaqtlari... Balki, kundaliklarini o‘sha kuni yo‘qotib qo‘yishgandir.

Mabodo egalari topilsa, daftarlarni albatta qaytaraman. Mayli, bu o‘z yo‘liga.

Bolalar, siz ushbu bitiklardan qanday xulosa chiqardingiz, shunisi muhim...

 

Kundaliklarni yaxshi bolalarning sinfdoshi ELMUROD topib berdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.