Oqtosh bag‘rida
Ta’til boshlanishi bilan aksariyat bolalar so‘lim maskanlar, oromgohlar bag‘riga oshiqadi. Men bolalarning ta’tildagi hayotlari bilan tanishish uchun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qarashli Oqtosh bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi tomon yo‘lga chiqdim.
– Oromgohimiz bugun 480 o‘ringa ega. Bolalar dam olish kunlari bir mavsumda 18 kunni tashkil etardi. Hammasi bo‘lib uch mavsum ishlar edik. Bu yildan esa yana ham ko‘proq bolalarni qamrab olish uchun har bir mavsum 14 kunlik qilinib, yana bir mavsum qo‘shildi. Endi bolalar ta’tilni yana ham mazmunli, qiziqarli o‘tkazishi uchun ko‘ngilochar tadbirlarni ko‘paytirdik, – dedi oromgoh boshlig‘i Mirkomil aka Mirfayziyev. U kishi kutubxonachi Dilorom opa Qurbonovani menga hamroh etib tayinladi. Tekis, bejirim yo‘lak bo‘ylab yurarkanmiz, ertaklar mamlakatiga tushib qolgandek edim. Podshoh qasrlarini eslatuvchi biri-biridan chiroyli, salobatli, zamonaviy arxitektura va dizayn asosida qurilgan binolarni ko‘rib hayratlanib borardim.
Dilorom opa bilan eshigi tepasiga “kutubxona” deb yozilgan saroy kutubxonasini eslatadigan binoga kirdik. O‘qiyotgan asariga berilib ketgan bolalarni ko‘rib, to‘g‘risi, o‘zimning ham kitob o‘qigim keldi...
– Mingdan ortiq badiiy kitob bilan boyigan kutubxonamiz hamisha bolalar bilan gavjum. Bolalarimizda kitob mutolaasiga bo‘lgan ishtiyoq ortib borayotganini ko‘rib xursand bo‘lamiz, – deydi Dilorom opa.
Kutubxonadan chiqib qator binolar ayvoniga o‘tdik. Har xil mashg‘ulot bilan shug‘ullanayotgan bolalarga ko‘zim tushdi. Ular oddiy qog‘ozni turfa xil buyumlarga, sehrli mahluqlarga aylantirishardi.
– Bu qog‘oz o‘yinchoqlaring buklanib, g‘ijimlanib ketmaydimi? Bir-biriga ulangan bo‘laklar ajrab ketsa-chi? – deya qo‘llari tinimsiz nafis harakatdagi qizaloqqa yuzlandim.
– Yo‘q, ular buklanmaydi ham, g‘ijimlanmaydi ham, ajrab ham ketmaydi. Bularning oldini olib, avval yaxshilab ishlov orqali tik holga keltiriladi. Yoqimtoy jonivorlar ko‘rinishi paydo bo‘ladi. Kecha quyoncha va qushlar, bugun esa toshbaqa yasadim. Endi uni ustidan oq bo‘yoq surtib, quyoshda quritib olaman. Ularni qattiq, qalin qog‘ozlardan yasash ham mumkin. Shakllar yana ham mustahkam bo‘lishi uchun laklab chiqamiz. Ular ko‘p o‘tmay barchaga manzur o‘yinchoqlarga aylanadi. Boshida bolalarning harakatlarini qiziqib kuzatayotganimni sezgan to‘garak rahbari Komila opa Rahmonova, sen ham to‘garagimizga a’zo bo‘lsang, shunday jonivorlarni yasay olasan, dedilar. Darhol a’zo bo‘ldim, hozir esa bir-biridan qiziq ertak qahramonlarini yasay olaman. O‘zim Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 35-maktabning 6-sinfiga o‘tdim. Uyga borgach, ukalarimga o‘yinchoqlar yasab beraman, – mamnun jilmaydi Laura Nisanbayeva.
Lauradan sal narida “Tasviriy san’at akademiyasi” to‘garagi a’zolari chizayotgan turli-tuman rasmlarni ko‘rib dilim yanada ravshan tortdi. Rassom bolakaylardan birini savolga tutdim.
– Rasm chizish – sevimli mashg‘ulotim. O‘zim chizgan kutilmagan tasvirlarim bilan tuman maktablariaro tanlovlarda ishtirok etaman. Bu yerdagi to‘garak rahbari Elvira Mindubayeva bizga atrofni kuzating, ko‘zingiz nimani ko‘rsa o‘z holicha tasvirlang, deb o‘rgatadilar. Oromgohga kelganimdan juda xursandman, – deydi Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 114-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Hojiakbar Sohibov.
Dilorom opa “Hozir Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tadbirimiz boshlanadi”, deb meni oromgohning kichik amfiteatri tomon yetakladi. U yerda quvnoq she’r va qiziqarli masallari orqali bolalarga yaxshi tanish bo‘lgan ustoz Muxtor Xudoyqulovni uchratib qoldim. Muxtor aka o‘zining she’rlaridan o‘qib davraga fayz kiritdi. Dilorom opa esa “30-iyun – Yoshlar kuni”ga oid viktorinani boshlab yubordi. Bolalarning bilimdonligi-yu hozirjavobligiga tan bermay iloj yo‘q. Zukko va faol bolalarga “Gulxan” jurnallaridan ulashdim, Muxtor aka esa yangi kitoblaridan tortiq etdi. Ayni shu dam davraga kirib kelgan Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyining ansambli jozibali kuy va qo‘shiqlari bilan tadbirga yana ham fayz kiritdi. Men esa zimdan atrofga, bolalar yuz-ko‘ziga qarayman, hammaning shodlikdan ko‘zlari chaqnaydi.
Ha, oromgoh bolalari ham tinimsiz intilib, izlanib, vaqtni qadrlab ta’tilni mana shunday foydali va mazmunli o‘tkazmoqda.
Bekmurod ABDURAIMOV