Ilm – tinchlik va doʻstlik koʻprigi
Xabaringiz bor, 9-15 may kunlari poytaxtimizda kimyo fani bo‘yicha 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi o‘tkazildi. Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tashkillashtirilgan olimpiadada Avstriya, BAA, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Xorvatiya, Suriya, Qirg‘iziston, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Isroil, Ozarbayjon, Armaniston hamda O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.
Yurtimiz yoshlari ushbu olimpiadada 2008-yildan boshlab qatnashib kelmoqda. Bu yil jamoa tarkibiga saralangan 12 nafar o‘quvchining 7 nafari Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil oladi.
Xalqaro olimpiadada 5 nafar rossiyalik o‘quvchi, Turkiya, Isroil, Belarus respublikasidan bir nafardan o‘quvchi hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Azimjon Jamolov oltin medalga munosib topildi. Olimpiadaning mutlaq g‘olibi sifatida, rossiyalik Ignatiy Tarabrin Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Valeriy Lunin nomidagi maxsus pul mukofotiga munosib deb topildi. Olimpiada uch bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar kimyo fanidan 8 ta nazariy masalalarni yechdilar. Ikkinchi bosqichda 15 ta nazariy masalalar ishlandi. Bulardan 5 tasi o‘quvchilar tomonidan ixtiyoriy tanlab olindi. Keyingi bosqichda kimyodan 5 ta amaliy laboratoriya o‘tkazildi. E’tiborli tomoni shundaki, yurtimiz terma jamoasidan ishtirok etgan o‘quvchilarning 10 nafari medallarga sazovor bo‘lishdi. Sovrindorlarga kelgusida oliygohlarga kirish imtihonlarida kimyo fanidan eng yuqori ball beriladi. Bundan tashqari, Moskva davlat universiteti olimpiada sovrindorlarini imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilishi ko‘zda tutilgan.
2008-2020-yillar mobaynida o‘tkazilgan kimyo Olimpiadasida yurtimiz o‘quvchilari jami 84 ta medalni qo‘lga kiritdilar. Oxirgi ikki yilda pandemiya sababli u onlayn tartibda o‘tkazilgan edi.
Aytish kerakki, Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi 1948-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi eng yoshi ulug‘ va nufuzli olimpiadalardan biri hisoblanadi. Bu YUNESCO tomonidan kimyo bo‘yicha maktab o‘quvchilari uchun Xalqaro olimpiadaga tenglashtirilgan yagona fan olimpiadasidir.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA