Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Katta oyi

Bugungi sahifamiz mehmoni – kino olamida o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega taniqli san’atkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Noila Toshkenboyeva. “Suyunchi”, “Katta oyi” kabi mashhur badiiy filmlarda bosh rollarni qiyomiga yetkazib o‘ynagan qahramonimiz xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan aktrisa. Ayniqsa, uning dublyajdagi iste’dodini tomoshabinlar  yaxshi bilishadi. Birgina “Esmeralda” serialida 17 ta obrazga ovoz bergan. 1000 ga yaqin xorijiy filmlarni ovozlashtirishga o‘z hissasini qo‘shgan.

Ushbu sahifamiz orqali sizga yana o‘nlab filmlardagi ijrosi bilan  manzur bo‘lgan sevimli san’atkorimiz  Noila opaning  bolaligi hamda hayot yo‘lidagi ibrat bo‘lishga arzigulik jihatlari bilan tanishtirmoqchimiz.

Bolaligim

Men 1943-yilning 22-sentabrida Toshkent shahrida tavallud topganman. Bolalik davrim urush yillariga to‘g‘ri keldi. Ana shu qiyinchiliklar tufayli o‘yinchoqlar yo‘q, o‘yin-kulgilar o‘rnini sovuq urush egallagan. Bolaligimni eslasam, ko‘z oldimda mudom buvijonim gavdalanaveradilar. Buvim do‘ppi tikar edi. Qiz bolalardagi tabiiy holat – qo‘g‘irchoq o‘ynashni orzu qilardik. Mehribon buvijonim har xil mato parchalaridan biz nabiralariga qo‘g‘irchoqlar tikib berardilar. Dugonalarimni chaqirib “Xola-xolakam” o‘ynar edik. Sal kattaroq bo‘lganimizdan keyin, bir-birimiznikiga qo‘g‘irchoqlarimizni ko‘tarib mehmonga borardik-da, karton qog‘ozdan uylar yasab, kichik-kichik pardalar osib qo‘yar edik. Qo‘g‘irchoqlarni o‘ynatayotganda o‘g‘il bolaga o‘g‘il bolacha, qiz bolaga qiz bolacha, onasiga ona bo‘lib, otasiga esa yo‘g‘on ovoz berib,  kichik sahna hosil qilardik.

Maktab yillarim

Toshkent shahar Olmazor tumaniga qarashli  rus tiliga ixtisoslashgan 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olganman. O‘qib yurgan kezlarim qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan o‘tkaziladigan to‘garaklarda faol qatnashdim. Bu kabi to‘garaklarim ko‘p edi. Xullas, kech soat beshgacha bariga ulgurar edim. To‘garak mashg‘ulotlari ma’lum bir sabablarga ko‘ra bo‘lmay qolsa, maktabdan to‘g‘ri uyga kelardim. Ota-onam ishda bo‘lardilar.  Oilada birgina qiz bo‘lganim uchun uyda yolg‘iz qolib ketardim. Zerikib o‘tirganimda, ba’zan  dugonalarim kelib meni Pushkin nomli istirohat bog‘i (hozirgi Abdulla Qodiriy bog‘i)ga olib ketardilar. Bog‘ salqin, yam-yashil bo‘lardi. U yerda turli arg‘imchoq va attraksionlarda uchib, qiy-chuv qilib o‘ynar edik. O‘shanda ko‘chma qo‘g‘irchoq teatrlarining spektakllarini ham miriqib tomosha qilar edim. Bilasizmi, hozir ham o‘sha bog‘dan o‘tib qolsam, bolaligimning beg‘ubor, qaytmas onlari chulg‘ab oladi, ancha payt xayolga cho‘mib qolaman.

Larisa degan sinfdoshim bo‘lar edi. Uning ota-onasi ko‘pincha xizmat safarlariga ketishardi. Uyda yolg‘iz qolmaslik uchun uning uyida o‘ynar edik. Uyining xonalari biznikidan kattaroqligi bois qo‘g‘irchoqlarimizni o‘ynatib, qo‘shni bolalarga ko‘ngil yozdi tomoshalar qilib berardik. Shu yetmish ikki yillik do‘stlarim bilan haligacha inoqmiz. Oyda bir-ikki marta ko‘rishib shodon, gulgun kunlarimizni xotirlaymiz.

Langar ko‘chada bizga qo‘shni bo‘lib yashagan katta hofiz Ma’murjon Uzoqov turardilar. Qizlari bilan qalin dugona bo‘lganman. Ko‘pincha darvozadan qo‘llarida dutor ko‘tarib charchagan holda kirib kelardilar. Shunda dugonam “Adam xizmatdan charchab keldilar, yur boshqa yoqda o‘ynaymiz”, – deb meni hovlidan olib chiqib ketardi. Ustoz san’atkor Zaynab Sadriyeva ham bizga qo‘shni edilar. Onam bilan dugona bo‘lishgan. Ularga juda havas qilardik.

Achchiq xotiralar

Urushdan keyingi yillar... Onam erta tongda barvaqt turib, do‘kondan non olish uchun navbatga turar edilar. Yoki ishga kech qolayotgan bo‘lsalar, navbat  olgan raqamlarini menga tutqazar va men ham qatorlashgan olomon ichidan navbatda turib, non olar edim. O‘sha uzun navbatlar, non kelishini kutgan keksalar, yosh bolalarni eslasam, yuragim allanechuk bo‘lib ketadi.

Mahalladosh doʻstlarim

Mahalladagi o‘rtoqlarim bilan juda inoq edik. Har xil o‘yinlarni – chillakmi, arqondan sakrashmi, xullas, o‘g‘il bolalarning ham o‘yinlarini o‘ynab katta bo‘lganmiz.

Sekin-sekin shu o‘rtoqlarim bilan bir jamoa bo‘lib maktabimizda spektakllar, qo‘g‘irchoq teatrlari qo‘yganmiz. San’atga qiziqishim o‘shandan boshlangan.

Shanba, yakshanba kunlari esa mening eng baxtli kunlarim bo‘lgan. Nima uchun desangiz, ota-onam hafta mobaynidagi shu ikki kunni ko‘proq menga bag‘ishlardilar. “Vatan” kinoteatriga borar edik, u yerdan chiqib, otamning eng sevimli teatri bo‘lgan O‘zbek milliy akademik drama teatriga borib, spektakl tomosha qilardik.

Hozir nabiralarimga, hadeb butun diqqatingizni telefonga jamlayvermasdan, ko‘chaga chiqib bolalikning shirin gashtini surib qoling, deyman achinib. To‘g‘ri-da, telefon, kompyuter ishlatishning ham me’yori bor.

Kitobxonlik

Aytganimdek, men rus tiliga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiganman. O‘shanda mening Vera Andreyevna degan ustozim bo‘lgan; juda ko‘p kitob o‘qigan edi. Uyga vazifa sifatida, shu kitobni o‘qiysan deb bir kitobni nomini aytardilar. Maktabdan chiqib kitob do‘koniga borardim. U yerda ham kitoblarni navbat bilan olar edik. Qo‘limizga navbatimiz raqamini  yozdirib, ancha vaqt o‘tgandan so‘ng, navbatimiz kelib, kitob sotib olar edik. Shunda birinchi o‘qigan kitobim Kuprinning asari bo‘lgan, nomi esimda yo‘q. Ota-onam aynan shu asarni o‘qish uchun kichkinalik qilasan, deb kitob o‘qishimni ta’qiqlab qo‘yishgan. Lekin qiziquvchanligim sabab, ularga sezdirmay karavotimni deraza tomonga surib, tunning oy shu’lasiga kitobni tutgan holda, ertalabgacha o‘qib chiqqanman.

Men bir kitobni o‘qishga kirishsam, o‘z hayot yo‘lim bilan solishtirib o‘qir edim. Boshqalar esa o‘zgacha tasavvur, mushohada bilan o‘zidan kelib chiqib o‘qir ekan. Buni o‘qigan asaringizning filmini tomosha qilganingizda, tushunib yetar ekansiz. “Voy, men buni boshqacha tasavvur bilan o‘qigan edim, o‘zi aslida bunaqa ekan-ku”, – deb qolarkansiz. Ya’ni, rejissor voqealarni bugungi kun muammosiga to‘g‘rilaydi va asosiy e’tiborni shu muammoga qaratadi. Meni yaqinda, “Romeo va Julyetta” spektakliga taklif qilishdi. Hozir “Romeo va Julyetta”ni nima keragi bor, boshqa asar qo‘ysa bo‘lmaydimi, kim ko‘radi uni degan o‘y bilan spektaklni ko‘rgani bordim. Voy, shunaqangi ta’sirlandim, uni sahnalashtirishgani menga shunchalik yoqdi-ki... Qarang, shu ikki oilaning kelishmovchiligi  ikki novdani halokatiga sabab bo‘ldi. Endi hozirgi kundagi oilaviy mojarolarni qarang. Ziddiyat nimalarga olib keladi? Kelishmovchiliklar yosh, navqiron avlodlarning o‘limiga olib kelmoqda. Balki, rejissorning maqsadi boshqa bo‘lgandir. Mana, yuqorida aytgan gapimning isboti. Tushunchalar, mushohadalar har xil.

Mehribonlik uyida

O‘sha vaqtda “Yoshlar” teleradiokanalida bir qancha filmlar dublyajida qatnashib kelayotgan edim. Bir kuni “Katta oyi” filmi rejissori Fotih Jalolov “Noila opa, bir yaxshi filmni suratga olayotgan edik. Asar muallifi Kavsar Turdiyeva bosh qahramon sifatida sizni ko‘rayotgan ekan. Rozi bo‘lsangiz, bir yaxshi ish qilgan bo‘lardik”, – deb qoldi. Men unga hozir ko‘p filmlar dublyajida qatnashyapman, qolaversa, suratga olish ishlari Marg‘ilonda bo‘lar ekan deb, o‘ylanib qoldim. “O‘zim rejissorlaringiz bilan gaplashaman, dam oladigan kunlaringizga to‘g‘rilab, syomka qilib olamiz, – dedilar. Film Marg‘ilondagi bolalar uyida olinadigan edi. U yerda muruvvat, shart-sharoit juda yaxshi edi. Xonalari chinni-chiroq, oshxonalari esa ko‘zni quvontirardi. Mazali shirindan-shakar taomlarini aytmaysizmi?! Film bahona bolalar bilan kelajakdagi orzulari haqida ham suhbatlashdik.

O‘sha vaqtda qishda sovuq  qotmasliklari uchun o‘z bolalarimga po‘stin palto (shuba) olishga imkoniyatim yo‘q edi. Lekin u yerdagi bolalarning barida po‘stin bor edi. Xullas, hukumatimiz tomonidan havas qilsa arziydigan sharoitlar yaratilgan ekan. Hozir ismi esimda yo‘q. Liboslar bo‘yicha mutaxassisimizning qizi ham Marg‘ilonga filmda rol o‘ynash uchun kelgan edi. Qolgan yetim bolalarning  rolini o‘sha mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bo­lalarning o‘zi o‘ynagan. Kinodagi o‘sha rus  bola yodingizdami? O‘zbekchada siz bilan mendan  ko‘ra yaxshi, ifodali gapira olardi. Rejissor shunaqa-shunaqa deysan, eplay olasanmi, deb so‘rasa, “ha, qila olaman”, deb bitta dublni o‘zida o‘ynab berardi. Juda iqtidorli va iste’dodli bola edi. Mahoratiga, muomala madaniyatiga qoyil qolganmiz. U yerdagi aksariyat bolalarning ota-onasi bor, faqat boqa olmagani uchun mehribonlik uyiga topshirgan.

Suratga olish ishlari juda uzoq davom etgan bo‘lishiga qaramay, bolalar o‘rtasida urishish-talashish kabi hodisalar umuman bo‘lgani yo‘q. Ular  o‘zlarining inoqliklari va odoblari bilan hammamizni lol qoldirishgan. Hozirgi ayrim bolalarni qanday bo‘lib ketayotganini ko‘ring! Maktabda ta’lim olish uchun barcha sharoitlar bor, ammo ularda bilimga intilish yo‘q. Yaqinda internet tarmoqlarida so‘nggi qo‘ng‘iroq paytida bir o‘quvchi faxriy yorliq bermagani uchun o‘qituvchisining yuziga suv sepganini ko‘rdik. Men aytayotgan bolalar unday emasdi, bari mehnatsevar, es-hushli, o‘zini ustida tinmay ishlaydigan bolalar edi. Shuning uchun ham Marg‘ilondagi shu “Mehribonlik uyi”ga boshqacha mehrim tushgan.

Bolalik – har bir insonning unutilmas yillari. Uni eslaganda goh quvonib, goh xayolga cho‘mamiz. Aziz o‘quvchilar, siz bolalik kunlaringizni har doim qadriga yeting. Shunda kelajagingiz chiroyli bo‘ladi.

 

Ibrohim RIXSIBOYEV suhbatlashdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.