Yorqin kelajak sari
Jurnalning iyun sonini nashrga tayyorlar ekanmiz, eng avvalo, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga e’tibor qaratdik.
Darhaqiqat, mamlakatimiz kelajagining bunyodkori sanalmish bolalar va o‘smirlarning, yoshlarning har tomonlama bilimli, sog‘lom, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlay oladigan, o‘rni kelganda dunyolarga bo‘ylashadigan bo‘lib voyaga yetishi uchun mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bolalar huquq va manfaatlari borasida barcha masalalar ijobiy hal qilinmoqda. Sizning mustahkam bilim olishingiz uchun davlat hisobidan juda katta mablag‘lar ajratilmoqda. Bularning bari siz uchun aziz o‘quvchilar, sizning yorqin kelajagingiz uchun.
Yozgi ta’til kunlarini boshlab yuborgan muxlislarimizga esa, maroqli hordiq tilaymiz. Ta’tilning har bir kunini mazmunli o‘tkazish uchun yaxshi kitoblarga hamroh bo‘lishlarini maslahat beramiz. Qolaversa, barcha “Barkamol avlod” markazlari, sport to‘garaklari, sog‘lomlashtirish majmualari sizlar uchun butun ta’til davomida ishlab turadi.
“Gulxan”ga obuna bo‘lgan bolalar esa aslo zerikishmaydi. Chunki ijodiy jamoamiz jurnalni yanada qiziqarli, mazmunan boy qilib tayyorlashga bel bog‘lagan. Ha aytgancha, ta’tilni qanday o‘tkazayotganingiz haqida albatta bizga yozib, elektron pochta va telegram kanalimiz orqali yuboring. Balki siz, fermer yoki tadbirkor ota-onangizga yordam berayotgandirsiz? Yuqori sinf o‘quvchilari, hunarmandga shogird tushib, ish o‘rganayotgandirsiz? Eng muhimi, yoz faslining uzun kunlarida bekor qolib, nima qilishni bilmay, vaqtingizni behuda suvga oqizmasangiz bo‘lgani. Chunki xalqimizda hikmatli maqol bor, “Vaqting ketdi, naqding ketdi” degan. Donishmandlardan biri “Eng katta qashshoqlik bu – bilimsizlikdir” degan ekan. Zero bilim – barcha eshiklarning qulfini ochuvchi kalitdir.