Isʼhoqxon Toʻra Ibrat
Ma’rifatparvar shoir, olim, sayyoh, matbaachi va muallim Is’hoqxon To‘ra Ibrat 1862-yil Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida ziyoli oilasida tavallud topgan.
Otasi Junaydulla xo‘ja, onasi Hurbibi otin xat-savodli kishilar bo‘lib, maktabdorlik qilishgan. Is’hoqxon ota-onasi qo‘lida savod chiqardi.
Ibrat 1886-yili Qo‘qon madrasasini tugatgach, ona qishlog‘i To‘raqo‘rg‘onga qaytadi va “Usuli qadim” qabilidagi maktablarni isloh etib, jadid maktablarini ochishga kirishadi. Ammo ko‘p o‘tmay, mutaassib kimsalar tomonidan bu ilm o‘choqlari “kofirlar maktabi” tamg‘asi bilan taqiqqa uchraydi. Shundan so‘ng u 1887-yilda Makka safariga otlanadi. Is’hoqxon Ibrat Qobul, Istanbul, Jidda, Makka, Madina kabi shaharlarda bo‘lib, so‘ngra Hindistonga yo‘l oladi; bir muddat Kalkutta, Mumbay, Dehli shaharlarida yashaydi. G‘arbning Bulg‘oriya – Sofiya, keyin Afina, Rim shaharlarida bo‘ladi. Safar davomida arab, fors, hindi, urdu, ingliz tillarni o‘rganadi va eng muhimi, yozilajak ilmiy asarlari uchun boy material to‘playdi.
Ibrat 1896-yili Namanganga qaytib keladi. Ko‘p o‘tmay uning “Lug‘ati sitta al-sina” asari maydonga keladi.
1901-yilda chop etilgan bu asar keyinchalik o‘zbekcha-ruscha va ko‘p tillik lug‘atlar yaratilishida muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ibrat “Jome’ us-xutut” asarida (1912) dunyodagi qirqdan ortiq tillar va yozuvlar haqida ma’lumot beradi. Shundan so‘ng “Tarixi Farg‘ona” (1916), “Mezon ul-zamon”(1928) asarlarini yozadi.
Is’hoqxon Ibrat matbaachi sifatida 1908-yildayoq Namanganda “Matbaai Is’hoqiya”ni tashkil etib, kitoblar nashriga kirishadi, ilmiy, tarixiy, badiiy asarlar bilan birga, zamonaviy mavzulardagi ilm-ma’rifat va ma’naviyat rivojiga xizmat qilishga yo‘naltirilgan ko‘plab kitoblarni chop etadi.
Ibratning milliy kutubxona, kitobxonlik ishlarining ilk tashkilotchisi sifatidagi xizmatlari ham beqiyosdir. U asos solgan “Kutubxonai Is’hoqiya” fondi bu jihatdan ancha boy bo‘lib, kitob berish va olish ma’lum tartib-qoida asosida yo‘lga qo‘yilgan edi.
Ezgu va xayrli ishlari tufayli xalq hurmatini qozonib, qozilik darajasiga ko‘tariladi. 1937-yilga kelib uning barcha faoliyatiga chek qo‘yildi, kitoblari yoqib yuborildi. O‘zi esa qatag‘onga uchradi. Faqat istiqlol davriga kelib, adibning muborak nomi va benazir ijodi asl qadr-qimmatini topdi. Olim tug‘ilib o‘sgan To‘raqo‘rg‘onda uy muzeyi tashkil etildi.