Ilmning boshi
Bir olim odobning koʻrinishlari haqida suhbatlashish uchun oʻz shogirdlarini uyiga chaqirdi. Bu suhbatga keksa ustozini ham taklif qildi.
Olim shogirdlariga munozarani boshlab turishni aytib, oʻzi taom tayyorlash uchun chiqdi.
Olimning ustozi biroz kechikib kelib, suhbatni boʻlmay, poygakka oʻtirdi. Yupun kiyingan qariyaga hech kim eʼtibor bermadi. Yigʻilganlarning hammasi bir-birlarini kutmay, baqir-chaqir qilib fikr aytishardi. Shu orada xonaga olim kirib keldi. Ustozi bilan koʻrishib, hol-ahvol soʻrashayotgan paytda shogirdlardan biri munozaraga sabab boʻlayotgan bir masala xususida uning fikrini soʻradi. Shunda olim: “Men bu xususida avval ustozimning fikrini bilmoqchiman”, – deb qariyaga qaradi. Qariya biroz oʻylanib turib, past ovozda dedi: “Sizning munozarangiz oxiriga yetmaydi, chunki oʻzingizda yoʻq narsa ustida bahslashmoqdasiz. Bilingki, xumning ichi boʻsh boʻlganda, uning ovozi baland chiqadi. Shunda ham agar xumni taqillatsangiz, ovoz chiqaradi, boʻlmasa, jim turadi. Siz hali boʻsh xum darajasiga ham yetmabsiz”.
Ey farzand, bilginki, birovning gapini boʻlish eng yomon odat. Haqiqatni himoya qilish uchun esa baqirish shart emas.
HAQIQIY OLIM
Bir podshohning saroyiga maslahatchi kerak boʻlib qolibdi. Shu oʻringa munosib nomzodni topish uchun podshoh shahardagi barcha olimlarni saroyga chaqiribdi. Ularga bir chigal masala yuzasidan fikrlarini aytishni soʻrabdi. Navbat bilan har bir olimning soʻzini eshitibdi. Olimlar iqtidori yetgancha oʻz fikrlarini bildirishibdi. Faqat bir olim qisqa qilib “Bilmayman”, debdi. Unga masala yuzasidan berilgan savollarga ham “Bilmagan narsam haqida gapirmayman”, deb javob beribdi.
Tanlov tugagach, podshoh oʻsha gapirishni xohlamagan olimni maslahatchi etib tayinlabdi. Atrofdagilar hayron boʻlib, buning sababini soʻrashibdi. Shunda podshoh: “Faqat haqiqiy olimgina “Bilmayman” degan soʻzni ayta oladi”, debdi.
Ey farzand, ilm yetmagan narsa xususida masʼuliyatni his qilmay, bilib-bilmay gapirish qanchadan-qancha odamlarning adashishiga sabab boʻladi.
IBRATLI JAZO
Bir podshoh oʻgʻlini oʻqitish va tarbiyalash uchun shahardan tashqaridagi ustozga beribdi. Muallim qattiqqoʻl boʻlib, shahzodani qilgan xatolari uchun qattiq urishar, hatto urar ekan. Shahzoda chiday olmasdan bir kuni qochib saroyga kelibdi va otasiga arz qilib debdi: “Ota, muallim shogirdlar oʻrtasida adolat qilmaydi. Bir xil aybimiz uchun meni jazolaydi, boshqa bolalarga esa tanbeh berib qoʻya qoladi”.
Podshoh muallimni saroyga chaqirtirib, buning sababini soʻrabdi. Muallim shahzodaning soʻzlarini tasdiqlash uchun debdi: “Oddiy fuqarolarning yomon xulq va ayblari koʻzga tashlanmaydi. Lekin shunday odobsizlik shahzoda yoki podshoh tomonidan sodir etilsa, fuqaro ularga ergashib qolishi mumkin. Oʻgʻlingizga nisbatan qattiqqoʻl boʻlganimning sababi shu”.
Bu gapni eshitgan shoh muallimga sovgʻa-salomlar berib, minnatdorchiligini bildiribdi. Oʻgʻliga esa muallimning ruxsatisiz uyga qaytmaslikni tayinlabdi.
Ey farzand, yomon odat odobsizlik hisoblanadi, lekin el nazaridagi odamning shunday odobsizlikni qilishi undan ham yomondir. Agar kelajakda boshliq yoki mansabdor shaxs boʻlishga intilsang, hozirdanoq oʻz xulqing ustida qaygʻurishing lozim.
“Tarbiya” kitobidan olindi