Rahmat oʻrniga tanbeh
Oʻzbeklar azal-azaldan bolajon xalq. Bolasi uchun osmondagi oyni ham olib berishga tayyor ota-onalar koʻpchilikni tashkil qiladi. Bu kabi azaliy odatlarimizdan gʻururlanamiz. Lekin yaqinda Yaponiyadagi yurtdoshimiz Bahodir Iskandarovning “Yaponcha farzand tarbiyasi” degan maqolasini oʻqigach, oʻylanib qoldim va muallif bilan telefon orqali bogʻlandim. U koʻrgan va kuzatganlarini quyidagicha bayon qildi.
“Tokio shahrining markazidan oqib oʻtadigan daryoning ikki qirgʻogʻi – odamlar sayr qiladigan va bolalar oʻynaydigan soʻlim goʻsha. Bir kuni bolalar maydonchasiga yaqin joydagi oʻrindiqqa borib oʻtirdim. Toʻsatdan 3-4 yoshlar atrofidagi bir bolakay yuguraman deb yiqilib tushdi va oʻksinib yigʻlay boshladi. Oʻrnidan turmay, kimdir kelib koʻtarib turgʻazib qoʻyishini, erkalab ovutishini kutayotgandek yigʻlayapti. Biroz qarab turdim, negadir hech kim kelib bolani yupatmadi. Yugurib borib bolakayni turgʻazib qoʻydim. Kiyimidagi changlarini qoqib, ovutdim. Shu payt bir ayol bizga qarab kela boshladi. Fahmladimki, u bolaning onasi. Rahmat aytsa kerak deb oʻyladim. Biroq, ayol keliboq menga baqirib-chaqirib bolasini olib ketdi. Nima deyishimni bilmay qoldim. Kayfiyatim buzilib joyimga borib oʻtirdim. Kutilmaganda u ortiga qaytdi. Jahlim chiqib endi urishib tashlayman deb turgandim, ayol yaponlarga xos muloyimlik bilan gap boshladi:
– Boʻlib oʻtgan voqea uchun chin qalbimdan uzr soʻrayman. Juda ham yaxshi yigit ekansiz. Ammo bu yaxshiligingiz farzandim kelajagi, tarbiyasi uchun yomon taʼsir qiladi.
– Nimaga? Men nima yomon ish qildim? Yordam berdim, xolos.
– Toʻgʻri, siz yordam berdingiz. Ammo bir tomondan katta zarar ham qildingiz. Bola yiqilganda kimdir turgʻazib qoʻysa, shunga oʻrganib qoladi. Kelajakda ham biror qiyinchilik boshiga tushsa, qoqilsa, kimningdir yordamini kutib yashaydigan boʻlib qoladi. Oʻzining qoʻlidan hech narsa kelmaydigan, atrofidagilardan koʻmak kutadigan boʻlib ulgʻayadi. Siz kelajakda ham oʻgʻlim yiqilsa, turgʻazib qoʻyish, qiyinchilikka uchrasa, suyashni boʻyningizga olsangiz, bemalol yordam beravering.
– Axir, u juda kichkina-ku?!
– Tarbiya bolaning kichikligidan boshlanadi. Agar u qattiq yiqilib, u yer-bu yeri shikastlansa, tirnalsa, yordam beramiz. Lekin hozirgi holatda oʻzi turishi kerak!
– Farzandingiz buyuk inson boʻlsin! Ming bor uzr, – dedim”.
Muallif koʻpchilikni oʻylantirib qoʻyadigan voqeani hikoya qilgan. Beixtiyor “Bizda-chi?” degan savol paydo boʻladi. Va quyidagi javoblar quyilib keladi. Bizda bogʻchadan boshlab maktab davrida ham ota-onasiga suyanib, sal turtinib ketsa, yugurib borib ularga shikoyat qiladigan, ota-ona bilan sinf rahbarini urishtirib qoʻyadigan bolalar qancha... Oliy oʻquv yurtining kontrakt toʻlovlarini-ku deyarli ota-onalar toʻlashadi. Kichik sinflar mayli, 9,10,11-sinf oʻquvchilari taʼtil kunlarida, boʻsh vaqtlarida ota-onalariga yordamlashsalar, ayrim ishlarni qora, oq demay bajarib hayotning past-u balandini koʻrib, pishib borsalar, mustaqil hayot masʼuliyati yoshlikdan boshlab shakllanarmidi?
Siz nima deysiz, aziz oʻquvchi? Balki, bu voqeani oila davrasida, koʻpchilik bilan fikrlashib, mulohaza qilib koʻrarsiz. Sinf rahbari va sinfdoshlar bilan muhokama qilsangiz ham boʻladi.
Gulxanjon