Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Musiqa darsi muhim(mi?)

Odatda, koʻpchilik maktabda musiqa darsini ikkinchi darajali fan, deb hisoblaydi. Oʻquvchi tafakkurining boyishida maʼnaviy tarbiyasida musiqaning tutgan oʻrni haqida oʻylab koʻrishmaydi.

Agar Oʻzbekiston davlat madhiyasini bogʻcha va maktablarda musiqa oʻqituvchilari oʻrgatmasa, uni bolalarga ota-onalar oʻrgatmaydi-ku, toʻgʻrimi? Balki ota-onalar orasida bir-ikkita shugʻullanadigani boʻlar, lekin Madhiya taʼlim muassasalarida oʻrgatiladi. Oʻquv yili davomida maktabda oʻtkaziladigan musiqiy-maʼrifiy tadbir va bayramlar ham musiqa darsida oʻrgatilgan qoʻshiq va raqslar bilan mazmunli va chiroyli oʻtadi.

Bolalar milliy cholgʻu asboblari haqidagi ilk maʼlumotlarni aynan musiqa darsida oladilar. Tajribali oʻqituvchi zamonaviy texnologiyalar yordamida shu cholgʻular bilan ijro etilgan kuylarni bolalarga qoʻyib eshittiradi. Ularning yaratilish tarixi, kuylarni ijro etgan taniqli sozanda va sanʼatkorlar haqida maʼlumotlar beradi. Shunday qilib, bolalarning ong-u shuurida musiqiy merosimiz haqida tushunchalar paydo boʻladi. Bu boylikni qadrlaydigan avlod voyaga yetadi. Oʻquvchilar orasida musiqiy iqtidorga ega bolalar boʻlsa, ularga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻz navbatida, zamonaviy musiqa muallimi oʻz kasbining fidoyisi, ilgʻor pedagogik bilim va malakalar egasi boʻlmogʻi kerak.

Boshlangʻich sinflarda musiqa madaniyatining asosiy poydevori shakllanadi. Musiqa tinglash, qoʻshiq aytish, raqs tushish, cholgʻu asboblari chalish orqali oʻquvchilarda musiqaga havas va ehtiyoj uygʻonadi. Oʻzbek xalq qoʻshiqlaridan alla, lapar, yalla, terma va aytishuvlar haqida ilk saboqlar beriladi, notaga qarab kuylashning dastlabki malakalari hosil boʻladi. Bu fan oʻquvchilarda ijodkorlikni, badiiy va musiqiy didni rivojlantiradi. Men mutaxassis sifatida shunday deb oʻylayman. Siz-chi, aziz jurnalxon?

 

Muhtaram IRGASHEVA,

Toshkent shahridagi 262-maktabning musiqa oʻqituvchisi Xalq taʼlimi aʼlochisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.