Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabiatning tanti taftida

Havo toza, suvimiz serob, hosilimiz moʻl-koʻl boʻlmasa, hayvonlar va oʻsimlik turlari kamayib, yoʻqolib ketaversa, bizning yashash sharoitimiz ham yomonlashadi. Chunki inson hayoti ular bilan chambarchas bogʻliq. Inson – tabiatning bir qismi. Tabiat ajdodlardan qolgan merosgina emas, avlodlarga qolayotgan omonat hamdir.

Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda “Ekolog” jamoat birlashmasi tashabbusi bilan may oyining soʻnggi haftasida mamlakatimizning eng soʻlim goʻshasi boʻlgan Zominda ekovolontyorlar uchun tashkil etilgan oromgoh faoliyati ana shu maqsadga qaratildi. Ishtirokchilarga iqlim oʻzgarishi, ekologik muammolar, ularning sabablari, oldini olish choralari, koʻngillilar sifatida ekoloyihalar tuzish, ularni amalga oshirish boʻyicha sohaning tajribali ustozlari Nargis Qosimova, Fotima Choriyeva, Avazxon Haydarov, Nodira Alimovalar mahorat darslari oʻtishdi. Qiziqarli oʻyinlar, konsertlar, shoular tashkil qilindi. Togʻ choʻqqisi, Zomin sharsharasiga sayohat uyushtirildi.

Blogerlarning tabiatni asrash, ekologik madaniyatga bagʻishlangan videoroliklari ijtimoiy tarmoqlardagi minglab kuzatuvchilar eʼtiboriga tushdi. Demak, bu roliklar tabiat jonkuyarlari, uni asrab-avaylovchilar safini kengayishiga xizmat qiladi.

Tadbirning eng yosh ishtirokchisi – Yakkasaroy tumanidagi 110-maktabning 5-sinf oʻquvchisi Azizaxon Haydarova chinakam tabiat jonkuyari. U juda koʻp ekoloyihalarda qatnashgan. “Aqlli shahar” animatsiyasida Guli roliga uch tilda ovoz bergan. “Ekolog” jamoat birlashmasining videoroliklarida ham qatnashgan, ekologik tadbirlarning faol targʻibotchilaridan. “Oromgohda qushlar inini yasash, Eko-dizayn tadbirida qatnashish menga juda manzur boʻldi. Biz chiqindilardan chiroyli libos tikib, namoyish etdik. Yasagan inlarimizda qushlar yashab ketsa, juda xursand boʻlaman”, – deydi Aziza.

 

Muhammadali Poʻlatov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.