Imkoniyatlar eshigi
Yozgi ta’tilning so‘nggi kunlarida mazza qilib dam olayotgan aziz muxlislar. Mana, yangi o‘quv yili boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. “Yaxshi dam, mehnatga hamdam”, deydi donolarimiz. O‘ylaymanki, ta’tilning har bir kunini mazmunli o‘tkazyapsiz.
Jannatmakon yurtimizni yoshlar mamlakati deyishadi. Bu bejiz emas, albatta O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlarning, aka va opalaringizning yuqori sifatli ta’lim olishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yuzaga chiqarish uchun Prezidentimiz ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochib qo‘ydilar. Aynan mana shu imkoniyatlar tufayli O‘zbekiston farzandlari o‘z iqtidori va salohiyatini dunyo arenalarida munosib namoyish etishda davom etmoqdalar. Jurnalimizning ushbu sonida Xalqaro kimyo olimpiadasi g‘oliblari bilan tanishasiz. Bundan tashqari yaqindagina Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan biologiya olimpiadasida ham yurtimiz o‘quvchi yoshlaridan tuzilgan terma jamoa a’zolari 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, Yaponiyada o‘tkazilgan matematika va fizika olimpiadalarida tengdoshlaringiz yutuqli o‘rinlarni egallab qaytishdi.
Zamonaviy bilimlarni egallab, jahon talablariga mos keladigan darajaga ko‘tarilish o‘quvchidan har doim o‘qish-o‘rganishni, ularni qayta-qayta takrorlashni, mantiqiy izlanishni talab qiladi. Yurtimiz sharafini ko‘kka ko‘targan bu tengdoshlaringiz nafaqat o‘zi, balki ota-onasi, oilasi, hamda ona Vatani yuzini yorug‘ qilishda, O‘zbekistonda uchinchi renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shishga bel bog‘lashgan.
Yaqinda gazetalarning birida Milliy tiklanish partiyasining raisi, Oliy majlis deputati Alisher Qodirovning quyidagi so‘zlarini o‘qib qoldim: “...Kim kambag‘al bo‘ladi? Birinchi navbatda harakati yo‘q, hunari yo‘q odam kambag‘al bo‘ladi! Kimdir hayoti davomida imkoniyat izlasa, kimdir aybdor izlaydi...”.
Darhaqiqat, harakati bor, intilgan odam albatta, imkon topadi. Men bilaman, “Gulxan” jurnalini diqqat bilan mutolaa qilayotgan har bir o‘quvchi allaqachon kelajagi uchun o‘z oldiga maqsad va rejalar qo‘ygan. 2023-2024-o‘quv yilida ana shu maqsad sari dadil qadam tashlab, o‘qishni davom ettiradi.
Mustaqilligimizning 32 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!