Muhiddin OMON
Muhiddin Omon 1963-yil 18-martda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Qorakesak qishlog‘ida tug‘ildi. 1985-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirdi. “O‘zbekiston” nashriyotida, “Sog‘lom avlod uchun” jurnalida, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida xizmat qildi. Ayni paytda “Yangi O‘zbekiston” nashriyotida faoliyat olib bormoqda.
Shoirning shu paytgacha “Ko‘ngil darbozasi” (1993), “Tole fasli” (1997), “Munavvar sog‘inch” (2003), bolalar uchun “Dakang xo‘roz va uning jo‘jalari” (1999, 2006), “Sog‘lomjon alifbosi” (2005), “39 topishmoq” (2011), “Zehni a’lo, tili burro” (2012), “Buyumlar tilga kirsa” (2012) kabi she’riy kitoblari chop etildi.
Muhiddin Omon tarjimon sifatida XVI asr portugal shoiri Luis de Kamoens sonetlarini, ingliz yozuvchisi S.Moem esse va hikoyalarini, amerikalik adib R.Blox asarlarini, Nobel mukofoti laureati K.Gamsunning “Edvarda” (asliyatda “Pan”), gollandiyalik adiba Villi Korsarining “Mangu iztirob” romanlarini, rus shoirlari K.Balmont, B.Pasternak, S.Marshak, A.Barto, L.Kaminskiy, latish shoirlari Oyar Vatsietes, Imant Auzin, Peteris Zirnitis she’rlarini, Angliya xalq balladalarini, niderland shoirlari Villem Kloss, German Gorter ijodidan namunalarni rus tilidan, Mirza Hasan Qorabog‘iy g‘azallarini ozarbayjon tilidan o‘zbek tiliga o‘girdi. M.Omon “Jahon adabiyoti” jurnali tomonidan adabiyotshunos olim O. Sharofiddinov xotirasiga bag‘ishlab ta’sis etilgan mukofotning 2014-yildagi “Eng yaxshi she’riy tarjimalar uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Joriy yilda II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
U oltmishdan ortiq qo‘shiq, bir necha hujjatli filmlar ssenariysi muallifi hamdir.