Inson bir lochin…
Qush o‘lar, parvoz mudom yodingda bo‘lsin.
(Furo‘g‘ Farruxzod)
ORZUSIZ YASHAB BO‘LMAYDI
Orzular – insonga berilgan shunday go‘zal ne’matki, ular sizga uchmoq uchun qanot, suzmoq uchun yelkandir. Darvoqe, “Alvon yelkanlar” filmidagi go‘zal qiz Assolning aytganlari esingizdami: “Orzusiz yashab bo‘lmaydi...”
Boisi ular insonni butun umr harakatlanishga, yangi manzillarni kashf etishga undaydi.
Sizlarni qahramonimiz – o‘z bolalik orzularini unutmagan, hayotida juda ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘lganda ham ularning amalga oshishiga shubha qilmagan va bugun o‘sha orzular ijobatida yashayotgan Javohir Xolmurodov bilan tanishtirmoqchiman.
“FAZOGIR”LIK FAZOGIR
1992-yilda Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahrida tug‘ilganman. Bugungi kunda AQSHning Shimoliy Karolina shtati, Raley shahridagi “Raleigh Professional Flight School” uchuvchilik maktabida uchuvchi bo‘lish maqsadidagi o‘quvchilarga samo kemalarini boshqarish sirlarini o‘rgatmoqdaman.
Qiziqarli tarafi, ko‘chamizning nomi “Fazogirlar” edi. Sho‘x edim, sinfdoshlarim, yaqin do‘stlarim bilan futbol o‘ynab, ertadan-kechgacha uyga kirmasdim. Bolalik yillarimizda asosan jismoniy faol o‘yinlar o‘ynaganmiz. Chunki u paytda telefon, ijtimoiy tarmoqlar yo‘q edi-da. O‘quvchilik yillarimdan onam meni ingliz tiliga qiziqtira boshlaganlar. O‘sha paytda shahrimizdagi eng yaxshi ustozlardan biriga qatnaganman. Ustozimiz asli koreys bo‘lgan (rahmatli), darsda inglizcha plastinkalarni eshittirib, imkon boricha o‘rgatardi. Qiziqish bilan kosmonavtlar, aviatsiya, uchuvchilik haqida juda ko‘p filmlar tomosha qilar ekanman, “Men ham uchuvchi bo‘laman”, “Fazogir bo‘laman” deb orzu qilardim. Ammo qarindosh-urug‘larimizdan birorta ham bu kasb egasi bo‘lmagan.
TA’LIM HAR DOIM NAZORATDA BO‘LGAN
Qanchalik sho‘x bo‘lmaylik o‘qishimiz ota-onamiz tomonidan doimiy va qattiq nazoratda edi. Oilamizda bu juda muhim bo‘lgan. Maktabda, undan keyin litseyda o‘qidim. Davlat OTMlariga kirolmadim, keyin Toshkentdagi Singapur universitetida o‘qidim. Yo‘nalishim mehmonxona biznesi edi, shu sababli o‘qishni bitirgach, Mehmonxonada ishlash bo‘yicha hujjatlar to‘g‘rilab, Amerikaning Texas shtatiga ketdim. U yerda ham menga yoshligimdan o‘rgangan bilimlarim, o‘zimning qiziquvchanligim va tarbiyam ko‘makchi bo‘ldi.
ASLIDA, HAMMAGA QIYIN
Amerikada birinchi yil ancha qiynaldim. Texasga kelganimning ilk kunidanoq endi ota-onam, yaqinlarimdan uzoqdaligim, meni qo‘llab-quvvatlaydiganlar deyarli yo‘qligi, begona til, begona madaniyatli kishilar ichida yolg‘izligimni his etib yig‘laganman. Chindan ham, o‘sha yili umuman o‘zbeklarni ko‘rmadim. Ammo baxtimga mening shartnoma muddatim tugamasdan bir o‘zbek kishi bilan tanishdim. Ibrohim aka hujjatlarimni hal qilib berishi, buyog‘iga u bilan ishlashimni aytdi, men jon deb rozi bo‘ldim. Orzularga erishmay Amerikadan ketish yo‘q, dedim o‘zimga. Oradan vaqt o‘tdi, men yuk mashinalari haydashni o‘rgandim, shtatlar o‘rtasida yuk tashirdik. Ammo bu ham o‘xshamadi, Covid-19 davrida ishimiz yurishmay qoldi. Ammo ishlayverdim, yangi narsalarga, yangi bilimlarga qiziqaverardim. Bilardimki, qiyinchiliklarni faqat men boshdan o‘tkazmayapman, aslida, hammaga qiyin.
TASODIF – TASODIF EMAS
Inson nimanidir juda qattiq xohlasa, butun koinot uni niyatiga yetkazish payida bo‘ladi, deyishadi. Hayotimda hech narsa tasodif emas, peshonamga yozilgan taqdir.
Bir kun tanishimning yuk mashinasi oynasiga kichik samolyot maketi osib qo‘yilganini ko‘rdim. Sen ham samolyotlarga qiziqasanmi, deb hayron bo‘ldim. U esa, aslida, uchuvchi ekanligi, bo‘sh vaqtida yuk mashinasi haydashini aytdi. O‘ylab ham o‘tirmay u qayerda o‘qiganini so‘rab, bilib oldim. Ha, bu men yuqorida aytgan “Raleigh Proffessional Flight School” edi. Aytganimday, karantinda bizda ish oz, vaqt ko‘p edi. You Tubeda videolar ko‘rib, darslik-qo‘llanmalarni o‘qib, o‘sha maktabga kirdim. Mana yillar o‘tib, ayni shu uchuvchilik maktabining treneri bo‘ldim. Endi o‘zimga o‘xshab kuchli qiziqish, zavq va shijoat bilan kelgan o‘quvchilarga uchuvchilik sirlarini o‘rgataman, mustaqil parvoz qilguniga qadar birga bo‘laman.
BOLALAR BILAN GAPLASHSAM
Kasb tanlash inson hayotida juda muhim tanlov. Men siz tengi ukalarim, bolalar bilan gaplashsam ko‘pincha ularning kelajak maqsadlari, orzu qilgan kasblari haqida so‘rayman. Ularning dunyoqarashi qanchalik kengligini ham shu orqali sinayman. Ba’zilarining javoblari meni juda quvontirsa, boshqalaridan biroz ranjiyman.
Hayotim davomida o‘zimga asqatgan, eng muhim deb bilganim bir nechta qoidalarni “Gulxan” yordamida sizlar bilan bo‘lishmoqchiman:
– Avvalo, o‘zingiz kabi fiklaydigan, maqsadingiz umumiy bo‘lganlarning eng kuchlilari bilan do‘stlashing.
Ular sizning fikringizni keraksiz, chalg‘ituvchi narsalarga qaratishmaydi, balki, ular bilan birga tezroq, ko‘proq rivojlanasiz.
– Internetning zararidan ehtiyot bo‘ling. Ijtimoiy tarmoqlardan-ku, umuman voz kechsa ham bo‘ladi.
U yerda foydali narsadan zararlisi ko‘p va sizning yoshingizda ularni saralash juda ham qiyin. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik o‘z boylig-u hashamatini ko‘z-ko‘z qiladi. Ularga havas qilish sizni ta’lim, ilm-fan, san’at, buyuk maqsadlardan uzoqlashtiradi. Fikringiz sustlashib, dunyoqarashingiz pasaya boradi. Xullas, bo‘lar-bo‘lmas blogerlar sizga yomon o‘rnak bo‘lib qolishi mumkin.
– Kelajakda tanlaydigan kasbingiz qanchalik dolzarbligi, qanchalik kerakliligi juda ham muhim.
Ya’ni, siz insonlarga kerak bo‘ling, ularga manfaat keltiring. Egasidan boshqaga manfaat olib kelmaydigan kasblar ham bor, siz ularni iloji boricha tanlamang. Millatning ertasi siz-u biz ekanligimiz, unga foyda keltirish burchimiz ekanini unutmang.
– Qayerda bo‘lmang, sizda o‘ziga xoslik bo‘lishi kerak.
Hayotingizda, o‘qish-u ishingizda kimdandir andoza olish, albatta, yaxshi, ammo o‘ziga xoslik ham bo‘lsin. Bu sizni boshqalardan ajratib turadi, har doim insonlarga sizni eslatib turadi.
– Ustozlarni hurmat qiling.
Dinimizda ham ustozning martabasi ulug‘ sanalgan. Ustozlardan ular o‘rgatgan hamma bilimlarni qunt bilan o‘rganish, ularni rozi qilish eng muhim qoida. Men hamisha yangi ish boshlasam, ustozlarimning duosini olishga intilaman. Ustozlar davlat darajasida eng yuqori hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lishi kerak, menimcha.
Odamlardan ularning yaxshi ishlari, ilm-u hunarda, san’atda erishgan yutuqlari, xalqiga keltirgan foydasigina qoladi. Inson bir lochin, orzu va maqsadlari, qilgan amallari esa uning parvozidir. Siz balandroq parvoz qiling, bolalar!
Muhammadali PO‘LATOV suhbatlashdi