Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men, buvim, Iliko va Illarion

Salom, do‘stlar! Ta’til ajoyib o‘tyaptimi? Sayohatlar qilyapsizmi? Qo‘shimcha to‘garaklarga boryapsizmi? Kitob o‘qiyapsizmi? Umid qilamizki, biz tavsiya qilayotgan asarlar bilan ham tanishishni kanda qilmagansiz. Ular eng sevimli asarlaringiz safiga qo‘shilayotgan bo‘lsa ajab emas.

Bugun birgalikda ayni yozbop, hazil-mutoyiba va sarguzashtga boy yana bir roman bilan tanishamiz. Bu asarda siz kabi o‘smir yoshdagi do‘stingizning hikoyalarini tinglaysiz. Gap mashhur gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadzening “Men, buvim, Iliko va Illarion” romani haqida ketmoqda.

Nodar Dumbadze 1928-yil 14-iyulda Tbilisida raykom kotibi oilasida tug‘ilgan. U bolaligida 1930-yillardagi siyosiy qatag‘on va Ikkinchi jahon urushining og‘ir azoblarini boshidan kechirdi. 9 yoshida otasi “xalq dushmani” sifatida hibsga olindi. Onasi esa ayollarning surgun lagerlariga jo‘natildi. Yozuvchi hech bir asarida otasi haqida gapirmaydi, bu u uchun juda og‘riqli mavzu edi. 1946-yilda onasi lagerdan qaytib keladi. Bu vaqtda Nodar o‘rta maktabni tugatgan, bobosi va buvisi Olga bilan yashardi. Oradan 14 yil o‘tgach, yozuvchining o‘zi misli ko‘rilmagan e’tirof keltiradigan eng mashhur “Men, buvim, Iliko va Illarion” romanining bosh qahramoniga aylanadi. Go‘yo yozuvchi nasrining barcha o‘ziga xos jihatlari shu asarda o‘z aksini topgandek: hazil, rang-barang hayot, urush azobi. Nodar Dumbadzening asarlari dunyoning to‘qson olti tiliga tarjima qilingan. Yozuvchi nasrida insoniy qadriyatlarga muhabbatni, hayotga oshiq bo‘lgan qahramonlarni ko‘rish mumkin.

 “Men, buvim, Iliko va Illarion” asari urush davrida Gruziyaning Guriya qishlog‘ida buvisi bilan yashovchi yetim bola haqida. U yomon o‘qiydi, lekin bu uning quvnoq va sezgir bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaydi. Asar voqealari Zuriko oltinchi sinfni tugatishi bilan boshlanib, universitetni tugatgan yilgacha davom etadi. 1960-yilda nashr etilgan va neorealizm ruhi bilan sug‘orilgan ilk roman kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qishloq hayotini aks ettiruvchi va aholisi sarguzashtlari haqida hikoya qiluvchi, bir qarashda hazil bilan boyitilgan yengil matn, aslida, chuqur qayg‘u bilan to‘la. Kulgi xuddi himoya niqobidek  inson dardini yashiradi. Ota-onasiz ulg‘aygan o‘g‘ilning hayotidagi urush fojiasi, u keltirgan dard va bo‘shliqni hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmasligi ochib beriladi. Achchiq kulgi ortida muhim savollar turibdi: urush nima uchun kerak? Nega odamlar o‘lmoqda? Urush yosh avlod hayotiga qanday ta’sir qiladi?

Asardagi barcha qahramon o‘ziga xos xarakterga ega. Ular ko‘p janjallashishi, bir-birini haqorat qilishi mumkin, lekin bir-biriga qattiq mehr qo‘ygan. “Boshingga tushgan falokatni eshitganimda yuragim ezilib ketdi, – so‘z boshladi Iliko. – Tepamda xudo turibdi, rost aytyapman. Sen bilan mening ildizimiz bitta, Illarion... Senga kelgan balo – menga ham kelgani... Men seni sira xafa qilmoqchi emasdim. Axir, sen meni yakka ko‘z deganingda xafa bo‘lmayman-ku!.. Bitta ko‘zingdan ayrilsang nima bo‘pti? Kutuzov ham bir ko‘zli edi, lekin qaniydi hammayam o‘shanday ko‘ra olsa: nigohi devorni teshardi!.. Xo‘sh, bir ko‘zingdan mahrum bo‘psan, shungayam g‘am-qayg‘umi? Agarda sen bilan men ikkala ko‘zimizdan ajralsak ham o‘lmaymiz. Bir-birimizning qo‘limizdan mahkam ushlab, shu yorug‘ dunyoda yuraveramiz. Yura olmasak, mana Zurikela bizni yetaklab yuradi. Eh, qariya, qariya!” – deydi Iliko Illarion kasallik sabab bir ko‘zidan ayrilib qolganida. Qahramonlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik shu darajada samimiyki, o‘sha muhitga tushib qolishni xohlaysiz. O‘smir yigit qalbiga kirib kelgan ilk muhabbatning guvohi bo‘lasiz.

Xo‘sh, asar sizga qiziqarli tuyuldimi? Gruzin do‘stingiz Zurikoning hikoyalari bilan tanishishga tayyormisiz? Unda, albatta, bu kitobni mutolaa qiling. Tengdoshingizning xatolari va ijobiy xislatlari haqida xulosa chiqarishga urining. Quyidagi savollarga javob toping, istasangiz asar haqidagi fikrlaringizni ham yozib, telegramdagi @GulxanBilimdon manziliga yuborishingiz mumkin. Savollarga to‘liq va to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar hamda eng yaxshi insho egalari tahririyatimiz tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shoshiling, biz maktublarni 15-avgust sanasigacha qabul qilamiz.

 

Savollar:

1.  Nega Zurikoni kasal deb shifokorni aldashadi?

2.  Bolaning sevimli iti Murada nima sababdan o‘ladi?

3.  Zurikoning ilk yozgan va yaqinlariga o‘qib bergan she’ri nima haqida edi?

4.  Zuriko maktabni tugatib qaysi fakultetga o‘qishga kiradi?

5.  Illarion qaysi yozuvchidan boshqasini tan olmasdi?

6.  Iliko va Zuriko o‘tin o‘g‘risini qanday jazolaydi?

7.  Zurikoning bolaligi va yozgi ta’tillaridagiga o‘xshash qiziq voqealar sizning hayotingizda ham bo‘lganmi?

 

Shahribonu RAHMATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.