Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sarhisob

Ayni ta’til kunlarida o‘tgan o‘quv yilida erishgan yutuqlarimni sarhisob qilishga fursat topdim. 2023-2024-o‘quv yilini Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida boshladim. Maktabning tartibi, o‘qitish uslubi menga juda yoqdi. Yotoqxona va oshxonada gigiyena qoidalariga qattiq rioya qilinadi. Ustozlar bilimli, har bir o‘quvchiga o‘z farzandidek muomala qiladilar. Ayniqsa maktabimiz direktori Nigoraxon Mannopova barcha o‘quvchilarga o‘zgacha mehribonlar. Ba’zan o‘qitish jarayonini kuzatish uchun biz bilan  darslarga kiradilar. Men ularning xatti-harakatlariga qarab butun hayotini maktab va o‘quvchilar uchun bag‘ishlagan ustozni ko‘raman.

Ustozlarning bergan ta’limi tufayli bilimim 6-sinfdagiga qaraganda 70 foizga yuqoriladi. Ona tili va adabiyot fani ustozimiz Davlatjon Karimov, tarix fani ustozimiz Jasurbek Ibrohimov, algebra ustozimiz Farangiz Aminova va boshqa ustozlarimning dars o‘tish uslubi menga juda yoqadi. O‘quv yili boshida tarix fanidan ko‘rsatkichlarim pastroq edi. Ustozimning harakatlari natijasida tarix faniga juda qiziqib qoldim. Ular aytganidek, tarix ham bir ertakdek ekan.

Bu orada ijodim ham anchagina yuksaldi. Bunda olisdagi ustozlarim sirdaryolik Ahmadali Shernazarov va jizzaxlik Ro‘zimurod Bolqiyevlarning hissasi katta. Men ulardan minnatdorman. Ijodiy yo‘nalishdagi turli xil onlayn va offlayn tanlovlarda ishtirok etib, eng qimmatbaho sovg‘a –  30dan ortiq badiiy  kitoblarni qo‘lga kiritdim. Chet eldagi,  “Kenya times’’, “Raven Cage’’ va boshqa gazeta-jurnallarda mashqlarim chop etildi. O‘zbekiston va chet eldagi almanaxlarda ham ijodiy ishlarim bilan ishtirok etdim. Bu yil Qozog‘iston Respublikasi “Qo‘sh qanot” fondi qoshidagi Shoir-yozuvchilar uyushmasiga va Argentinaning xalqaro ijodkorlar uyushmasi “Juntos por las letras”ga a’zo bo‘ldim. Ayni paytda ingliz tilidan kursga bormoqdaman, ona tili va adabiyot, tarix fanidan qo‘shimcha kitoblar o‘qib, bilimimni oshirmoqdaman.

Do‘stlarim, siz ham bir yillik yutuqlaringizni sarhisob qiling. Yozgi ta’til uchun rejalar tuzing, vaqtingizni behuda o‘tkazmang.

Farzona HOSHIMOVA,

Marg‘ilon shahar Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining 7-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.