Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Masalaga yechim

Avtobusda ikki o‘quvchi manziliga yetguncha boshini telefondan ko‘tarmay o‘yin bilan mashg‘ul bo‘lib keldi, desam, “Bu oddiy hol-ku” deyishingiz tabiiy. Bugun o‘smirlarning xayolini band qilgan ijtimoiy tarmoqlardagi videoroliklar, ko‘ngilochar o‘yinlar, konsertlar,  hatto  shavqatsizlikni targ‘ib qiluvchi multfilmlar... Ular o‘quvchilarning ma’naviy olamiga salbiy ta’sir  ko‘rsatmaydi, deb kim kafolat bera oladi? O‘quvchilarni telefonga qaramlikdan qanday qutqarish mumkin?

Savollarimga javob topish maqsadida mutaxassisga murojaat qildim.

Maktab o‘qituvchisi: “Maktab dav­rimizda sevgan qahramonlarimiz haqida so‘ralganida Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Rustamxon yoki dunyo tan olgan qahramonlar haqida jo‘shib gapirardik. Hozir shu mavzuda o‘quvchilarga murojaat qilsam, ular ko‘pchilik tanimagan insonlarni qahramon sifatida ko‘rishyapti. Bugungi yoshlarning qahramonlari; futbolchi, qo‘shiqchi, kino aktyorlar, ayniqsa blogerlar. Biz aytgan tavsiyalarga quloq solishmaydi. Ular uchun virtual olam muhim bo‘lib qoldi.

Bir kuni katta tanaffus paytida sinfga ertaroq kirib hayron qoldim. 7-sinf qizlari telefonga qarab raqs tushib, qo‘shiq aytyabdi.  Orqa partada esa to‘rt-besh nafar o‘quvchi telefondagi o‘yinga mukkasidan ketgancha “Ur!”, “O‘ldir!”, “Otib tasha!” degan baqir-chaqir bilan sinfxonani boshiga ko‘tarardi.  Bu holat nafaqat o‘qituvchilar, ota-onalar,  balki jamiyat uchun ham tashvishlidir”.

Maktab psixologi: “O‘smirlik  yoshi organizmning faol o‘sish davridir. Bu paytda tananing intеnsiv  rivojlanish va yеtilish holati kuzatiladi. Bu esa bolalarning psixologik holatiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Ona va bola o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashadi. Ya’ni, farzandlar  mustaqil shaxs bo‘lishga intiladi. Yoshlarda:

–  Ishingiz bo‘lmasin

– Meni tushunmaysizlar

– Meni tinch qo‘ying, kabi so‘zlar, jizzakilik, qo‘rslik, holatlari uchrab turadi. Bundan, albatta,  ota-ona, o‘qituvchilarning ranjishi tabiiy. 

– Miyaning maksimal hajmi 14-15 yoshgacha o‘sadi. Keyin modernizatsiya bosqichiga o‘tadi. Miya o‘zidagi hujayralarni kerakli-keraksizga ajratadi va bu jarayon pastdan tepaga qarab harakat qiladi. Miyaning past qismi hissiy – zavq, xursandchilik, adrenalin uchun javob beradi. Shuning uchun bu yoshda o‘smirlarda hissiy qo‘zg‘alishlar ortib boradi. O‘rtacha 5 yil ichida miya to‘liq rivojlanadi. Oxiri, peshona qismida yakunlanadi. Shuning uchun 20 yoshdan keyin qizlarda va o‘g‘il bolalarda bosilish, quyulish boshlanadi.

Bu bosqich nafaqat o‘smirlar balki ota-onalar, o‘qituvchilar uchun ham qiyin kechadi. Lekin shu davrda bolani to‘g‘ri yo‘naltirish, unga namuna bo‘lish muammoning to‘g‘ri yechimi sanaladi.

O‘smirlardagi telefonga qaramlik muammosini qanday bartaraf etish mumkin, degan savolga javob izlab o‘smirlarning oilaviy hayotini kuzatdim. Kattalar ham o‘z muammolarini telefonga bog‘lab qo‘yganlar. Oilada sokinlik. Hamma  o‘z  “do‘sti” bilan band. Farzandining tug‘ilgan kuniga telefon sovg‘a qilgan ota-ona uning qaysi tarmoqqa kirayotgani, nimalar bilan mashg‘ulligi haqida  o‘ylab ham ko‘rmayapti.

Bu muammoga hukumat ham befarq emas. Xususan, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev tashabbusi bilan “Telefonsiz maktab” loyihasi taqdim etildi. Ushbu loyiha talablarini bajargan Angren shahri 17-maktabi 300 000 000 so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.Loyiha zaminida o‘quvchilarni ommaviy madaniyat qurboniga aylanishining oldini olish,  ularni turli oqimlardan asrash  kabi masalalar yechmi aks etgan. Farzandlarimiz qo‘liga telefon tutqazishdan avval ularga o‘zimiz namuna bo‘laylik. Ularning “o‘rgimchak to‘ri”dan qanday maqsadda foydalanishlari  ota-ona nazoratiga bog‘liq.

 

Hilola  ABDURASULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.