Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Borliq nima deydi?

Siz erta tongda borliqni  kuzatganmisiz? Maysalarning qad rostlashi, quyoshning ko‘tarilishi, suvning sharqirab oqishi, che­chaklarning ochilishi, kapalaklarning ohista uchishi singari yoqimli manzaralar e’tiboringizni tortganmi hech?

“Ko‘z o‘ngingizda yastanib yotgan yashillik olamiga to‘yib boqsangiz, ruhingiz orom oladi, hayotning zavq-shavqini his etasiz, shunday ekan, atrof go‘zalliklaridan tez-tez bahramand bo‘ling”, – deya yozadi turk adibi Rauf Denktash.

Biz ona deb bilguvchi  tabiatning o‘z ichki dunyosi, nozik qonuniyatlari bor...

Baliqko‘z degan o‘t haqida eshit­gan­misiz?  O‘zi yomg‘ir chetlab o‘tadigan sah­roda o‘sadi. Lekin, gulbarglari va po­yasiga shunchalik ko‘p suv yig‘adiki, uni qa­yerdan olganiga ajablanasiz. Saksovullarga yashiringan mo‘­jizani ham aytay. Ular erta bahorda gullab, urug‘ yig‘adi, so‘ng jazirama issiqda urug‘lari nobud bo‘lmasligi uchun gulkosalarini yumib oladi. Saratondan o‘tib olgach yana ochilib, urug‘larini voyaga yetkazadi, shu yo‘l bilan o‘z naslini davom ettiradi. Sho‘ra va shuvoqlar esa yozda suvi bug‘lanib ketmasligi uchun oldindan barglarini to‘kadi. Xullas, tabiat bag‘rida shunday o‘simliklar borki, o‘zlari mitti bo‘lsa-da, ildizlari bir necha kilogrammni tashkil etadi. Ba’zi daraxtlar esa juda ulkan, biroq urug‘i naq danak mag‘zidek kichkina.

Qadimda Luqmoni hakim o‘simliklar tilini yaxshi tushunarkan. Yo‘lida uchragan  gul-u giyohdan dov-daraxtgacha, hamma-hammasi o‘zining shifobaxsh xususiyatlari haqida ulug‘ hakimga  birma-bir so‘zlab berarkan.

 Bugungi kunda atrofimizni o‘rab turgan tirik olam bizga nimalarnidir aytmoqchi bo‘layotgani haqda bir o‘ylab ko‘raylik-a...

 

Gulchehra JAMILOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.