“Barkamol avlod bolalari” festivali Buxoroda
Shu kunlarda “Barkamol avlod bolalari” festivali viloyatlar aro o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor. Aynan bu galgi festivalning mezbon viloyati Buxoro bo‘ldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan uyushtirilayotgan ushbu festival ko‘plab yoshlarni bir yerga to‘plab, ularning iste’dodini xalqqa tanitmoqda. Bolalarning mahorati quyidagi sohalarda yaqqol aks etmoqda:
* “Madaniyat va san’at” yo‘nalishi (Tasviriy san’at va liboslar dizayni);
* “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish” yo‘nalishi (Robototexnika va konstruktorlik);
* “Jismoniy tarbiya va sport” yo‘nalishi (Shaxmat, shashka);
* “Hunarmandchilik va qo‘l mehnati” yo‘nalishi (Munchoqli bezak);
* “Turizm va ekologiya” yo‘nalishi (Karving san’ati);
* “Oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov” yo‘nalishi (Mental arifmetika);
* “Xorijiy tillar” yo‘nalishi (Ingliz tili).
Albatta, bu kabi to‘garaklar ichki turizmni rivojlantirish, ta’lim jarayonini turli innovatsion metodlardan foydalangan holda tashkil etishda qo‘l keladi. Qolaversa, o‘quvchilar o‘zaro tajriba almashib, o‘z qobiliyatini yanada rivojlantirishiga zamin yaratadi.
Festivalda 35 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar qatnashdi. Jarayon kuy-qo‘shiqlar bilan qizg‘in avj oldi. Festival yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Navbatdagi festival estafetasining egasi – Sirdaryo viloyati.
Azim AXTAMOV