Kechir, qaldirg‘och
Yozning issiq kunlari edi. Ayvonimiz shiftining burchagidagi mo‘jazgina loysuvoq iniga parto‘shak to‘shab, ikki qaldirg‘och palaponlarining uchirma bo‘lishini intizorlik bilan kutardi. Ular bolalarining qornini to‘yg‘azish uchun tinmay yemish tashiydi. Bu qaldirg‘ochlar har yilgi mehmonimiz.
Kunlarning birida – tushlikdan so‘ng mizg‘ib qolibman. Qattiq chug‘ur-chug‘urdan cho‘chib uyg‘ondim. Nima bo‘layotganini bir zum anglay olmay quloq solib yotdim. So‘ng hayron bo‘lib hovliga chiqdim. Uy burchagida gir aylanib qaldirg‘och uyasiga hujum qilayotgan afg‘on chug‘urchug‘i meni ko‘rib qochib qoldi. Men qaldirg‘och iniga yaqin bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, hali uchirma bo‘lib ulgurmagan qaldirg‘och palaponlari yerda jonsiz yotar, nariroqda esa ona qaldirg‘och ham jon taslim qilgandi. Tepasida ota qaldirg‘och charx urib mungli chirqillardi. Beixtiyor ko‘zlarimdan yosh duvillab, o‘zimni qo‘yarga joy topolmadim.
Bechora qaldirg‘ochlar! Bolalarini qonxo‘r qushlar hujumidan asrash uchun jon-jahdlari bilan olishishibdi-yu, ojizlik qilishibdi. Devordagi qonni asta silarkanman, o‘zimni aybdor his etib, tepamda chirqillab aylanayotgan qaldirg‘ochga dalda berdim. Boshini silab, mizg‘ib qolganim uchun undan kechirim so‘ragim keldi.
Bog‘imiz etagidan kichik bir joyni kavlab, qaldirg‘ochlarni shu yerga ko‘mdim.
Ota qaldirg‘och esa hamon chirqillab, boshim uzra charx urardi. Kechga tomon u ham noumidlikda g‘oyib bo‘ldi.
Shu bo‘yi qaldirg‘ochimni qaytib ko‘rmadim. Mana ikki yildirki, uyasini saqlab, intiq bo‘lib kutaman. Qaldirg‘ochdan esa darak yo‘q. Men bo‘lsa baribir kutaveraman va har bahor shu satrlar dilimda takrorlanaveradi:
Kechir, olislarga ketgan qaldirg‘och,
Har bahor intiqman, cheksiz armonim.
Tark etma, dargohing qulfin o‘zing och,
Kelaqol, bo‘l yana aziz mehmonim.
Bolalar! Qushlarni asrab-avaylashda sergak bo‘ling. Toki mendek afsusda qolmang. Axir, qushlar bizning eng yaqin do‘stlarimiz.
Saida ARIPOVA