Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kutubxona kitob saqlanadigan ombormi?

Adabiyot darsida  “Farhod va Shirin” dostonini o‘tdik. Ustoz  “Xam­­sa” asari haqida  to‘liq ma’lumot bergach, bu kitob kutubxonamizda borligini aytdilar.  Darsdan so‘ng  mak­tab kutubxonasiga kirib (u yerga obunaman), “Xamsa”ni bir haftaga o‘qish uchun oldim.  Xursand keta­yot­sam, dugonam  Muslimani uchra­tib qoldim.

– Voy, o‘rtoqjon, qo‘lingdagi “Xamsa”mi!  Sovg‘a qilishdimi? – so‘­ra­di hayajonlanib. – Men ham bir haftadan buyon shu kitobni  izla­yap­man.

– Nima, kutubxonangizda yo‘q­mi? – so‘radim hayron bo‘lib.

– I-ya, hali sen bu kitob­ni maktab kutub­xonasidan ol­dingmi? Sizlar­da ki­tobni uyga o‘qishga ham berisha­dimi? – Savolimga savol bilan  javob berdi u.

Muslimaning maktabida  kutub­xonachi  hech qachon  kitobni uy­ga o‘qishga bermas ekan. Shu yer­­da o‘qiyveringlar, derkan. Kutub­xo­namizda  badiiy adabiyotlar juda ko‘p. Ammo birorta bolaning u yerga kirib kitob o‘qiganini ko‘rma­ganman. Kitoblarni ko‘rsang hayron qolasan, hozir do‘kondan kelganday yap-yan­gi. Hayronman, kitoblar   o‘qil­­ganda qadr topadi, deyishadi. Le­kin bizning kutubxonadagi  kitoblar go‘yo o‘qish  uchun  emas, ko‘z-ko‘z qilish uchun qo‘yilgan, – dedi Muslima xo‘rsinib.

Muslima to‘g‘ri aytadi.  Kitob  o‘qilgandagina  o‘z vazifasini bajara­di. Ya’ni, kitobxonni ma’naviyatini  shakllantiradi, dunyoqarashini o‘sti­ra­di.  Javonda  o‘quvchisini  kutib sar­g‘ayib yotgan badiiy asarlarning kimga  foydasi tegadi? Axir, faylasuflardan biri bejizga “Jamoat kutubxonasi istagan kishi fikr olishi mumkin bo‘lgan ochildasturxondir”, demagan-ku! Nahotki,  maktab  kutubxonachisi asosiy  vazifasi o‘quvchilarni badiiy adabiyotga  bo‘lgan qiziqishini orttirish ekanligini bil­masa? Qalbimizda adabiyotga muhabbat o‘quvchiligimizda uyg‘onishi, ki­toblar bizning yaqin do‘stimizga aylanishi kerak emasmi?

Men o‘zimni qiynagan bu savollarimga javob izlab ustozlarga, ota-onalar va kutub­xo­nachilarga murojaat qildim.

–  Albatta, maktab kutubxonasi o‘quv­chi­­­ni komil inson bo‘lib yetishida juda katta  aha­miyatga ega. Nemis faylasufi Leybnis  ta’­biri bilan aytganda, “Kutubxonalar barcha ma’naviy boyliklarning durdonalaridir”, – dey­di “Turon”  axborot kutubxona markazi  mu­taxassisi Dilfuza opa Tursimatova. – Res­pub­likamizdagi 10130 ta maktabning 22 tasida kutubxona umuman yo‘q. Ayrim kutubxonalar  jamg‘armasini ham asosan  darsliklar tashkil qiladi. Biroq  bolaning dunyoqarashini  shakl­­lantirishda  darslik bilan birga  badiiy asar­lar­ning ham juda katta o‘rni bor. Ayniqsa, bugungi kunda  bolalar kitobxonligi davlat si­yo­sati darajasiga chiqqan pallada buni unut­maslik lozim.  Men ish tajribamdan kelib aytaman, bolalarni badiiy asarga qiziqtirishda  kutubxonachi asosiy rol o‘ynaydi.  Kutubxona – rang-barang  badiiy asarlarni ko‘z-ko‘z qilish uchun  javonlarga terib qo‘yiladigan ko‘rgazma emas.  Kutubxonaning qadri, kutubxonachining  meh­nati kutubxonaga a’zolarning soniga qarab belgilanadi. Kutubxonachi  o‘quvchilar orasida   yangi asarlar taqdimotini o‘tkazishi, mualliflar bilan uchrashuvlar, badiiy asarlar yuzasidan viktorinalar tashkil qilishi kerak. Menimcha, kitobga qiziqqan bolaga, albatta, kitob o‘qishga imkon berish kerak. Kitobni sevgan bola ba’­zi kutubxonachilar o‘ylaganidek, kitobni yirt­may­di ham, ustiga chizmaydi ham.

Sabohat Tolipova, ona:

– Ustozlar  bolalarimizga badiiy asarni to­pib o‘qib kelishni buyuradi. Uyimizda bu asar topilmagan paytda kutubxonaga boramiz. Biroq kitobni uyga berishga kutubxonachi ko‘n­maydi. Nima emish, bola kitobni avay­lamasdan, varaqlarini yirtishi, sahifalar ustiga chizib yuborishi mumkin emish. Yana ular  kutubxona fondidagi kitoblar yo‘qolishidan qo‘rqishadi. Ana shu ko‘ngilsizlik bo‘lmasligi uchun kutubxonachi ota-onalar bilan ishlashi kerak. Ota-onalar bolasiga kitob maktab mul­kiligini, uni yo‘qotish yoki yirtish mum­kinmasligini, bu kitob  boshqalarga ham  xiz­mat qilishi kerakligini tushuntiradi.

Zumrad Qurbonova – 341-maktab ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi:

Biz kutubxonachi bilan  mustahkam aloqa o‘rnatganmiz. Chunki har bitta  yozuvchining  hayoti va ijodini  o‘tar ekanmiz, o‘quvchilarni uning asarlari ro‘yxati bilan tanishtiramiz.Shub­­hasiz, bu o‘quvchilarni o‘sha muallif ijo­­diga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Ya’ni, bo­la­da kitob o‘qishga ehtiyoj tug‘iladi. Biz­da kutubxonadan o‘quvchilar to‘liq foy­dalanishadi. O‘zlari xohlagan badiiy kitobni  olib o‘qishlari mumkin. Afsus, kutubxonamiz fondi maqtangulik emas.

Dilafro‘z Ibragimova, kutubxonachi:

– 15 yildan buyon kutubxonada ishlayman. To‘g‘ri, asosiy vazifamiz o‘quvchini kitob bilan ta’minlash. Lekin bundan tashqari, hisobot to‘ldirish, kitoblar qabul qilish, ularni elektron bazaga kiritish ham zimmamizda. Zero, elektron baza ham o‘quvchilarni kutubxonadan foydalanishiga imkon beradi. O‘quv zalimiz katta, o‘quvchilar xohlasalar kechgacha o‘tirib yoqtirgan  asarlarini o‘qiy olishadi. Ba’zan  yuqori sinf o‘quvchilariga badiiy kitobni uy­da o‘qishiga ruxsat beraman. Chunki ular kitob­ning qadriga yetadi.

Ana shunaqa gaplar. Yosh­larni elektron tar­moqlardan, qo‘l telefonlaridan, internet yuho­si­dan asrash, kitobxonlikka qaytarish  dolzarb mav­zuga ay­langan paytda  yuqoridagi fikrlarga qo‘shilasizmi? Sizning maktab kutub­xonasidan ko‘ng­lin­giz to‘lyaptimi? Maktab ku­tub­xonasining  asosiy vazifasini qanday tushu­nasiz?

Xatlaringizni kutamiz.

 

Rayhona  Abduraufova,

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi

152-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.