Qodiriyning o‘g‘li
Sahifamiz mehmoni – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, aktyor va rejissyor Isamat Ergashev. U bugunga qadar “Yettinchi jin”, “Sevgi afsonasi”, “Mergan militsiya”, “Osiy banda” kabi 40dan ortiq filmlarda ishtirok etgan. Bundan tashqari, rejissyor sifatida “Temir xotin”, “Sharif-Marif”, “Buyuk Amir Temur” kabi 20ga yaqin filmlarni suratga olgan. Ibrat namunasi sifatida san’atkorning bolalik, o‘smirlik xotiralariga murojaat qildik.
Janjal keltirgan quvonch
Men, 1945-yil 22-fevralda Chimkent viloyatining Sayram tumanida tug‘ilganman. Oilada ikki o‘g‘il va bir qiz farzand edik.
Otam Is’hoqxon Ergashev va onam Tojixon Sultonova savdo bilan shug‘ullanishardi. Ular biz farzandlarga mehribon, o‘rni kelganda talabchan edilar.
Rostini aytaman, tinib-tinchimas, shaddod bola edim. Bir voqea hozirgacha xotiramda. 1-sentyabr kuni uyqudan turib, nonushta qildim-u ko‘chaga chiqdim. Mahallada men bilan birga o‘ynaydigan o‘rtoqlarimning birortasi ko‘rinmadi. Hayron bo‘ldim. Bilsam, ular maktabga 1-sinfga chiqishibdi. 6 yosh bo‘lganim uchun meni maktabga bir yildan so‘ng qabul qilisharmish. Shundoqqina maktab yonida onam ishlaydigan do‘konga o‘pkam to‘lib bordim. “Nega o‘rtoqlarim maktabga chiqadi-yu, men esa yo‘q?” deb rosa yig‘ladim. Harchand tushuntirishga harakat qilishmasin, “Men ham ular bilan birga o‘qiyman!”, deb oyoq tirab oldim.
Onam maktab direktori bilan gaplashsalar “Kelib o‘qiyversin, agar darslarni o‘zlashtirolmasa, kelasi yil qaytadan kelaveradi”, debdi. Yig‘i-sig‘i, janjal to‘polon bilan erishgan maqsadim – jonajon maktabga qatnay boshladim. O‘rtoqlarim har zamonda “Ko‘p harakat qilaverma, baribir kelasi yil boshqatdan o‘qiysan”, deb kulishardi. Men bunday bo‘lmasligini isbotlash uchun yaxshi o‘qishga harakat qildim va maktabni oltin medal bilan bitirdim.
Alangaga aylangan cho‘g‘
1956-yil 4-sinfni bitirdim. Shu yili oilamiz bilan Chimkentning yangi shahar qismiga ko‘chib o‘tdik. 5-sinfni Mirzo Ulug‘bek nomidagi 3-maktabda o‘qiy boshladim. A’lo bahoga o‘qiganim uchun meni sinf etakchisi qilib saylashdi. Sinf rahbarimiz Ubaydulla Aliqulov degan kishi edi. Ular Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan, biroq oilaviy sharoit sabab Chimkentga qaytib, maktabda o‘qituvchilik qilardi. U kishi qo‘shiqni maromiga yetkazib kuylar, chiroyli rasmlar chizardi.
O‘ninchi sinfni bitirish arafasida Ubaydulla akaning topshirig‘i bilan Parda Tursunning “O‘qituvchi” romanidan parcha sahnalashtiradigan bo‘ldik. Kutilmaganda bosh qahramon – O‘qituvchining bolaligini o‘ynaydigan o‘quvchi darslarga kelmay qo‘ydi. Domla “Sen etakchisan, o‘rtog‘ingning uyiga borib, hol-ahvol so‘ra, balki betob bo‘lib qolgandir”, dedilar. Borsam, sinfdoshim xafa. Ota-onasi “Hech qanaqa rol o‘ynamaysan, artist ham bo‘lmaysan”, deb ruxsat berishmabdi. Sinf rahbarimizga bor gapni aytdim. Birpas o‘ylab turib, “Ko‘ndirolmagan bo‘lsang, o‘rniga o‘zing o‘ynaysan”, dedilar. Ich-ichimdan xursand bo‘ldim. Chunki o‘sha paytda yetib bo‘lmas orzudek sirli tuyulgan sahnada (garchi u maktabning kichik sahnasi bo‘lsa-da) imkoniyatimni sinab ko‘rish men uchun zavqli va qiziq edi.
Parchani qo‘ydik. Tomoshadan keyin Aliqulov domla “Sen bolada tuppa-tuzuk qobiliyat bor ekan-ku, aktyor bo‘lsang bo‘larkan”, dedilar. Maqtovdan keyin yuragimda miltillab turgan cho‘g‘ alanga oldi – aktyor bo‘lish istagi fikr-u xayolimni o‘g‘irladi.
Bir umrlik do‘st
Kunlarning birida maktabimizda “Aktyor Nabi Rahimov bilan uchrashuv bo‘larkan”, degan xabar tarqaldi. Eshitiboq faollar zali tomon yugurdim. Aktyor uchrashuvga keldi. Kinolarda ko‘rgan, havas qilgan inson bilan uchrashuv – men uchun baxt edi. Tajribalari haqida gapirar ekanlar, “Kimda savol bor?” deb biz o‘quvchilarga yuzlandilar. Shaddod bolaman – qo‘limni shartta ko‘tardim.
– Qani, bolam?
– Sizga o‘xshagan zo‘r aktyor bo‘lish uchun nima qilishim kerak? – dedim bolalarga xos g‘o‘rlik bilan.
– Agar oldingga katta maqsad qo‘ysang, buning uchun doim harakat qil. Aktyor rang-barang, salbiy-ijobiy rollarni ijro etadi. Buning uchun dunyoqarashing keng bo‘lishi muhim. Ijro etayotgan obrazing maromiga yetishi, ta’sirli chiqishi uchun badiiy adabiyotdan xabardor bo‘lishing, ko‘proq kitob mutolaa qilishing kerak.
Ustoz san’atkorning maslahatlari qulog‘imga qo‘rg‘oshindek quyildi. Hozirgacha vaqt topib, har kuni albatta 20-30 bet kitob o‘qiyman. Undagi voqealarning mag‘zini chaqaman – tarixni, odamlar tabiatini, hayotini o‘rganaman.
Omad tumorim
San’atga qiziqishim ortgani sari ota-onam qarshi chiqaverishdi. Onam “Vaqti kelib biror xonadonga sovchilikka borsam, o‘g‘lingiz nima ish qiladi desa, artist deb aytamanmi”, deb jig‘ibiyron bo‘ldilar. Bir sinfdosh qizni yoqtirardim. Otam “Agar tanlovingdan voz kechsang, shu qizni kelin qilamiz”, dedilar. Yo‘q, san’atga muhabbat ustun keldi. Amallab, 1961-yilda Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik fakultetiga hujjat topshirdim. Omadni qarang – qabul komissiyasida Nabi Rahimov o‘tiribdi. Xursand bo‘ldim, salom berib, “Chimkentdagi uchrashuvda sizga savol bergan o‘sha bolaman”, dedim. “Ha... yaxshi, yaxshi”, dedilar-u chamamda eslay olmadilar. Imtihonga tayyorgarlik uchun institutga qatnay boshladim. Shu orada onam kelib qoldilar:
– Hujjatlaringni qaytarib ol, otang sendan xafa.
– Sog‘liqlari yaxshimi? – dedim xavotirlanib.
– Yaxshi, ammo Chimkentga qaytmasang bo‘lmaydi, bolam.
Ichkariga kirib, vaziyatni tushuntirdim, so‘zim orasida “Ammo qaytgim kelmayapti”, dedim. Onamni chaqirtirishdi. “Hujjatlarni professorlar, tajribali aktyorlar ko‘rishyapti. Bizda imtihonlar boshqa institutlarga qaraganda bir oy avval bo‘ladi. O‘g‘lingiz o‘tolmasa, boshqa institutga hujjat topshiraveradi”, deyishdi. Onam “Men bilaman, sen baribir o‘tasan”, deb xafa bo‘ldilar.
Imtihon kuni keldi. Abituriyentlarning ko‘pchiligi harbiy xizmatdan qaytgan, baquvvat, kelishgan. Men esa maktabni yaqindagina bitirgan yosh bolaman. Ichimga “Bu yerda menga nima bor edi”, degan g‘ulg‘ula tushdi. Kutilmaganda shu institutda o‘qiyotgan Baxtiyor Ixtiyorov degan talaba bilan tanishib qoldim. “Nima so‘rashsa, men javob beraman, deb turaver”, dedi u dag‘dag‘ali ohangda.
Sinov boshlangach, domlalar kimgadir monolog o‘qishni, kimgadir she’r yod aytishni yoki biror hayvonning harakatiga taqlid qilishni aytishdi. Hammasiga “Men, men chiqsam maylimi?” deb qo‘limni ko‘taraverdim. Shunda rejissyor To‘la Xo‘jayev “Shoshmang yigit, hali sizga ham navbat keladi”, deb tanbeh berganlari yodimda. Imtihonni topshirib, institut hovlisining bir chetidagi o‘rindiqqa o‘tirib, ko‘zim ilinibdi. Natijalar soat 11:00 da e’lon qilinishi kerak edi. Soatga qarasam, 11:30. Ichkariga qarab yugurdim. Rektor “Quyida kimning familiyasi chiqsa imtihondan o‘tgan, chiqmasa yiqilgan bo‘ladi”, deb ro‘yxatni o‘qiy boshladi. Xullas, familiyam chiqmadi – tamom bo‘ldim: Onamni bekor xafa qilibman. O‘ylab turdim-da borib, “Nega meni familiyam chiqmadi?” deb so‘radim. “Iye, qayerda eding?” – hayron bo‘ldi domlalardan biri. Aslida rektor so‘z boshida “Yunus Rajabiy o‘g‘illarini olib kelgandilar, imtihondan o‘tolmadi, ammo “men, men” deb turgan 16 yoshli Ergashev degan bola sinovdan o‘tdi”, deb e’lon qilgan ekan. Undan sal avval talabalikka saralashda domlalardan biri “16 yoshli bolani qabul qilamizmi? Bu institutmi yo bolalar bog‘chasimi?” deb e’tiroz bildiribdi. Shunda Nabi aka “Maktabni oltin medal bilan bitirgan ekan. Balki bir yil ichida bo‘yi ham o‘sib qolar”, deb meni qo‘llagan ekanlar. Vaholanki, ular institutda bor-yo‘g‘i bir marta kurs qabul qilayotgan va o‘sha kursda bo‘lish menga nasib etgan edi. Shu tariqa orzularim sari dastlabki qadamlarimni tashladim. O‘qish bilan birga Nabi akaning tavsiyasi bilan Hamza teatridagi spektakllarda ommaviy sahnalarda qatnasha boshladim. Olim Xo‘jayev, Shukur Burhon kabi zabardast aktyorlarni shu dargohda tanidim. Keyinchalik rejissor sifatida tasvirga olgan kinolarimda albatta Nabi Rahimov uchun rol bo‘lardi. Ustozni “Tumorim” deb chaqirardim. 4-kursda ilk bora rejissyor Latif Fayziyevning “Natashaxonim” nomli kinosida O‘lmas Alixo‘jayev bilan suratga tushdim. Badiiy film katta ekranlarda namoyish etila boshlandi. Chimkentga – ukamga qo‘ng‘iroq qilib, onamni kinoteatrga olib tushishini aytdim. Film boshlangach, ekranda meni ko‘rgan onam xursandligidan baland ovozda “Mana shu jinni meni o‘g‘lim bo‘ladi”, debdi.
Baxt qushi
Mahallamizga Abdulla Qodiriyning asarlari kelsa, qo‘ldan qo‘lga o‘taverib, titilib ketardi. “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”ni o‘qib, goh Otabek, goh Anvar bo‘lgim kelardi.
Bir kuni Tojikistonda syomkada paytimda Nabi aka qo‘ng‘iroq qilib, “Toshkentga keling, Anvar roliga sinov uchun sizni ko‘rishmoqchi”, dedilar. “Tumorim, ikki kunlik syomka qoldi” dedim. “Jinnimisiz, tez yetib keling”, dedilar. Samolyotga bilet olib, 45 daqiqada Toshkentga – kinostudiyaga keldim. Pardozchi darhol kiyintira boshladi. Bir mahal film rejissori Yo‘ldosh A’zam keldi-da kuzatib turib: “Gap bunday, sochini olib tashlang”. Yoshman, kal bo‘lsam, go‘yo qizlar menga qaramaydi. “Yo‘ldosh akajon, avval sinovdan o‘tay, keyin olib tashlayman”! “Ahmoq!” deb chiqib ketdilar. Sal o‘tib Nabi aka keldilar: “sochingizni olib tashlayvering!” “Ish pishibdi-da”, deb o‘yladim va sochimni oldirdim. Sinovdan o‘tdim. Pardozchi “Isamatjon, har kuni mo‘ylov yopishtirib, sizni qiynamaylik. Mo‘ylov o‘stirishni boshlang. Ungacha sal-sal chizib turamiz”, dedi. Mana shu mo‘ylov Anvar rolidan esdalik. Faqat oq oralagan, xolos. Kinoning ayrim sahnalari Qo‘qon gulzorlarida olingan. Noqulay bo‘lsa-da aytaman: tasvirga olish paytida tahoratsiz chiqmasdim. Chunki Abdulla Qodiriy shaxsi va ijodiga nisbatan ixlosim cheksiz. Shoir Charxiy (Olloh rahmat qilsin) har kuni sallamni o‘rab qo‘yadi. Domla o‘sha davrdagi yigitlarning kiyinishi, o‘zini tutishini yaxshi bilardi. Anvar rolidan so‘ng hamkasblarim menga professional aktyor sifatida qaray boshlashdi. O‘lmas Alixo‘jayev bilan uchrashuvlarga borsak, “Ana, Qodiriyning ikki o‘g‘li keldi”, deyishardi. “Mehrobdan chayon” (“Zulmatni tark etib” nomi ostida) kinosi – mening baxt qushim.
Ilm – najot
1995-yil Prezident Islom Karimov “Amir Temur haqida film olishni sizga topshirmoqchimiz”, deganlarida boshim ko‘kka yetgan. “Amir Temurdek sarkarda chiqqan yurtdan nahotki, uning rolini o‘ynaydigan aktyor chiqmasa?” deganlarida, munosib nomzod topishga qaror qildim. 10 ta nomzod orasidan aktyor Behzod Muhammadkarimov menga ma’qul keldi. Shundan so‘ng tarixchi, akademik Bo‘riboy Ahmedov bilan suhbatlashdim. Uning “Amir Temur” romanini o‘qib, shu asosda film suratga olishga kirishdim.
Noma’qul seriallar olayotgan, ularda rol o‘ynab o‘zidan “yulduz” yasagan ayrim yoshlarni ko‘rsam, g‘ashim keladi. Ular izlanmaydi, mutolaa qilmaydi. Bu seriallar millionlab o‘smirlarning ongini zaharlamaydi, deb kim kafolat beradi?!
Shuning uchun bolalar yoshlikdan o‘z shajarasini, asli kimning avlodi ekanligini bilishi shart. Ular ilm o‘rganib, millatimiz dovrug‘ini dunyoga tanitishsin. Zero, buyuklar aytganidek, ilm – najotdir.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA yozib oldi