Talabchan rahbar
Men 1980-yili “Gulxan” jurnaliga matn teruvchi bo‘lib ishga kelganimda Oydin opa respublika xotin-qizlarining sevimli jurnali “Saodat”da bo‘lim mudiri edilar. “Shoira Oydin Hojiyeva” deyishsa, butun O‘zbekiston tanir edi. Ular Zulfiya opaning chin shogirdlaridan edilar. Tabiatan og‘ir, vazmin, kamgap, ko‘proq atrofdagilarni tinglashni biladigan ijodkor sifatida tanir edik...Men 1980-yili “Gulxan” jurnaliga matn teruvchi bo‘lib ishga kelganimda Oydin opa respublika xotin-qizlarining sevimli jurnali “Saodat”da bo‘lim mudiri edilar. “Shoira Oydin Hojiyeva” deyishsa, butun O‘zbekiston tanir edi. Ular Zulfiya opaning chin shogirdlaridan edilar. Tabiatan og‘ir, vazmin, kamgap, ko‘proq atrofdagilarni tinglashni biladigan ijodkor sifatida tanir edik...1985-yili bosh muharririmiz Abdulla Oripov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais o‘rinbosari vazifasiga o‘tgach Oydin Hojiyeva “Gulxan”ga bosh muharrir etib tayinlandi. Men Oydin opa rahbarligida ikki yil ishladim. U kishi iste’dodli shoira bo‘lish bilan birga talabchan muharrir edilar. 1986-yili meni xatlar bo‘limiga ishga o‘tkazdilar va yonlariga chaqirib bu bo‘limda qanday ishlash kerakligi haqida maslahat berdilar. Jurnal sahifalarida “Muhokama”, “Kattalar, e’tibor bering” singari yangi ruknlar paydo bo‘ldi. “Gulxan” atrofiga taniqli, zabardast yozuvchi va shoirlarni jalb eta boshladilar. O‘sha yillari qo‘sh sahifalarga katta sarlavhalarni “Zafarlarga intilib har dam, Faqat olg‘a yuramiz shaxdam” yoki “O‘lkam husni – gul, daraxt, Ko‘chat ekib, bog‘ yarat” kabi she’riy shaklda berishlari jurnalxonlarga juda ma’qul bo‘ldi.1987-yili Respublika Yoshlar tashkilotining targ‘ibot poyezdida adabiyot, madaniyat va san’at vakillaridan bir guruhi respublika bo‘ylab safarga chiqishi rejalashtirildi. Ro‘yxatda Oydin Hojiyeva ham bor edilar. 12 kunlik safarda bir o‘zim qiynalib qolaman, qolaversa, yoshlar ham ish o‘rganishi kerak, deb meni o‘zlariga hamroh qilib ro‘yxatga kiritishlarini Yoshlar tashkilotidan iltimos qildilar. Lekin poyezd yo‘lga chiqishidan bir kun avval Oydin opa Moskvada bo‘lib o‘tadigan anjumanga boradigan bo‘lib qoldilar. Va men Oydin opasiz bir o‘zim shoira sifatida safarga chiqadigan bo‘ldim. To‘g‘ri, o‘sha yillari bolalar uchun yozgan 1-2 ta she’rlarim bor edi. Lekin ular hali katta davrada o‘qilmagan, ko‘pchilikning e’tiboriga havola etsa bo‘ladimi, yo‘qmi – buni bilmasdim. Targ‘ibot guruhida xalq artistlari Nabi Rahimov, Baxtiyor Ixtiyorov, Xayrulla Sa’diyev, aktrisa Dilorom Egamberdiyeva, shoir Narimon Orifjonov, endigina tanilib kelayotgan yosh shoir Muhammad Yusuf, bolalar estrada guruhi va yana bir qancha taniqli olim, xonandalar bor edi. Bu safar men uchun nihoyatda hayajonli o‘tgan. Shunday taniqli insonlar qatorida yurish, ular chiqqan sahnalarda she’r aytish... juda og‘ir edi. Lekin shoir Muhammad Yusuf menga dalda berib, “She’rlaringiz yaxshi ekan, qo‘rqmang, o‘qiyvering”, degani yodimda. Men esa “Bu yerda Oydin opa bo‘lishlari kerak edi. Men tasodifan kelib qoldim, sahnaga chiqmay qo‘yaqolay”, derdim har gal. Chunki 12 kun degani, har bir viloyatda ikki-uch martadan uchrashuv degani edi-da! Safarimizning so‘nggi kunlariga borib ancha dadillashib qoldim. Nafaqat she’rlarimni o‘qidim, balki bolalar jurnali faoliyati haqida ham yig‘ilganlarga so‘zlab berdim.Ishga qaytgach, Opaning yonlariga kirib, ularga o‘z taassurotlarim haqida qisqacha so‘zlab berdim, katta rahmat aytdim. Shunda Oydin opa menga “Yoshlar tashkilotidagilar “Shu qizni bizga ishlashga bering”, deb so‘rashdi. Men ularga “Bunday xodimlar o‘zimizga ham kerak”, deb javob berdim”, dedilar. Xonalaridan xursand bo‘lib chiqdim.O‘sha yillari “Saodat” jurnalida Oydin opaning “Sen ayolga” deb nomlangan she’ri chop etildi. Har bir misrasi ayol qalbining nidosi bo‘lgan ushbu she’rda mening ko‘nglimdagi so‘zlar bitilgan edi. She’rni bir zumda yodlab oldim. Mana, oradan shuncha yillar o‘tdi, bu she’rni men hamon yaxshi ko‘raman.O‘tgan yillar davomida Oydin opa juda ko‘p yoshlarga ish o‘rgatdilar, ustozlik qildilar. “Gulxan”ning qiziqarli, mazmunli chiqishiga munosib hissa qo‘shdilar. Men esa Oydin opadek katta shoir ishlagan tahririyatda ularning ishini davom ettirayotganimdan behad xursandman.
Zahro HASANOVA