Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabiiy fanlar toshdek og‘ir…mi? (Yoxud mashaqqatni nazarga ilmagan kichkina buyuklar)

Xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarimiz hamisha elimiz e’tiborida. Ular ilm-fanni chuqur o‘rganib, bilimini oshirmoqda. Olmazor tumanidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari ana shunday yoshlar safida. Bugun biz ulardan ayrimlarini suhbatga chorladik.

 

Azizbek NAZA­ROV,

56-Xalqaro Mendeleyev kim­yo olimpiadasi bronza medali sohibi:

— 10-sinfdaligimda ush­­bu maktabga imtihon asosida o‘qishga kirganman. Bungacha Qamashi tuma­nidagi makta­bimda kimyo va matematika fanlaridan bilimlar bellashuviga qatnashib, mahalliy bosqichlarda faol ishtirok etganman. Shundan keyin kimyoga qiziqishim yanada kuchaygan. Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etdim. Bellashuvda 20 ga yaqin davlatdan 100 nafar bola qatnashayotganini eshitib biroz hadiksiradim. Biroq, o‘zimni qo‘lga oldim. Fikr-u xayolimni bir joyga jamlab, olimpiada topshiriqlarini ishonch bilan bajardim. Natija chakki bo‘lmadi. Umumiy hisobda O‘zbekiston terma jamoasi 2-o‘rinni zabt etdi. Sinov oldi stresslar, siqilishlarning bari unutildi. Jamoamizning eng katta yutug‘i ham birlikda edi. Hayotimdagi bu bosqich men uchun omadli, shuningdek, saboqli bo‘ldi. Negaki, bu sinov menga vaqtni qadrlashni, o‘z ustimda yanada ishlashim kerakligini ko‘rsatdi. To‘g‘ri, ayrimlar kimyoni murakkab fan, deb o‘ylashi mumkin. Hatto, mening ham aynan shu fandan 3-4 baholarim bo‘lgan. Biroq, tibbiyotga qiziqishim kuchli bo‘lganligi bois o‘zimni o‘qishga majburlardim. Natijada fanni yaxshi o‘zlashtira boshladim. Aytmoqchimanki, insonda agar kuchli istak bo‘lsa, uni hech qanday mashaqqat buka olmaydi. Endigi maqsadim  – Shvetsariyada bo‘lib o‘tadigan  Jahon olimpiadasida qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritish hamda o‘qishimni chet elda davom ettirish. Xorij tibbiyoti bilan tajriba almashish ham kelajakda O‘zbekiston tib ilmi rivojiga katta hissa qo‘shadi.

 

***

Shahzoda HAKIMOVA,

18-IJSO Xalqaro tabi­iy fanlar olimpiadasi, 56-Xalqaro Mendeleyev kim­yo olimpiadasi bronza medali sohibasi:

Hozirda tahsil olayotgan maktabimga 8-sinfdan qa­bul qilinganman. Ushbu dargohda o‘qirkanman, kimyo fanini astoydil o‘rganishga kirishdim. 2020-yil kimyo fanidan o‘tkazilgan olim­piadaning Toshkent shahar bosqichida 2-o‘rinni egalladim. Bu muvaffaqiyat meni kelgusida kattaroq yutuqlarga erishishim uchun ruhlantirdi. Va keyingi yil shahar bosqichida g‘olib bo‘ldim. Jahon miqyosidagi olimpiadalarda qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Xususan, O‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan 18-IJSO Xalqaro tabiiy fanlar olimpiadasi hamda 56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdim. Hozir esa 57-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi va 55-Xalqaro kimyo olimpiadasiga qatnashishni dilimga tugib qo‘yganman. Maktabni tugatganimdan so‘ng nufuzli universitetda o‘qib, malakali shifokor bo‘lib yetishishni maqsad qilib olganman. Ishonasizmi, imtihon oldi hislar juda boshqacha bo‘ladi. Masalan, menga chet ellik yoshlar bilan hamsuhbat bo‘lish yoqimli tuyilgan. Xorvatiya, Armaniston, Qozog‘iston va boshqa ko‘plab mamlakatning o‘quvchilari bilan do‘st tutingandik. Olimpiada O‘zbekistonda bo‘lgani bois olisga borishning ham hojati qolmadi. Bu imtihonga respublikaning 12 o‘quvchisi birgalikda puxta tayyorlandik va hammamiz ishtirok etdik. Olimpiadada jamoamizdan 10 nafari g‘olib bo‘ldi. Bunday damda yil davomida chekkan mashaqqatlaringizni unutasiz. Bugungi tengqurlarimga qaysidir sohani yaxshi ko‘rishdimi, uning sir-asrorini o‘rganishdan aslo chekinmasliklarini maslahat beraman. Shundagina unga e’tibor kuchayadi. Masalan, men hayotimni kimyo fanisiz tasavvur qila olmayman. U borliq va tabiatni o‘rganadi. Men esa atrofimdagi narsalarni har tomonidan o‘tib, sinchiklab kuzataman. Tabiiy fanlar men ko‘rayotgan jismlar va mavjudotlar aslida qanaqa ekanligini ochib beradi. Zero, buyuk ingliz olimiga donolik qilishmoqchi bo‘lganda u shunday degan ekan:

— Seni qara! Asl go‘zallik ne ekanligini tushunmaysan. Masalan, men oddiy gulda ham nafosatni ko‘ra olaman. — Sen ko‘rgan narsani men ham, boshqalar ham ko‘ra oladi. Biroq, men ko‘ra olayotgandek ko‘rishlari esa dargumon. Agar inson nimagadir haqiqatdan intilsa, u albatta o‘shanga erishadi. Kerak bo‘lsa, butun koinot uni maqsadiga yetishtirish uchun yordam beradi.

 

***

Ahror BAHODIROV,

18-IJSO Xalqaro tabiiy fanlar olimpiadasi bronza medali sohibi:

Ayni paytda mak­tab­ning 10-sinf o‘quv­chi­si­man. O‘qiyotgan bilim dar­gohimdan ko‘nglim to‘q. Chunki unda mala­kali ustozlardan saboq olaman. Hatto, o‘z ustimda ishlashim uchun alohida xona mavjud. Shundan xursandmanki, yaratilgan shart-sharoitlarning natijasini ko‘rsatish ham nasib qildi. 2021-yilning 12-21 dekabr kunlari O‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 18-IJSO Xalqaro tabiiy fanlar olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdim. Aslida, bu bellashuv Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida o‘tkazilishi kerak edi. Lekin pandemiya sabab onlayn formatda tashkillashtirildi. Unda men uchta fan: biologiya, kimyo va fizikadan bilimlarimni sinovdan o‘tkazdim. Shuni tushunib yetdimki, bundan-da yuqori natijani qayd etish uchun ko‘proq tabiiy fanlarga oid ko‘proq masalalar yechishim kerak ekan. Nazariyani yaxshi bilish bilan birga uni amaliyotda ham qo‘llay olish zarur.

Umuman olganda, sizning muvaf­fa­qiyatingiz omadga ham bog‘liq. Bilasizmi, fizikadan Merkuriy sayyorasining Quyosh o‘rtasidagi masofasini hisoblab topish kerak edi. Baxtimga, men bu masalani oldin ishlagandim va javobini bilardim. Demoqchimanki, omad ham harakat qilgan, tirishgan odamlarga kulib boqadi. Bundan tashqari, badiiy kitob o‘qishni yoqtiraman. Kimlardir tabiiy fanlarga badiiy asarlarning nima foydasi bor, deb o‘ylashi mumkin. Ammo adabiyot har bir jismning tuzilishini, uni his qilishni yaxshi o‘rgatadi. Fikrlashni oshirib, dunyoqarashni kengaytiradi. Shunday ekan, sizning bilim doirangiz har tomonlama keng yo‘lingizda duch kelgan masalaga yechim topa olasiz.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.