Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘zbekistonga sayohat uchun 10 sabab

Keling, tanishamiz! Men Mubinabonu Xo‘jayevaman. Markaziy Osiyo hududidagi O‘z­bekiston deb atalmish jannatmakon yurt­da yashayman. Farg‘ona viloyati Qo‘qon shah­ridagi 40-IDUMning 9-“Tibbiyot” sinfida o‘qiy­man.

Kelajakda bolalar shifokori bo‘lmoqchiman. Buning uchun hozirdan kimyo, biologiya, ingliz tili fanlari bilan jiddiy shug‘ullanyapman. Bu yil al-Xorazmiy olimpiadasining shahar bosqichida biologiyadan faxrli 1-o‘rinni egal­ladim. Shahar hokimi tantanali yig‘ilishda menga Faxriy yorliq va ota-onamga Tashak­kurnoma topshirganlarida yuragim sevinchdan hapqirib ketdi. Onajonim ko‘zlaridagi sevinch yoshlarini ko‘rib, yanayam baland yutuqlarga erishgim keldi.

Mening yurtimni butun dunyo biladi. Abu Ali ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Mu­hammad Bobur kabi buyuklarni tarbi­yalagan ko‘hna zamin bu! Ularning har biri o‘z ilmi va salohiyati bilan butun dunyoga dovrug‘ taratganlar.

Tasavvur qiling, men turizm markazi vaki­liman. Sayyohlarni ona Vatanimga chorlash uchun ajabtovur reklama tayyorlayman:

Xonimlar va janoblar! Yilning istalgan faslida diyorimizga sayohat qilishingiz, miriqib hordiq chiqarishingiz, moddiy va ma’naviy boyliklari, qadriyatlarimiz bilan tanishishingiz uchun bizda barcha shart-sharoitlar muhayyo! O‘zbekistonga kelishingiz uchun sizga 10 dona sababni aytishimning o‘zi kifoya! Bular:

1. Qulay mo‘tadil iqlim. Alloh nazar solgan yurtimda 4 fasl ham borligi.

2. Ko‘hna obidalar, osori atiqalar. Sa­mar­qand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon singari sha­harlarimiz, Toshkentdek poytaxtimizda bo‘­lish – ko‘plarga armon. Albatta, tarixiy shahar­lari­mizdagi moviy gumbazlar va ajabtovur rangli koshinlar siri bilan sizni tanishtiramiz.

3. Boy tariximiz, buyuk allomalar hayotiga oid ma’lumotlarni bilishga bo‘lgan qiziqish.

4. Unumdor tuprog‘imiz sirini anglashga urinish. Axir hamma qoidalarga amal qilinsa-da, Andijon qovunini Hindistonda yetishtirib bo‘lmadi. Yoki o‘zga yurt tuprog‘i ming pi­shi­tilsa ham begona yurtda bizning sopol, chinni buyumlarimizni yasashning iloji yo‘q. Mehr, taft yetishmasa, bari bekor.

5. Yer osti ma’danlariga boyligimiz. Bilasiz, bizning yer osti boyliklarimiz shunday mo‘lki, ular haqida yozib olish uchun yon daftarchangiz kichkinalik qilmasmikin, azizlar?..

6. Istiqlol munosabati bilan yurtimizda ro‘y berayotgan olamshumul o‘zgarishlar, obo­donchilik ishlari, qurilishlar, rekonstruksiya qilingan binolar, jahon standartlariga mos keladigan yangi dam olish maskanlari.

7. Butun dunyoda global muammo hisob­langan Orol dengizini tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar.

8. Yurtimizda ta’limga va sportga bo‘lgan e’tiborning kuchayganligi, zamonaviy sport mak­tablari va jahon standartlariga mos Pre­zident maktablaridagi shart-sharoitlar, zukko yoshlar bilan tanishish.

9. Jahonda taniqli, kuchli siyosatchi bo‘lgan, BMTda bizning ona tilimizda – o‘zbek tilida nutq so‘zlab, tilimiz sha’nini baland tutgan bizning dono Yurtboshimiz bilan tanishish, u kishining taktikalarini o‘rganish istagi.

10.  Faqat o‘zbek millatigagina xos bo‘lgan hashar, “Kelin salom”, “Beshikka solar” kabi udumlar, mehmonlar va kattalar qo‘liga suv quyish kabi milliy qadriyatlar bilan tanishish ishtiyoqi.

Ha, bu ro‘yxatni yana davom ettirish mum­kin, lekin mening sehrli, afsonaviy diyorimga kelishingiz uchun shu muhim sabablarning o‘zi kifoya!

Men yuqorida moddiy boyliklarni ham yozdim, lekin biz, o‘zbekistonliklar Vatanimiz­ning ma’naviy boyliklari bilan ko‘proq faxr­la­na­miz.

 

Mubina XO‘JAYEVA,

Qo‘qon shahridagi 40-IDUMning

9-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.