Raqqosa qiz Kamola
Raqs san’atining sehrli olamiga maftun bo‘lgan Kamola Davirboyeva 3-sinfda o‘qiyotgan paytidan boshlab raqsga tushadi. Ayni kunda u Toshkent shahar Uchtepa tumaniidagi 44-maktabining 7-“J” sinfida yaxshi baholarga tahsil olish bilan birga musiqa maktabida ham raqs sirlarini o‘rganishga harakat qilyapti. Biz bilan suhbatda Kamola yuragidagi fikrlarni dadil gapirdi.
– Raqsga tasodifan kirib kelganman. Lobar opam raqs o‘rganishga borardilar. Uyda yolg‘iz qolishga qo‘rqqanim uchun, ular meni ham raqs maktabiga olib ketganlar. Opamning boshqa qizlar bilan raqs tushayotganlarini tomosha qilib, menda ham raqsga qiziqish uyg‘ongan. Bugungi kunda 16-bolalar musiqa maktabining 3-sinfida raqs va baletni o‘rganyapman. Mohir baletmeyster Xolbika Ilhomova menga ustozlik qilib, raqs sirlarini o‘rgatmoqdalar. Bugungi kunda “Bekajon”, “O‘zbegim” raqs guruhlariga qatnashyapman. Eng birinchi o‘rgangan raqsim “Qizlarjon” edi. Ayni damda esa ozarbayjoncha, xorazmcha kabi ko‘pgina raqslarni ijro eta olaman.
Kelajakda mashhur raqqosa Parizodaga o‘xshagim keladi. Maktabni tamomlaganimdan so‘ng Xoreografiya Oliy maktabida o‘qish orzum bor.
Ma’pura NABIYEVA