Kuzgi uchrashuvlar
Mana, kuz faslining so‘nggi oyida siz jurnalxonlar bilan yana uchrashib turibmiz. Shu kunlarda barcha ta’lim maskanlarida respublika gazeta va jurnallariga obuna qilish ishlari avj olgan. Bizning ijodiy jamoamiz ham targ‘ibot ishlarini amalga oshirish hamda shu bahona muxlislarimiz bilan yuzma-yuz suhbatlashish maqsadida Xalq ta’limining viloyat va tuman bo‘limlariga, u yerdagi maktablarga borib uchrashuvlar o‘tkazishmoqda. Shu munosabat bilan yaqinda jurnalning bo‘lim muharriri, taniqli bolalar ijodkori M. Hamidova bilan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlariga yo‘l oldik. Poytaxt viloyatning anchagina olis tumanlariga ketar ekanmiz, kuz faslining o‘ziga xos saxovatidan quvondik. Dehqonlar kartoshka va sabzi kavlashyapti, karam uzishmoqda, paxta terimi tugagan dalalarni g‘o‘zapoyalardan tozalashmoqda. Mavsum o‘z “qo‘shig‘i”ni xirgoyi qilmoqda. Tillarang yaproqlarning quyosh nurida ajib tovlanishi ko‘zni qamashtiradi. Uzoq-uzoqlarga yastanib ketgan kengliklarga tikilib to‘ymaysan kishi. Shoir Uyg‘unning:
Har faslning o‘z xislati bor,
Har faslning o‘z fazilati.
Kumush qishdan, zumrad bahordan
Qolishmaydi kuzning ziynati...
degan misralari yodimizga tushdi. Mehnatkash xalqimizning g‘ayrati va shijoatiga yana bir bor tasanno aytdik.
Oqqo‘rg‘on tumani XT bo‘limi xodimlari kelasi yil uchun obuna harakatida ekanliklarini aytishdi. Biz shu yerga yaqin joylashgan 49-maktabga kirib, bolalarning jurnalga bo‘lgan munosabatiga qiziqdik, ularning “Gulxan” haqidagi tasavvurlarini boyitib, yangi she’rlarimizdan o‘qib berdik.
Quyi Chirchiq tumanidagi 11-maktabga kirib borganimizda jurnalning sobiq o‘quvchilari, ya’ni bolaligi “Gulxan” bilan bog‘liq ustozlar jamoasi juda quvonib ketishdi. Bolalar bilan savol-javoblarimiz ham qizg‘in tus oldi. Maktabning ijodkor o‘quvchilari o‘zi yozgan she’rlarini o‘qib berishdi, chizgan rasmlarini jamlab tahririyatga jo‘natishlarini aytishdi. Bu ijod namunalarini jurnalning kelgusi sonlarida, albatta, e’lon qilamiz. Muhimi, bu bolalar jurnalni sevib o‘qishmoqda, uning har bir sahifasi haqida o‘z fikr-mulohazalari bor.
Bir necha yillardan buyon jurnalning eng faol obunachilaridan bo‘lib kelayotgan Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 270-maktab haqida alohida to‘xtalib o‘tishni istar edim. Bu maktabning faol va fidoyi kutubxonachisi Latifa Ergasheva barcha o‘quvchilar qalbida badiiy kitoblarga, yaxshi gazeta va jurnallarga mehr uyg‘otgan, ularni ma’naviyat chashmasi tomon yetaklay olgan ustoz. Latifa opa tufayli maktab bolalari tez-tez yurtimizning taniqli yozuvchi va shoirlari bilan uchrashish sharafiga muyassardirlar. U kishining sa’y-harakatlari bois bolalar adabiyotining eng yangi namunalari kitobsevarlar qo‘liga yetib bormoqda. Ta’lim dargohlarida Latifa opadek jonkuyar insonlar bor ekan, siz o‘quvchilarning ma’naviy kamolotingiz ishonchli qo‘llarda ekaniga ishonamiz.
Har safar respublika bolalarini muxlislarimiz qatoriga qayta va qayta chorlar ekanmiz, “Gulxan”ning o‘ziga xos olami haqida to‘lib-toshib gapirgim kelaveradi. Aziz o‘quvchilar, tezroq qatorimizga qo‘shiling. Shunda siz orzular qanotida yashashga, maqsad sari intilishga o‘rganasiz, jurnal sizga kuch beradi, zavq bag‘ishlaydi. Past-u baland so‘qmoqlardan iborat katta hayotga “Gulxan” orqali kirib borsangiz, hech qachon qoqilmaysiz.
Zahro HASANOVA