Ustoz – millat kelajagi
O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi, taniqli adabiyotshunos olim, “Do‘stlik” ordeni sohibi Omonulla Madayev mana qariyb 57 yildirki “muallim”, “murabbiy”, “ustoz” degan unvonni sharaf bilan oqlab kelmoqdalar. Omonulla ustoz nafaqat ibratli olim va pedagog, xalq og‘zaki ijodining chinakam fidoyisi, ya’ni folklorshunos olim. U kishi televideniyeda bolalar uchun mo‘ljallangan dasturlarda bir necha dostonlarni maroq bilan hikoya qilib beradilar. Shuni faxr bilan aytishimiz mumkinki, domlaning birorta shogirdlari yo‘qki, “Alpomish” dostonini yod olmagan bo‘lsin. Ustoz ko‘p yildan beri turli oliy o‘quv yurtlarida, litsey va kollejlarda, o‘rta maktablarda xalq og‘zaki ijodidan dars berib keladilar. Uchrashuvlarda Navro‘z bayrami tarixi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, o‘zbek tiliga Davlat maqomini berilishi haqida suhbatlar o‘tkazadilar.
Berkitilgan “qora xat”
Men 1942-yilning 20-mayida Toshkent shahrida tug‘ilganman. Dunyoga kelishimga uch kun qolganida otam Ahmadali Madayevdan “qora xat” kelgan ekan. Pochtachidan xatni buvim olgan va bu haqida hech kimga hech nima demay dardini ichiga yutgan. Otamning halok bo‘lgani haqidagi xabar qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘zini qo‘lga olib onamga buni sezdirmagan. Men tug‘ilganimdan so‘ng, atak-chechak qadam tashlay boshlaganimdagina buvim onamga “qora xat”ni ko‘rsatgan ekan. Onam va mening sog‘lig‘imni o‘ylab shunday yo‘l tutgan buvim naqadar irodali, sabr-bardoshli, mehribon inson bo‘lgan ekanlar-a!
Keyinchalik taqdir taqozosi bilan onam Aziza Isomiddin qizi chorsulik Mirzakan’on Akbar o‘g‘liga turmushga chiqdilar. Ular ellik yildan ortiq birga hayot kechirishdi. Shu vaqt mobaynida uyda biror marta janjal bo‘lganini eslolmayman. Keyingi dadam meni chertish u yoqda tursin, biron marta urishmaganlar. Yoshligimdan menga sizlab murojaat qilardilar. Haddan tashqari sho‘xlik qilsam yoki ustozlarim shikoyat qilishsa, faqatgina “Yaxshi ish bo‘lmabdi-da”, deb qo‘yardilar...
1947-yili dadamni Bekobod metallurgiya zavodiga qarashli katta qishloq xo‘jaligiga boshliq qilib tayinlashdi. Biz Bekobodga ko‘chib bordik. Men uyimiz yaqinidagi 1-maktabning 1-sinfiga qatnay boshladim. Ammo ko‘p o‘tmay katta yerga paxta ekib, suv tanqisligi sababli hosil ololmagani uchun dadamni uzoq muddatga qamab yuborishdi. Biz onam bilan Toshkentga qaytib keldik va men 82-maktabda o‘qishimni davom ettirdim.
1950-yilning yoz kunlaridan birida tog‘am Anvar Hojiahmedov “Seni bir yerga olib boraman. Yaxshilab kiyin”, deb qoldilar. Shimimni ko‘rpa tagiga qo‘yib “dazmolladim”. Oq ko‘ylak va kichkina, oq brezent tuflichamni kiydim. Ana qarabsizki binoyi yigitcha bo‘ldim-qoldim. Tog‘am bilan tramvayga chiqib bir necha bekatdan so‘ng Beshyog‘ochga tushdik. Ozroq piyoda yurganimizdan so‘ng musiqa asboblarining ovozi kelayotgan binoga kirdik. Bir rus ayoli qo‘lidagi qalamni stolga turli usulda urib, meni sinovdan o‘tkazdi. Shu bilan men R. M. Glier nomidagi musiqa maktabiga, g‘ijjak sinfiga qabul qilindim. Ustozim Abdusamad Ilyosovdan saboq ola boshladim. Shunday qilib bir vaqtning o‘zida ikkita maktabda ta’lim olardim. To‘g‘risini aytsam, musiqadan olgan saboqlarim keyingi hayotimda juda asqotdi...
Qochoq “Robinzon Kruzo”
Yoshligimda Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” asarini miriqib o‘qiganman. Asar ta’siriga shunchalik berilib ketganimdan o‘rtog‘im Adhamjon Qosimov bilan uydan qochishni rejalashtirdim. Onamdan yashirincha bir dunyo qotgan non to‘pladim. Keyin tramvayga o‘tirib vokzalga yo‘l oldik. Bir kun qayerga borsak ekan, deya tentirab yurdik. Yonimizda pulimiz kam. Axiyri nima qilishni bilmay, o‘ylab-o‘ylab, bu ishimizdan foyda chiqmasligini bilib uyga qaytdik. Uyga kelsam to‘polon. Hamma meni qidirishga jalb qilingan. Hattoki militsiya xodimlari ham shu yerda ekan. Onam meni ko‘rishlari bilan yig‘lab yubordilar va jahl bilan rosa kaltakladilar. O‘shanda ham dadam qattiq gapirmadilar. Faqatgina “Hammani rosa xavotirga qo‘ydingiz”, dedilar...
Juda sho‘x bola bo‘lganman. Sinfda qizlarning sochi bir-biriga bog‘lanib qolsa, kimningdir kitobi yoki sumkasi yo‘qolib qolsa, “Omo-o-o-on”, deb baqirishardi. Lekin hech birida menga nisbatan g‘azab, achchiqlanish bo‘lgan emas. Sababi, sinfda eng kichkina o‘quvchi o‘zim edim. Urush tufayli sinfdan-sinfga qolgan, maktabga bora olmaganlar bilan o‘qirdim. Sinfdoshlarim mendan 3-4, ayrimlari 7-8 yosh katta edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, doimo meni ukasidek ko‘rishardi. Sinfda ham, uyda ham erka edim. Hozir ham sinfdoshlarim bilan ko‘rishib qolsak, meni hali-hamon “ukajon”, deb erkalashadi.
9-sinfda o‘qigan paytimda chizmachilik darsi bo‘lardi. Uch oyda chizmachilikdan to‘rtta o‘qituvchi kirgan. Sinf bo‘yicha navbat bilan uchta chizma chizar edik. Familiyamiz e’lon qilinsa, tayyor ishni o‘qituvchiga ko‘rsataverar edik. Natijada, bitta chizma o‘qituvchiga o‘n marta ko‘rsatilardi. Ammo har xil baho olardik. Bahodan ranjimasdik ham. Shuning uchun bo‘lsa kerak, chizmachilik darsi shovqin-suron bilan o‘tardi. Birdan Mirshohid aka Rixsiyev degan o‘qituvchi kirdi. O‘quvchilarni ko‘zdan kechirib chiqqach, bosiqlik va o‘ziga xos salobat bilan jiddiy ohangda “Bugun aylana chizamiz. Sirkulsiz”, deb doska qarshisida turib bo‘r bilan qo‘lini bir aylantirgandi, aylana hosil bo‘ldi. Doskadagi chizgi shu qadar aniq ediki, yarim sinf o‘rnidan turib ketdi. O‘qituvchimiz qaysi shaklni chizmasin, hech qanday o‘quv quroli ishlatmas edi. O‘sha kundan butun sinf o‘quvchilari o‘zgardi. Hamma tartibli, intizomli, dars vaqtida sinf suv quygandek jim-jit, o‘quvchilar sirkulsiz aylana chizish bilan band bo‘lardi.
Onam maktabda adabiyot fanidan saboq berardilar. Darsga shunday mukammal, puxta tayyorlanardilarki, kitobga umuman qaramasdan, shoir va yozuvchilarning asarlarini yoddan aytib berardilar. Va darsda qaysi ijodkorning hayoti va ijodi o‘tilsa, albatta, o‘sha insonning o‘zi taklif qilinardi. Jonli tarzda olib borilgan bunday darslar boshqa fan o‘qituvchilarida ham qiziqish uyg‘otardi. Onamning har bir mashg‘uloti “ochiq dars”dek o‘tardi... Umrim davomida onamga, chizmachilik o‘qituvchim Mirshohid akaga havas qilib, shulardek ustoz, murabbiy bo‘lishga intildim.
Oynaning “yordami”
Umrimning yarim asridan ko‘prog‘i o‘quvchilar, talabalar bilan o‘tdi. “Muallim”, “murabbiy”, “ustoz” degan unvonga erishish, muyassar bo‘lishning zahmati ham og‘ir...
Birinchi marta sinfga kirish, birinchi marta o‘quvchilar bilan muomala qilish oson emas. Har qancha o‘zingizga ishongan bo‘lsangiz ham ichki hayajon, ruhiy to‘siq xalaqit berib turadi. 1958-yili 82-maktabni tamomlab, O‘rta Osiyo Davlat universitetining (Hozirgi O‘zMU) sharq tillari fakultetiga o‘qish uchun hujjat topshirdim. Biroq birinchi harakatim muvaffaqiyatsiz chiqdi. O‘qishga kirolmagach 1-maktab-internatda, 40-o‘rta maktabda musiqadan dars bera boshladim. Kelgusi yili esa davlat tomonidan maktabni tugatgan o‘quvchilar 2 yil mehnat faoliyatiga ega bo‘lmasa, oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi man etilgandi. Shunda men vaqtni o‘tkazmaslik uchun filologiya fakultetining kechki rus jurnalistika bo‘limiga imtihon topshirib, o‘qishga qabul qilindim. Chunki kechki bo‘limga 2 yillik mehnat faoliyati bo‘lmasa ham qabul qilinar edi. O‘qishda birinchi marta seminarda javob berishga chiqib, boshim aylanib yiqilganman. Nazarimda, kursdoshlarim, o‘qituvchi shiftda uchib yurishgandi. O‘sha kuni uyimga zo‘rg‘a yetib borganman. Maktabda birga ishlaydigan o‘qituvchilar ertasi kuni yuz-qiyofamni ko‘rib, ahvolimni so‘rashdi. Nima gapligini bilishgach, har kuni ko‘zguga qarab gapirishni o‘rgatishdi. Muttasil rus tilida mashq qilib, oynadan foydalanib, vaziyatdan chiqib ketganman. Endi shogirdlarim mendan maslahat so‘rashsa, albatta, avvalo oynaga qarab gapirish usulini o‘rgataman.
1984-yil. Hozirgi O‘zMUning filologiya fakultetida dodsent bo‘lib ishlardim. 100 ga yaqin talaba paxta teryapti. Shu payt tepadan samolyot zuv etib uchib o‘tdi. Butun dala va talabalarning usti-boshi sepilgan dori bilan qoplandi. Xuddiki yerga qirov tushgandek. Dorining hidi atrofni tutib ketdi. Nima qilishni bilmay paxta dalasidan bolalarni olib chiqdim. Qarasam, 3-4 ta bolaning tobi qochib, qayt qila boshladi. Xudoning bizga marhamatidan aynan o‘sha kuni uchta katta idishda qatiq ko‘targan bir xola kelib qoldi. Xursand bo‘lganimdan qatiqning hammasini sotib oldim va bolalarga ichirdim. Keyin meni kechqurun shtabga chaqirishdi va “Seni nima haqqing bor, bolalarni kimning ruxsati bilan daladan olib ketding? Bunga kerakli chora ko‘rilsin. Ishdan haydash masalasi ko‘tarilsin!”, deyishdi. “Axir, ular bo‘lg‘usi ona, bo‘lg‘usi ota. Dori ularning sog‘lig‘iga yomon ta’sir qiladi-ku. Nega bolalar ishlayotgan dalaning ustidan dori sepishadi?” dedim. “Endi bu ishdan hamma namuna olib sabab-besabab daladan bolalarni olib chiqib ketaverishadi”, deya ancha muzokarali majlis o‘tkazishdi. Axiyri ularga shunday dedim: “Mana shu bir kunlik belgilangan rejani keyingi kunlarga qo‘shib to‘ldirib bersak-chi?” Meni faqatgina shu shart bilan ishda olib qolishdi va men bolalarga vaziyatni tushuntirdim. Ishonasizmi, talabalar meni ishdan bo‘shamasligim uchun kun botsa-da sidqidildan, tinmay, xay-xaylashimga ham, bo‘ldi, yetar, deyishimga ham qaramay shaxd bilan paxta terishdi... Paxta yakunida rejadan ortiq paxta terganimiz uchun bizning guruh universitet bo‘yicha birinchi o‘rinni oldi va fakultetga televizor sovg‘a qilishdi...
Men hayotim davomida shunga bir necha bor amin bo‘ldimki, bolalarga qanchalik mehr ko‘rsatsangiz, ular sizga, albatta, munosib javob qaytarar ekan.
“Gulxan” jurnali o‘quvchilariga tilagim, bir-biringizga mehrli bo‘ling. Mutolaa qilishdan to‘xtamang. Agar o‘quvchi maktabni tugatgunga qadar kitobxonga aylansa, millat yashaydi. O‘quvchining kitobxon bo‘lishi uchun, avvalo, muallim ham kitobxon bo‘lishi kerak.
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA