Limonli pirog
Masalliqlar: xamiriga: 380 gramm un, 250 gramm margarin, 200 ml smetana, yarim choy qoshiq isteʼmol sodasi (sirkada soʻndirilgan); orasiga solishga: 2 dona kichkina limon, 200 gramm shakar, 1 choy qoshiq kraxmal.
Tayyorlanishi: 1. Qirgʻichdan oʻtkazilgan margarinni un bilan aralashtirgach, qoʻlingiz bilan yaxshilab uqalang. 2. Smetanaga isteʼmol sodasi solib, unli aralashmaga qoʻshing. Xamirni bitta katta, bitta kichik zuvalaga boʻlib, sellofanga oʻrang-da, yarim soatga muzlatkichga qoʻying. 3. Limonni goʻshtqiymalagichdan oʻtkazib, shakar qoʻshing. 4. Xamirning katta boʻlagini yoyib, aylana shakldagi yogʻlangan qolipga joylang. Kraxmal sepib, limonli aralashmani tekis qilib soling, soʻng ikkinchi boʻlak xamirni yoyib, ustiga yoping. Pirog 180 daraja qizdirilgan gaz pechida 30–40 daqiqada pishadi. Pishgach, toʻrtburchak boʻlaklarga boʻlib, ustiga qand upasi seping-da, dasturxonga torting.