Mangu ibrat manbayi
Sohibqiron Amir Temur va uning jahon tarixida tutgan o‘rni haqida jurnal sahifalari orqali siz o‘quvchilarga ko‘p marta qiziqarli ma’lumotlar taqdim etganmiz.
Bu safar esa Sohibqironning bog‘ yaratish ilmi, mahorati, mehr-ishtiyoqi borasida nafaqat millatimiz, balki butun dunyo ahliga betakror namuna ko‘rsatgani haqida suhbatlashamiz.
Amir Temur o‘zining bog‘ yaratishdagi faol harakati tufayli Samarqand atrofida ko‘plab bog‘-saroylar barpo ettirgan. Shaharga tutash va uning atrofidagi bog‘-rog‘lar soni turli manbalarda o‘n beshdan ortiq deb ko‘rsatiladi. Ha, Sohibqiron bobomiz dunyoning turli yurtlaridan anvoyi gul hamda noyob daraxt ko‘chatlarini keltirib, Shahrisabz, Samarqand va boshqa shaharlarda jannatmonand bog‘lar yaratganliklari tarixiy kitoblarda ham qayd etilgan. Shuningdek, bu bog‘lar manzaralari o‘rta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan. Fransuz adibi Lyusen Kerenning “Amir Temur saltanati” deb nomlangan tarixiy kitobida quyidagi faktlar bor: “Amir Temurning me’morchilik va tasviriy san’atga katta ixlos qo‘yganini hamma tan oladi. Uning hukmronligi davrida Samarqand va Keshda bunyod etilgan masjid, saroy, madrasa, xonaqohlar fors yoki xitoy yodgorliklarining ko‘r-ko‘rona nusxasi emas. Ular o‘ziga xos, turli-tuman va betakror. Ular buyuk Amir Samarqandning chiroyiga chiroy qo‘shishiga ishonib topshirgan turli madaniyat va salohiyatga ega me’morlar mahoratining mahsulidir. Hozirgi kunda ham Samarqandda ana shu me’moriy majmualardan uchtasi mavjud: bular Bibixonim, Go‘ri Amir hamda Shohizinda”.
Amir Temur bog‘laridan eng mashhurlari Bog‘i Baland, Bog‘i Behisht, Bog‘i Davlatobod, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Jahonnamo, Bog‘i Chinor o‘zining go‘zalligi, tabiatining maftunkorligi bilan hatto xorijlik sayyohlarni ham lol qoldirgan. Masalan, Bog‘i Maydonni Sohibqiron Samarqandning shimolidagi Cho‘ponota tepaligi etagida qurdirgan. Tarixiy manbalarga qaraganda bog‘da hashamatli bir ayvon va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek bu bog‘ni yanada obod qilgan. Bobur hazratlari esa “Boburnoma”da bu maskanga o‘zgacha ta’rif bergan.
Bog‘i Shamol ham o‘ziga xos uslubda bo‘lib, uni Sohibqiron nabirasi, Mironshohning qiziga atab qurdirgan. Bu bog‘ joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham “Bog‘i Shamol” deb ataladi. Amir Temur bobomiz haqidagi tarixiy kitoblarda yuqorida sanab o‘tilgan har bir bog‘ga alohida ta’rif berilgan.
O‘sha davrlarda hukmdorlar uzoq o‘lkalardan daraxt ko‘chatlari va anvoyi gul urug‘larini olib kelib Samarqand atrofida bog‘-rog‘lar barpo etishda o‘zaro musobaqalashgan ekan. O‘sha paytlarda bu bog‘larga davlat arboblaridan tortib, xorijiy elchilargacha, hunarmand-u tolibi ilmlar, oddiy fuqarolargacha yo‘l ochiq bo‘lgan. Xohlovchilar bu bog‘larga emin-erkin kirib sayr etgan. Bu kabi bag‘rikenglik va saxovatni dunyo tarixida boshqa uchratish mushkul edi.
Bog‘lar barpo etish an’anasini temuriylardan ko‘pchiligi davom ettirgan. Masalan, Bobur borgunga qadar Hindistonda bog‘lar yaratish udumi bo‘lmagan ekan. Buni hind olimlari ham ta’kidlaganlar. Bobur uzoq va notanish o‘lkada bobosi Amir Temurga xos ish tutib, Jamna bo‘yida “Bog‘i Orom”, “Bog‘i Zarafshon”, “Bog‘i Nilufar” kabi bir-biridan go‘zal bog‘lar yaratdi.
Yaxshidan bog‘ qoladi, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, ulug‘ Sohibqiron va temuriylar bunyod etgan bog‘lar xalqimiz uchun mangu ibrat manbayi bo‘lib qoladi.