Bola edim – poshsho edim-da...
Sahifamiz mehmoni – O‘zbekiston Xalq yozuvchisi, o‘nlab roman, qissa va hikoyalar muallifi, zabardast ijodkor Erkin A’ZAM. Adibning kinossenariylari asosida yaratilgan “Chantrimore”, “Piyoda”, “Dilxiroj”, “Erkak”, “Zabarjad”, “Parizod”, “Suv yoqalab”, “Jannat qaydadir”, “Qarzdor” nomli filmlari televizorda namoyish etilganda, barchamiz katta qiziqish bilan tomosha qilamiz.
Yozuvchining “Tanlangan asarlar”i bilan tanishar ekanman, Boysun tog‘lari bag‘rida kechgan bolaligi haqidagi esselarni zavq bilan o‘qib chiqdim. So‘ng adibning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, jurnalda chop etish uchun rozilik so‘radim. U kishi, “Gulxan” o‘quvchilariga mening bolaligim qiziq bo‘lsa, roziman, dedilar.
Demak, sevimli yozuvchimiz Erkin A’zamning xotirasiga mahkam muhrlangan haybatli tog‘lar, ko‘rkam tabiat qo‘ynida o‘tgan beg‘ubor bolaligi bilan tanishing. Ular kitobdagi “Ikki momokalonim” deb nomlangan essedan terib olindi.
...“Rahmatli bibim asad oyida, ayni qovun pishig‘ida tug‘ilgansan”, – deb gapirardilar. Onamning eslashlaricha, poda qaytar mahali dunyoga kelgan ekanman... Qachon, qay palla yoki qayerda tug‘ilish odamzodning qo‘lida emas. Lekin mening poda qaytar mahali tavallud topganim aniq – buni meni dunyoga keltirgan zot aytgan. Bu voqea 1950-yilning avgust kunlaridan birida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida sodir bo‘lgan ekan...
...Otamiz oltmish olti yil umr ko‘rdilar. O‘n bir farzandni tarbiyalab voyaga yetkazish, ularni halol luqma bilan boqish oson bo‘lmagan, albatta.
...Bir yozuvchi do‘stim “Sening Boysuning bor!” – deb havas qilgani esimda. O‘zi naq toshkentlik! “Boysun, Boysun”, – deb vahima qilasizlar, namuncha, kaftdekkina joy ekan-ku?!” – deydi yana biri lab burib. Ana shu “kaftdekkina joy” menga butun bir olam bo‘lib tuyulsa nima qilay? Almashgusiz olam. Sir-sinoatga, qiyomat kechmishlarga to‘liq olam. Toshkentda yashayotganimga ellik yillardan oshdi, o‘n yetti yoshga to‘lar-to‘lmas Boysundan chiqib ketganman. Ajab, olis-olis yurtlarda yurganimda uyni esga olsam, nechundir har gapda ellik yillik Toshkent emas, bolaligim kechgan Boysun tilga kelaveradi. Nega bunday ekan-a?
Boysunlik ufq nimaligini bilmaydi. Boysunlik tug‘iliboq tog‘ni ko‘radi; oftob cho‘qqilar osha chiqib, cho‘qqilar ortiga botadi – osmonni qonga bo‘yaguvchi shafaq-ku bor, lekin keng-keng ufqlar qani?
O‘zim ilk bor bobom bilan momomning pastak derazasidan qarab ko‘zim tushgani – tog‘ edi, tog‘! Tikilib o‘tiraverib charchablar ketganman: anovi cho‘qqilarga tirmashib borayotgan qo‘y-echkilar galasi qachon tamom bo‘larkan?! Bola fahmimga qo‘y-echki deb o‘ylaganim aslida archa, archazorlar ekan. Ulg‘aygach esa ko‘p zamon taajjubda yurganman: odam ham tog‘siz, adirsiz, tep-tekis joyda tug‘iladimi? Tug‘ilsa, u yerlarni qanaqasiga atab bo‘ladi? Begonalar bilib qolmasin deb sekingina ichimda o‘ylayman: biz boysunliklar ana shu jonibdan ham andak o‘rrog‘-u o‘jarroq, andak bodiroq emasmikanmiz? Yuksakliklarga boqib o‘rgangan ko‘zga tep-tekis manzillar pisand emas-da!..
...Besh-olti yoshlarda edim chamasi. Bobomning o‘ttiz sotixcha keladigan kattakon hovlisida turardik. Hovli kolxoz bog‘iga tutashib ketgan. Hatto o‘shanda kiygan kiyimim ham esimda: otamning “po‘rim” kostyum-shimidan onam bo‘yimga moslab bir nima tikib bergan edi. U zamonlarda yosh bolalarga yarasha bunaqa kiyib-boshni magazinlardan topish amri mahol edi-da.
Xullas, kostyum-shim kiyib, yasanvolib ammalarim bilan kolxozning bog‘iga tushganmiz. Olchazor, o‘rikzorlar oralab ketayotganimizda adashib, yolg‘iz qolganman. “Endi butunlay shu yerda qolib ketdim”, – degan vahimada shunaqa qo‘rqqanmanki, o‘tirib olib rosa yig‘laganman.
Keyinchalik o‘sha bog‘ bilan uyimiz o‘rtasidagi masofani chamalab ko‘rsam, bor-yo‘g‘i ikki yuz-uch yuz qadam kelar ekan. Lekin daraxtzor juda quyuq bo‘lgan-da. Shu hodisa xotiramda mahkam muhrlanib qolgan. Garchi bu gapga ellik besh yil bo‘layotgan esa-da, hozir ham ba’zan o‘shanday holatga tushaman. Meni hech kim tushunmagan damlar ko‘pincha shunday bo‘ladi. Sizni hech kim tushunmasa, yo‘qolganday gap-da, to‘g‘rimi? Goho o‘ylayman: yo‘qolish hodisasi mening qismatimga uyqash bir hol ekan-da...
...Bozorboshidagi hovlimiz torlik qilib, otamiz keyinchalik xuddi o‘sha – men bola chog‘im adashgan joylardan tomorqa soldilar. Endi bizning borib keladigan ota uyimiz shu.
...Yon-verimizdagi qo‘shni jo‘ralarning barida velosipedcha bor – bizda yo‘q. Yig‘i-yu xarxashalar befoyda, otamiz olib bermaydi.
Yoz kunlari ukam ikkalamiz ochiq ayvon etagidagi yonma-yon qo‘yilgan simkaravotlarda yotamiz. Bir kuni odatdagidek uyqudan ko‘z ochib bunday qarasam, hovlining nariyog‘idagi pastak bostirma labida har-har joyi zar halqali qip-qizil uchoyoq “quvonch” cho‘g‘dek yonib turibdi!
Kechalari yotganda ham shu arzandamning yaltiroq rulchasidan ushlab yotardim desam, ishonavering. Shunday qilmasam, yonimdagi mendan atigi bir yarim yosh kichik ukam Vohid opchiqib ketishi mumkin-da! Qorda ham, yomg‘irda ham “toychog‘im”dan tushmasdim. Esimda, shunday bir havo tund, loygarchilik kunida Samad jo‘ram bilan ermagimizni hovlida nari-beri surib-surgab yurib edik, ayvonda yuzi charaqlab Malika bibim ko‘rindi: “Hov bola, suyunchi ber, ukachali bo‘lding!” Farhodjon tug‘ilgan edi. Katta xonadonimizning doim tayyor dastyori, oilamizning tinib-tinchimas balogardoni. “Yaxshi kunimda tuqqan ekanman seni, bolam”, – deb duo qiladilar uni enam. Havo rasvo, osmon xo‘mraygan, hammayoq loy, rutubatli kun edi, Farhoddek yigit dunyoga keldi... Xudoyimga shukronalar!
Demak, o‘zim yetti yoshda ekanman.
Maktabga chiqqanimda ham, kattaroq bola bo‘lganimda ham “Ko‘cha-ko‘yda moshin ko‘p!” – deya qaytib menga velosiped olib berilmadi. Hali-hamon ertalab uyqudan bir ilinj, bir umid bilan ko‘z ochaman. Xudo bergan umrda ko‘p ro‘shnoliklar ko‘rdim, ko‘p olqishlarga ega bo‘ldim, ko‘p narsaga erishdim, shukr, biroq huv o‘sha bolalikdagi quvonchni qaytib tuymadim...
Bola edim – poshsho edim-da!
...Hozirgi yoshlar bilmaydigan, ammo biz tengi avlodga qadrli, serzavq May bayrami edi-yov. Hamma ko‘chada, yasan-tusan. Har yoqda da’vatkor kuy-qo‘shiqlar sadosi, ko‘z tushgan har yoq lovullaydi – alvon shiorlar. Tumanning bosh ko‘chasidan ketyapmiz. Otda. Otam bilan men. Padarimning bellaridan mahkam quchoqlab olganman. Ko‘rgan bizga havas bilan tikiladi: ota-bola otda davron qilib yurishibdi; qayoqqa ketishyapti ekan?..
...Ko‘chamizga qayrilganimizda oldimizdan bir to‘p tuya mingan qop-qora habash chiqdi. Tuyalarni darrov tanidim: Rashidlarniki, Ravshan tuyakashning jonivorlari. Boshlarida har turli qalpoq, ajabtovur kiyingan “tuyakashlar” esa – tog‘ maktabida muallimlik qiladigan amakimning o‘quvchilari. Kechasi bilan poyabzal moyini badanlariga surkab, o‘zlari ham ma’nosini bilmaydigan ajnabiy so‘zlarni yodlab-takrorlab chiqishdi. Ular orasidan Oysoat degich shiringina qizcha esimda qolgan. A’lochi ekan. Men ham a’lochi edim-da, birinchi sinfning mahmadonasi!
Qorishtirib yubordim-ov. Demak, o‘shanda May bayrami emas, jahon yoshlarining dastlabki dovruqli festival kunlari ekan.
...“Kim ko‘p kitob o‘qisa, rubob olib beramiz”, “Mana shu, mana shu kitoblarni o‘qib chiqsang yozda lagerga borasan”, “Ayt-chi, yozgi ta’tilda nechta kitobni o‘qib tushirding?” Biz bolalikda ana shunday savol-muomalalar bilan o‘sganmiz.
Qani, o‘qigan kitoblaringdan gapir... O‘zimiz bilgan Boysunning dara-dasht-u dalalarini yodga soluvchi “Alpomish”dan boshlaymiz. Bu dostonni o‘qimaganni boysunlik deb bo‘ladimi?! Keyin – hayratomuz “Go‘ro‘g‘li”, Yunuspari, Misqolparilar, G‘irko‘klar; hazin “Kuntug‘mish”, “Ravshan va Zulxumor”-u “Malikai ayyor”lar; bularni asli magazinchi Yo‘ldosh yaznamizning go‘yanda ohangga solib xonish qilishlari. Keyin – Tom Soyerga qo‘shilib g‘ordan Bekkini qidirishlar, aslzoda Grinyov va ma’suma Mashaga hamdardlig-u to‘pori “ijobiy qahramon” Pugachyovlardan nafratlanishlar...
– Qani katta bo‘lsang kim bo‘lasan? – deya savolga tutadi Toshkentda o‘qiydigan amakimiz.
Tap tortmay javob qilamiz: – Yozuvchi bo‘laman!
– Yozuvchi? Zo‘r-ku! Shukurga o‘xshagan-da? Shukur Xolmirzayevni bilasan-a? O‘zimizdan chiqqan. Hali kitobchasini beraman senga, o‘qiysan.
Boysundan yozuvchi chiqqanmi?! Chiqsayam... mendan keyin chiqishi kerak edi-ku! Shukur Xolmirzayev. Yozuvchi deganning nomi Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybeg-u Abdulla Qahhor bo‘lmasmidi?..
Kitobcha yupqagina edi. 38 sahifa “Oq otli”. Muqovasida ko‘zlari katta-katta, qop-qora qoshlari tutash men tengi bola barra qo‘zichoqni qo‘yniga olib ot ustida o‘tiribdi. Voqeasi chorva fermasidagi qing‘irliklar haqida. Allaqanday yaqin, tanish bo‘y-u manzaralar...
O‘zim to‘rtinchi sinfda o‘qiyturib, allaqachon hikoya yozib, maktab devoriy gazetasida chiqargan vaqtlarim. Hikoya sinfdoshlar o‘rtasidagi qing‘irliklar haqida, bosh qahramoni o‘zimiz, albatta. Nomi – “Haqiqat bor joyda tug‘ishganingni ham ayama!” “Gulxan”-u “Lenin uchquni” nashrlarida chiqib turadigan pionerona loflarning o‘ninchi, balki yuzinchi takrori!
...“Kechirasiz, o‘rtoq muallim!” qissasidan gap ochildi, aytib o‘tay. Bir yili o‘smirlarga atalgan to‘plam tayyorlayotib, stol tortmalaridan yoshlik mashqlariga dohil shu qo‘lyozma chiqib qoldi. Ko‘z yugurtirib qarasam, “yesa bo‘lgulik”. Bir-ikki hamsuhbatlarga ko‘rsatgan edim, ular ma’qulladi, hatto “qaytaga, o‘sha vaqtda durust yozar ekansiz”, – deya o‘zlaricha lutf qilgandek ham bo‘lishdi. Ulardan biri ana shunday qitmirona hazillardan so‘zboshi yasab, bolalar gazetasida sonma-son e’lon qildirdi. Shundan so‘ng, o‘ylab o‘tirmay uni “Ertak bilan xayrlashuv” kitobiga kiritdim.
Bu narsani men Toshkentda o‘qiyotganimga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, hamon Boysundan uzulolmay, yursam ham, tursam ham Boysun xayoli bilan yashayotgan ilk talabalik kunlarimda yozganman. Ikkinchi kursning boshlarida uch kunlik kuzgi ta’til berildi-yu, men nechundir qishloqqa ketolmasdan qolib, ijaraxonamga biqinib olgancha, shu uch kunda yozib bitirdim. Bolalik sog‘inchi-yu maktab xotiralaridan dunyoga kelgan ushbu esdalik mashq menga shunisi bilan ham qadrliki, keyinchalik qancha narsa yozgan bo‘lmayin, o‘shandagi zavq va hayajonni kamdan-kam hollardagina tuydim...
...Yana maktab davriga qaytsak, yaqinda eski bisot kovlanganda ma’lum bo‘ldi: yuqori sinflarda o‘qiyotganimizda bir emas, bir necha pyesanamo mashqlar bitgan ekanmiz. “Bir to‘p maktabdosh yig‘ilib, o‘zimizcha spektakl ham qo‘ymoqchi bo‘lganimizni ayting. Negadir hech kimga ovoza qilmay, yashirin-pinhona. Bezorilik ko‘chasiga kirgan bir o‘spirinning tarixi. Nomi – “Maqsudning yo‘li”. O‘qigan-ko‘rgan asarlarimizga o‘xshatib, o‘shalarga taqlidan yozilgan. Muallifi o‘zimiz, rejissyori ham o‘zimiz, bosh rolda ham o‘zimiz chiqamiz, albatta. Shukshin bo‘l-a, e, dod-ey!
Ajab tomoshamizni ilk bor (va so‘ngisi!), Yangi yil bayrami arafasida edi chog‘i, allaqanday tantanali yig‘indan keyin, xayrixohroq bir o‘qituvchimizdan chala-chulpa ruxsat olib, negadir (sababi esimda yo‘q) tuman Bolalar uyining klubida namoyish etadigan bo‘ldik. Yopiq ko‘rik: yakkam-dukkam tomoshabin, oldingi qatorda hakamlar – muallimlarimiz.
O‘zimizcha spektaklni qotirib o‘ynadik, yakunda sahna oldida turib olqish-u chapaklarga ko‘mildik. Lekin shu chog‘ maktab parttashkilotchisi bo‘lmish matematika muallimimiz yugurib sahnaga chiqdi. “Avtori kim buning? – dedi xatarli gezarib. – Avtori kim deb so‘rayapman?!” Men, “siyosiy xatoga yo‘l qo‘ygan”, o‘zim yozgan qahramondan ham battar bezori sifatida yerga qarab gangib qoldim...”
Hech kimdan ruxsat so‘ramay asar bitganim va uni o‘zboshimchalik bilan sahnaga qo‘yganim uchun maktabdan haydalmadim-u, lekin yozgan pyesam shu bo‘ldi!..