Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqidan
...Navro‘z va yoshlik tushunchalari bir-biriga bag‘oyat yaqin va mushtarakdir.
Bugun azm-u shijoatli millionlab farzandlarimizga g‘urur bilan qarar ekanmiz, bu haqiqatga takroran ishonch hosil qilamiz.
Mana shu hayajonli daqiqalarda, ezgu orzu-intilishlar bilan hayotga kirib kelayotgan yosh avlodimizga – aziz bolalarimga murojaat qilib aytmoqchiman:
Qadrli o‘g‘il-qizlarim, sizlar mustaqil, erkin va obod Vatan bag‘rida voyaga yetmoqdasiz. Bu, hech shubhasiz, bebaho boylik va katta baxt, ayni vaqtda cheksiz mas’uliyatdir.
Nega deganda, ota-onalar, ustozlaringiz boshlagan ulkan ishlarni ertaga aynan sizlar davom ettirasiz.
Bu ulug‘ vazifaga hozirdan tayyor bo‘lishingiz, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashingiz, muqaddas Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrashingiz, unga hamisha sodiq bo‘lib yashashingiz zarur.
Doimo yodingizda bo‘lsin – biz intilayotgan yuksak marralarga, hech qachon o‘z-o‘zidan, osonlik bilan erishib bo‘lmaydi...
Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessansni xalqimizning buyuk qudratidan kuch olib, bugungi va ertangi avlodimiz bunyod etadi.
Sizlar bo‘lg‘usi Xorazmiy va Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulug‘bek va Navoiylar, Boburlar sifatida Vatanimiz shon-u shuhratini butun dunyoga, albatta, tarannum etasizlar.
Ilm va hunar o‘rganishdan, kamolot sari parvozdan aslo to‘xtamang. Doimo oldinga, yuksak cho‘qqilarga intiling, aziz farzandlarim!