Qutlibeka Rahimboyeva
Qutlibeka Rahimboyeva 1952-yil 9-fevralda Toshovuzda tug‘ildi. Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil oldi. O‘rta maktabda, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida ishladi. Ayni chog‘da “Saodat” jurnalida xizmat qiladi.
O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim Qutlibekaning ilk she’riy turkumiga “Saodat” jurnalida (1979) “Oq yo‘l” tilab, mashqlarida jamiyatni, inson va ijtimoiy voqelik ruhiyatini anglashga, uni tahlil etishga intilish ustuvor ekanligini qayd qilgan edi. Qutlibekaning “Yuragimda ko‘rganlarim” (1981), “Uzun kunduzlar” (1984), “Uyg‘onish fasli” (1989) kabi she’riy to‘plamlaridagi, “Chiroylisan, muhabbat” hikoyalar kitobidagi qahramonlar o‘zbekning dard-u quvonchlari bilan kuyunib-suyunib yashayotgan armonli, g‘ururli, oriyatli shaxs, qullik, qaramlikka murosasiz, erk uchun kurashchi, o‘z millatiga sadoqati cheksiz, kechirimli insonlardir.
Keyingi yillarda respublika gazeta-jurnallarida shoiraning “Hamma biladigan sir”, “Sulton suyagini xor qilmas”, “Til uchidagi so‘z” kabi bugungi kun voqeligiga munosabat bildiruvchi, munozaraga chorlovchi turkum publitsistik maqolalari e’lon qilindi. Uning “Qishning oxirlari” dostonida “o‘zbeklar ishi” fojealari umumlashtirilgan; “Tavba” dostonida umr bo‘yi ikki xil hayot kechirgan, ikki xil qiyofada yashab, jamiyat manfaatlari yo‘lida o‘zini qurbon qilgan majruh bir inson haqida, uning ruhiy azoblari-yu fojiali taqdiri haqida bahs boradi. Shoira “Tohirning Zuhrosi” nomli dramatik asar ham yozdi. U tarjimon sifatida Lesya Ukrainka, Marina Svetayeva kabi rus shoiralarining asarlarini ona tilimizga o‘girdi.
Qutlibeka Rahimboyeva so‘nggi yillarda yaratgan bir qator she’riy turkumlari uchun “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Sharq yulduzi” jurnali hamda Moskvada chop etiladigan “Smena” oynomasining mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
Serg‘ayrat ijodkorning bolalarga bag‘ishlangan hikoya va she’rlari maktab darsliklaridan o‘rin olgan.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qutlibeka Rahimboyeva “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.