Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Marrani katta olib

Tanishing! Bu yilgit “Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi. U Guliston davlat universiteti talabasi, “Sirdaryo iftixori” nishoni sohibi – Yorqinjon Hayitboyev.

Bu yigit nafaqat Sirdaryo iftixori, balki “Gulxan” jurnalining eng faol jamoatchi muxbirlaridan biri. Yorqinjonning 15-19 yosh toifasida 1-o‘rinni olganini eshitib  biz ham juda quvondik. Jamoamiz nomidan “Spark” sohibini chin dildan qutlaymiz. Ishonamizki, tanlovga tayyorlanish jarayonida Yorqinjon to‘plagan bilimlar zaxirasi uning hayot yo‘llarini bir umr yoritib turadi.

G‘olibimizning jurnal muxlislariga, yosh do‘stlariga yozgan maktubi kelgusida ushbu tanlovda qatnashish orzusidagi yosh kitobxonlarga ibrat namunasi sifatida xizmat qiladi.

 

Oradan yillar o‘tdi.

10-sinfda o‘qirdim. Shu bilan birgalikda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi qoshidagi Sardorlar Kengashining “Ittifoq” sardori ham edim. Bir kuni ustozim, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Nargiza opa Xolboyeva “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazilayotgani, unda albatta, ishtirok etishim kerakligi haqida aytib qoldi. Avvallari “Zukko kitobxon”, “Eng faol kitobxon o‘quvchi” singari tanlovlarda ishtirok etib yurardim. “Yosh kitobxon” ham xuddi shular kabi tanlov bo‘lsa kerak, deb tumanimiz markaziga bordim. To‘ldirishim kerak bo‘lgan ma’lumotnoma tepasida “Spark”ning surati turibdi. Shunday qilib, tanlov g‘olibiga mashina sovg‘a qilinishi haqida bilib oldim. Bir hayajonim o‘n bo‘lib ortdi. Axir “O‘rmon akaning bolasi otasiga kitob o‘qib, mashina yutib beribdi”, – deb qishloqda odamlar gapirib yurishsa, yomonmi?

2017-yil tanlovning tuman va viloyat bosqichida birinchi o‘rinni oldim. Tanlovning yakuniy bosqichi 2018-yilning bahorida bo‘ldi. O‘shanda Respublika bosqichida bilimim kamligi, tayyorgarliklar sustligi uchun 14 ishtirokchi orasidan 14-o‘rinni oldim, bu menga juda alam qildi. Uyga kelib, xonamga qamalib oldim. Uch-to‘rt kun o‘tgach, ota-onamning daldasi bilan yana o‘zimga kela boshladim. Biroq, ko‘chada yursam ham, tursam ham, odamlarning “Ana televizorda eng oxirgi o‘rinni olgan bola kelyapti”, – deb aytishlari, qo‘llari bilan ko‘rsatishlari menga alam qilardi.

Shunday kunlarning birida viloyatimiz hokimi juda ajoyib ish qildi.

Navro‘z bayrami arafasida meni “Sirdaryoning eng yaxshi kitobxoni” nominatsiyasi bo‘yicha mukofotladi. Shu taqdirlash bilan tanqidchilarga qarata “Bu bola mening himoyamda”, – deb aytdi. Buni qarangki, viloyatimiz hokimining e’tirofidan so‘ng tanqidlar o‘z-o‘zidan kamaydi. Shunday qilib, tushkunlikka tushmasdan o‘z ustimda ishlashda davom etdim. 

Men talabalik baxtiga erishdim. 2020-yil Guliston davlat universitetiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faol a’zolariga beriladigan imtiyoz asosida imtihonlarsiz, davlat granti bilan qabul qilindim. 2021-yilda “Yosh kitobxon – 2022” tanlovi uchun e’lon qilingan kitoblar ro‘yxatini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Negaki, ro‘yxatdagi 30 ga yaqin asarlar menga tanish va shaxsiy kutubxonamda bor adabiyotlar edi. Bu esa, mendagi tanlovga qatnashish ishtiyoqini kuchaytirdi. Xullas, katta umidlar bilan tayyorlana boshladim. Niyatim yorug‘ ekan, tuman va viloyat bosqichida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Viloyat bosqichi o‘tganidan so‘ng bir kuni tush ko‘ribman. Tushimda Toshkentga borib,  yana 14-o‘rinni olibman-da. Kayfiyatim yomon bo‘lib uyg‘ondim va telefonimdagi barcha ijtimoiy tarmoqlarni o‘chirib tashladim. Tanlovga tayyorgarlikni yanada kuchaytirdim. 5-6-7-aprel kunlari tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etdik. 6-aprel kuni tug‘ilgan kunim edi. Buni qarangki, yakuniy shartdagi ustunlik (avvalo, Allohning irodasi, ota-onamiz, ustozlarimning duolari) tufayli g‘olib bo‘ldim.

Ukajon-singiljonlarim, men yuqoridagilarni yozishdan maqsadim shuki, hech qachon chekinmang. Mendan qiyos, birinchi yil eng oxirgi o‘rinni egallagan edim. Oradan 4 yil o‘tib, birinchi o‘rinni oldim, dadamga mashina sovg‘a qildim. Shunday ekan, asosiysi, ruhiyatni baland tutib, chekinmasdan, ranjimasdan faqat olg‘a intilishimiz va ota-onamizni rozi qilishga harakat qilishimiz kerak. Qo‘limga kalitni tutqizishganda, birinchi navbatda, dalalarda, chaylalarda kitob o‘qishimni nazorat qilgan otam, yangi ko‘ylak kiymasdan bor puliga kitob olib bergan onam, “Yorqin bolam, ijoding yorqin bo‘lsin. Seni quchib, peshonangdan o‘pib qolaman”, – degan rahmatli ustozim Xudoyberdi To‘xtaboyev, meni hamisha qo‘llab-quvvatlagan birinchi o‘qituvchim, Nargiza opa Xolboyeva O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi a’lochisi Rohatoy opa ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Shu o‘rinda  maktabda birinchi ustozim, O‘zbekiston respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi Rohatoy opa Valiyeva hamda mehribon kutubxonachimiz Munira opa Abdurahmonova haqida ayt­moqchiman. Ular tufayli o‘qishga bo‘lgan qiziqishim ortdi. Rohatoy opa darslarni xuddi konsertdek o‘tar, bizlarga alla-yu ertaklar aytib berar, jismoniy mashqlar bajartirardi. Kutubxonachimiz, mak­tabimizning ma’naviy quyoshi Munira opa esa bizga kitoblarni hech qachon o‘z-o‘zidan berib qo‘ymagan. Sinfxonamizga kelib, “Tez o‘qish”, “She’rxon” tanlovlarini o‘tkazar, g‘olib o‘quvchiga esa bir hafta mobaynida o‘qish uchun suratlari bor ertak kitob berar edi. Mana, haqiqiy pedagog va kutubxonachining mahorati. Men mana shu ikki ustozimdan nihoyatda minnatdorman.

 Asosiysi, men barcha sirdaryoliklarning ishonchini oqlaganimdan xursand bo‘ldim, faxrlandim. Biz yoshlarning o‘qishimiz, intilishimiz va yuksak marralarni egallashimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotganlari uchun Prezidentimizga rahmat aytaman. Sababi, mana shu “Yosh kitobxon” tanlovini o‘tkazish ham Prezidentimizning  tashabbuslari edi. Tashabbuslar amalda bo‘ladigan, inson qadri qadrlanadigan mamlakatning farzandi va Yangi O‘zbekiston bunyodkori ekanligimdan g‘ururlanaman.

Doim marrani, maqsadni katta oling. Zero, katta niyat va umidlar ulkan muvaffaqiyatlar sari yetaklaydi. Siz, “Men yosh bolaman, mening yuragim kichkina”, – demang. Sizning yuragingiz dunyodagi eng katta yurak. Sababi, unga dunyocha orzular sig‘adi. Ana shu orzular kelajagingiz poydevori bo‘lishini tilab qolaman.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.