Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mashhurlik mashaqqatlari

Faraz qiling! Akangiz yoki ukangiz universitet imtihonlaridan o‘tolmadi. Shu bois uning kayfiyati tushkun holatda. Shunda otangiz uning yoniga borib, “Tik tur! Qadding bukilmasin. Inson har qanday vaziyatda sinovlarga bardosh berishi kerak. O‘qishga kirolmasang nima bo‘libdi? Bu yil o‘xshamagan bo‘lsa, kelasi yili harakat qilsang, albatta talaba bo‘lasan, yo‘qsa, peshonangdan ko‘rasan. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘zingni yo‘qotma, harakatdan to‘xtama”, deb unga bir necha ibratli voqealar aytib berdi. Quyida sizga ushbu voqealar haqida hikoya qilamiz.

 

Steven Spilberg

Amerikalik mashhur kinorejissor, ssenariychi va prodyuser Steven Allan Spielberg 1946-yil 18-dekabr kuni AQSHning Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrida tavallud topgan. U o‘smirlik davrida juda ko‘p qiyinchilik va sinovlarga to‘qnash kelgan. U Janubiy Kaliforniya universitetida kirish imtihonlaridan yetarli natijani to‘play olmagach, kelasi yil ham oliygoh talabasi bo‘lish uchun harakat qiladi. Ammo, urinish yana besamarligicha qoladi. Bundan tashqari, Steven boshqa universitetga ham ariza topshirgandi. Biroq, u universitet abituriyentning hujjatlarini qabul qilmaydi. Lekin Steven taslim bo‘lmadi. U bo‘sh vaqtlarida qisqa metrajli filmlar suratga oldi. Hozirgi paytda olamga mashhur “Universal Pictures” studiyasini kashf qildi. Tez orada uning filmlari muvaffaqiyat qozona boshladi. Masalan, “Yura davriga sayohat”, “Oddiy askar Rayanni qutqarish”, “Shindler ro‘yxati”, “Indiana Jons” va boshqa ko‘plab filmlar butun dunyoga mashhur. Ayni paytda oliy ma’lumoti bo‘lmagan Steven Spielberg “Oskar”, “Oltin globus” va boshqa ko‘plab xalqaro mukofotlar egasidir.

 

Uolt Disney

Siz sevib tomosha qiladigan “Oppog‘oy va yetti gnom”, “Bembi”, “Mikki Maus”, “Uyqudagi malika”, “101 dalmatin” va boshqa “Walt Disney Pictures” kompaniyasining multfilmlari taniqli amerikalik kinorejissor-multiplikator, rassom va prodyuser Uolt Disneyga tegishlidir. U 1901-yil 5-dekabr kuni AQSHning Illinoys shtatidagi Chikago shahrida dunyoga kelgan. Uning bolaligi baxtsiz hodisalar, yoqimsiz voqealar ichida o‘tgan. Uolt otasidan mehr ko‘rmagan. Otasi har kuni ichib kelib, o‘g‘lini do‘pposlar edi. Ana shunday damlarda onasi o‘g‘lini g‘aroyib ertaklar aytib ovutardi. Ehtimol, shuning uchun ham Uolt sirli sarguzashtlar o‘lkasiga kirib borgandir. U 12 yoshidan boshlab turli xil ertaklarga rasmlar, karikaturalar chizib, jurnal va gazeta tahririyatlariga olib boradi. Afsuski, bu mashqlarni birorta tahririyat qabul qilmaydi. Uning keyingi urinishlari ham besamar bo‘lgach, u taqdirga tan berib, do‘sti bilan hamkorlikda biznes boshlaydi. Bu unga yashash uchun yetarli daromad keltiradi. Ammo u sevimli mashg‘uloti, karikaturalar chizishni davom ettiraveradi. Uning birinchi “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” nomli multiplikatsion asari muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Odamlar uni mashhur yozuvchi Lyuis Kerrollning asarini o‘g‘irlaganlikda ayblashadi. Ammo bu Uoltning ruhini tushirmadi. Aksincha, yanada ko‘proq mehnat qilishga undadi. Shu tariqa Mikki Maus, Donald Dakk, Guffy Davg kabi obrazlar dunyoga keldi. Bu qahramonlarni esa  hamma birday yoqtirib qoldi. Endi butun dunyo ushbu obrazlarni sevib tomosha qilar, e’tirof etardi. Sevimli multiplikator 65 yilllik umri davomida “Faxriy legion” ordeni, 29 marta “Oskar” mukofoti hamda 700 dan ortiq nishon bilan taqdirlangan.

 

Xarland Sanders

Insonning yoshi nechada bo‘lishidan qat’iy nazar uning maqsadi katta bo‘lsa, o‘sha orzusining ro‘yobi ketidan kelajakda albatta rohat-farog‘atda yashaydi. Yolg‘on demoqchimisiz?! Unda 90 yil umr ko‘rgan Xarland Sandersning KFC kompaniyasiga asos solish tarixiga bir nazar tashlang!

Xarland Sanders 1890-yil 9-sentabrda AQSHning Indiana shtatidagi Genrivill shahrida tug‘ilgan. U besh yoshida otadan yetim qoladi. Oila boqish, aka-ukasining ehtiyojini qondirish maqsadida onasidan ovqat pishirish sirlarini o‘rganib, ko‘chalarda qovurilgan tovuq sotib yuradi. Balog‘atga yetgach harbiy xizmatga yuboriladi. U yerdan qaytgach, avtomobillarga yonilg‘i quyish shahobchasida ishlaydi. Biroq, keyinchalik ish joyidan quviladi. Shundan so‘ng onasidan o‘rgangan kasbini davom ettirib, ko‘chalarda qovurilgan tovuq savdosi bilan shug‘ullanadi. Bir kuni u qovurilgan tovuqni o‘zgacha uslubda tayyorlashni o‘ylab topadi. Buni odamlarga aytsa, uning ustidan kulishadi, ko‘ksidan itarishadi. Ammo Xarland bo‘sh kelmaydi. U 62 yoshida cho‘ntagidagi arzimagan pul bilan sayohatga chiqadi –  uyma-uy kirib mahsulotlarni odamlarga tanishtirib chiqadi. Shunday izlanishlari natijasida qovurilgan tovuqni tatib ko‘rgan amerikalik tadbirkor Pit Xarman Xarland bilan KFC restoranini ochish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Bu taom xo‘randalarga juda ma’qul bo‘ladi. Shundan so‘ng ko‘pgina xalqaro restoranlar, yirik investorlar ushbu retseptga xaridor bo‘ladi. Bundan anglash mumkinki, yangi ixtironi boshlash, uni amalga oshirish uchun hech qachon kech emas!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.