Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabrik

Men Yangi  O‘zbekistonning  baxtiyor farzandiman. Iqtidorli o‘g‘il-qizlarini e’zozlab, ularning kamoli  uchun yelkasini tutib turgan  Vatanimiz,  fidoyi, mehribon  Yurtboshimiz bor ekan, O‘zbekiston  yoshlari  vatanimiz  dong‘ini  dunyolarga taratadi,  Vatanimizning  buyuk kelajagini  yaratishga   munosib  ulush qo‘shadi. Zero,  yoshlarga e’tibor – kelajakka e’tibor demakdir. Men  buni  o‘z   faoliyatim davomida  bevosita guvohi bo‘lyapman. Mana o‘n yildirki,  men adabiyot maydonidaman. Ustozlarim  saboqlari  tufayli  bu olamning sir-sinoatlaridan  ozmi-ko‘pmi xabardor  bo‘ldim.  “Shoira qiz bo‘laman”, “Dil izhorim”, “Diyorim – iftixorim” kabi  kitoblarim nashrdan chiqdi. Ijodimning shakllanishida bolalar nashrlarining, jumladan, “Tong yul­duzi” gazetasining, taniqli shoir  Ax­tamquli Karimning hissalari beqiyos. Hozir O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kom­munikatsiyalar  universitetida o‘qiyapman. Ilmiy izlanishdaman. Respublika Yosh olimlar kengashi a’zosiman. Bor imkoniyat va iste’dodimni  vatanim ishonchini oqlashga qaratganman.

Qozog‘istonning Nursulton shahrida MDH davlatlari orasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi olimi-2021” xalqaro tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, oltin medal bilan taqdirlandim. Respublika yosh  ijodkorlarining Zomin seminarida ishtirok etdim. Ko‘plab ilmiy ishlarim AQSH, Rossiya davlatlaridagi  nufuzli jurnallarda chop  etildi. Mening bu yutuqlarim  vatandosh  tengdoshlarim  qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, erishayotgan muvaffaqiyatlar oldida  ummondan bir tomchi, xolos.

Alloma bobolarimizga  munosib voris bo‘­lish­ga astoydil intilayotgan iqtidorli tengdoshlarim Yangi O‘zbekistonning dunyo­dagi  ilg‘or davlatlar safida bo‘lishi uchun astoydil  intilmoqdalar.

Ishonamanki, bugun maktab partasida fan sirlarini  puxta o‘zlashtirayotgan siz uka­jon­larim ham hademay vatanimizning  peshqadam yoshlari safiga qo‘shilasiz. Chunki Yangi O‘zbekistonda  sizlarning orzularingiz ro‘yobga chiqishi uchun  barcha  sharoitlar muhayyo. Vatanini sevgan, uni qadrlagan  har bir yigit-qiz  bundan  unumli foydalanadi va O‘zbekistonimizga bo‘lgan mehr va sado­qatini o‘z yutuqlari bilan  namoyish eta­di.  Hammangizni  qo‘shaloq bayram  – Mustaqillik hamda  “Bilimlar kuni”  bilan  chin  qalbdan  tabriklayman.

 

Umida SULAYMONOVA,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.