Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shaxmat kamtarlikka chorlaydi

Shaxmat – san’at, falsafa, mantiq, hisob ilmlarini o‘zida jamlagan sport turi. U intellektual o‘yinlar ichida eng mukammali va murakkabi hisoblanadi.      

Xabaringiz bor, avgust oyida Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamiz Olimpiada chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lishdi. Jamoa tarkibida  2017 yilda dunyoning eng yosh grossmeysteri deya e’tirof etilgan, 2021 yilda tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni  bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov ham bor edi. Qo‘yida u bilan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

–   Nodirbek, bolaligingizdan shaxmat hayotingizning asosiy qismiga aylandi. Ota-onangiz sizda bu sport turiga mehrni qanday uyg‘otishdi?

–   4 yoshimda akam bilan opam shu sport turiga qatnashar edi. Oyim ularni olib kelish uchun meni ham mashg‘ulotlarga yetaklab borardilar. Tabiatan juda serharakat bola bo‘lganman. Murabbiy Ravshan aka Shukurov meni kuzatib turib, kuchimni, salohiyatimni shaxmatga yo‘naltirishim kerakligini oyimga aytgan. Qolaversa, oilaviy o‘tirganimizda oyim-dadam, akam-opam o‘rtalarida o‘ziga xos kichik musobaqalar bo‘lib turardi. Ularning o‘yinlarini tomosha qilarkanman, menda ham shaxmatga qiziqish paydo bo‘ldi. Dadamning aytib berishlaricha, bolalik yillarida uylarida shaxmat bo‘lmagan. Stolda shaxmat taxtasi rasmini chizib, qog‘ozdan figuralar yasab, amakilarim, ya’ni aka-ukalari bilan shaxmat o‘ynaganlar. Bellashuvda kim mag‘lub bo‘lsa, hovli ishlarini o‘sha qilgan.

–   Til bilgan el biladi, deyishadi. Brifinglarda ingliz va rus tillarida javob berganingizga qaraganda, bu tillarni yaxshi bilasiz.

–   3 tilda bemalol gaplasha olaman. Menimcha, o‘z ona tilini va xorijiy tillarni mukammal bilgan inson o‘z sohasida katta yutuqlarga erishishi mumkin.

–   Shaxmatda murabbiy bilan ishlab, katta natijalarga erishmoqchi bo‘lgan yoshlarga qan­day tavsiyalar berasiz?

–   Shaxmatga butun mehrini berish kerak. Musobaqalarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilish muhim. Murabbiy bilan mashg‘ulot – sportchining o‘sishida eng muhim jarayon. Ya’ni mashqlar davomida murabbiydan ko‘p yangilik olish mumkin. Yangiliklar esa musobaqalarda qo‘llaniladi. Yuqorida aytganimdek, birinchi ustozim – Ravshan Shukurov bo‘ladilar. Ular mendagi qobiliyatni rivojlantirdilar, maksimal darajada qo‘llab-quvvatladilar. Hozir har kuni 12 soatlab mashq qilaman. Vaqti kelganda tanbeh eshitaman, kayfiyatim buziladi.

 Ko‘pincha ota-onalar farzandini shax­matga bergach, qisqa fursat ichida undan natija kuta boshlaydilar. Bu istak bolada qiziqishlarining so‘nishiga sabab bo‘lishi mumkin. Vaholanki, yosh sportchilarning hammasi ham qisqa fursatda salohiyatini ko‘rsata olmaydi. Buning uchun tinimsiz mashg‘ulotlar orqali to‘plangan bilim kerak bo‘ladi. Uka va singillarimga har kuni o‘z ustida ko‘proq ishlashga, qiyinchiliklarga, mag‘lubiyatga sabr qilishga tayyor bo‘lsalar, shaxmatda o‘zlarini sinab ko‘rishlarini maslahat beraman.  Qolaversa, xalqaro musobaqalarga qatnashishning o‘ziga yarasha talablari bor. Bu esa osonlikcha bo‘lmaydi...

–   Musobaqalar paytida o‘zingizni juda xotir­jam tutasiz. Jahon chempioni bo‘li­shin­gizga soniyalar qolganda ham, hayajoningizni sezdirmagansiz...

–   Yuqorida aytganimdek, yoshligimda judayam serharakat, ko‘nglidagini tezda yuzaga chiqaradigan bola edim. Jahon chempionatlarida yutqazib qo‘yganimda yig‘lagan, g‘olib bo‘lganimda sevinchdan to‘lib-toshgan paytlarim bo‘lgan. Keyinchalik xalqaro grossmeystr va jahon chem­pion­larining musobaqa jarayonida o‘z g‘alabalariga munosabatlarini, o‘zlarini qanday tutishini kuzata boshladim.  Shuni tushundimki, shax­mat va hissiyot bir-biriga bog‘liq tushuncha. Masalan, raqibning yuz ifodalariga qarab, vaziyatingiz qanday ekanligini va u buni qanday baholayotganligini bilib olishingiz mumkin. Agar hissiyot orqali holatingiz yomonligini sezdirib qo‘ysangiz, raqibingizda o‘ziga nisbatan ishonchni oshishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lasiz. 

–   Norvegiyalik jahon chempioni Magnus Karlsonning ashaddiy muxlisi bo‘lgan ekansiz. 2021 yilda, Polshada o‘tkazilgan shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chem­piona­tida uni mag‘lubiyatga uchratdingiz...

–   Bu tuyg‘uni tasvirlab berish qiyin. Mux­lisi bo‘lgan sportchingizni mag‘lub qilga­ningizda o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz osmon qadar yuksaladi. Xayolingizdan “ku­mirimdan ham kuchli ekanman”, degan fikr o‘tadi. Ammo, buni omma oldida namoyish qilmasdan, bosiqlik bilan qabul qilgan ma’qul. Umuman olganda, shaxmat sportchini kamtarlikka chorlaydi, his-tuyg‘ularini nazorat qilish, o‘zini boshqarish imkoniyatini beradi, fikrni tiniqlashtiradi.

Bu sport turi xalqimizning qonida bor. Buyuk sarkarda Amir Temur janglarda shaxmat o‘yinidagi kabi usullarni qo‘llagan.

– 17 yoshda jahon va olimpiada chempioni bo‘lish! Bu aslida juda katta omad. Ammo, nazarimda, bu siz uchun oddiy holdek.

–   Agar bu muvafaqqiyatni oddiy hol deb qarasam, o‘ta kamtarlik bo‘ladi. O‘ta kamtarlik esa... Gap shundaki, men to‘g‘ri tashkil etilgan kun tartibiga qat’iy amal qilaman. Suzish va yugurish bilan shug‘ullanaman. Bu soatlab davom etadigan aqliy mehnatda miyaga dam beradi.

Yutuqlarim – ota-onamning qo‘llab-quv­vatlaganliklari, murabbiylarimning taj­ri­ba­si va mehnatim samarasi. Ammo, profes­sional sportchi yutuqlari bilan cheklanib qolmasdan, g‘alabalari sari dadil qadam tashlashi kerak.                                                                      

        

Nazira  INOYATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.