Matematik masalalar sheʼrda
Negmurod Guliyev Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 57-maktabda uzoq yillar matematika fanidan oʻquvchilarga saboq berdi. Badiiy ijod bilan ham muntazam shugʻullanib kelmoqda. U “Shuhrat” medali sohibi, qator kitoblar muallifi. Quyida shoirning matematik masalalarni sheʼriy yoʻl bilan ifodalab yozgan ijodidan namunalar bermoqdamiz. Zehningizni sinab koʻring.
Benzin sarfi
“Damas” avtomobili
Yuz chaqirimli yoʻlga,
Olti litr yonilgʻi –
Ketkizar, maʼlum elga.
Yuz sakson kilometr
Marrani qishin-yozin,
Zabt etmoqchun mashina –
Sarflaydi qancha benzin?
Geron formulasi
Uchburchak tomonlari –
Oʻn-u, oʻn-u, oʻn olti.
Yunon Geron bobomning
Dunyoga mashhur oti.
Olim formulasin yoz,
Ish yurishar anchaga.
Top-chi, shaklning yuzi,
Teng boʻladi qanchaga?
Parallelogramm
Perimetrin oʻlchasak,
Bir yuz yigirma butun,
Bir yon ikkinchi yondan
Yigirma toʻrtga uzun.
Parallelogrammni –
Siz bilasiz, anchadan.
Toping, tomonlarining
Har bittasi qanchadan?
Vatar uzunligi
Markazidan naq sakkiz –
Metrda bir nuqta bor.
Oʻn metr radiusli
Aylana chizdi Abror.
Xoʻsh ayting-chi, nuqtada
Diametrga tik qilib –
Oʻtkazilgan vatarning
Uzunligini bilib?
Qaysi ogʻir
Beshta bir xil apelsin,
Oltita bir xil nokdan,
Oʻlchasak tarozida
Biroz ogʻirroq ekan.
Bundan qilib xulosa –
Qaysi vazmin, topilsin:
Yettita bir xil nokmi,
Yoki olti apelsin?!
Turistik sayohat
Turistik sayohatda
Oʻquvchi, erkak, ayol.
Jami yigirma kishi
Manzil tomon oldi yoʻl.
Yukxaltalar turlicha,
Mos ravishda bu taxlid.
Toʻrtdan bir, yarim, ikki,
Hammasi yigirma pud.
Safarga chiqqanlarning
Sonini topish kerak.
Xoʻsh, ayting-chi, nechtadan
Oʻquvchi, ayol, erkak.