Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mehr bogʻi

Bolaligimda har yili bahor faslida otam bogʻimizga koʻchat ekardi. Men esa ularga koʻmaklashardim.

Bir kuni ulardan soʻradim:

– Ota, nega bogʻimiz toʻla daraxtlar boʻla turib, yana ekayapsiz. Axir bular qachon hosilga kiradi-yu...

– Eh, bolam! Bu daraxtlarni otam, bobom, bobomning otasi ekkan. Ularning mevasini yeyish menga, mening bolalarimga nasib qildi. Endi esa sen va bolalaring, nabiralaring uchun men mevali daraxt koʻchati oʻtqazyapman. Vaqti kelib, bu daraxtlarning mevasini uzganingda, men bobolarimni eslaganim kabi sen ham bizni eslaysan va ularga soʻzlab berasan. Qizim, bu dunyoga keldingmi, oʻzingdan yaxshi nom qoldir. Agar bu qoʻlingdan kelmasa, bitta boʻlsa ham koʻchat ek...

Otam bogʻdagi hamma niholni oʻzgacha mehr bilan parvarish qilardilar. Baʼzan ular bilan gaplashganini koʻrib hayron qolardim. Kuzda barglari toʻkilib borayotgan daraxtlarni koʻrib: “Bobo, ana sizning mehringiz toʻkilyapti”, derdim bolalarcha soddalik bilan. Otam mevalarni uzib, savatga solar ekan: “Mana mehrning mevasi, peshona terining nashidasi”, deya yelkamga qoqib qoʻyardilar...

Hozir ham bogʻimizga borsam, ular yodimga tushadi. Gʻarq pishgan mevalarni har gal bolalarim, nabiralarim terayotganda ularga bobosining gaplarini soʻzlab beraman. Jon quloqlari bilan eshitishadi. Men esa oʻsha paytda bolalarim yonida otamni koʻrgandek boʻlib entikaman.

Mohira SAIDOVA,

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 1-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.