Javondagi javohirlar
Maktabimiz kutubxonasi oʻquvchilarimizning eng sevimli joyiga aylangan. Chunki undagi barcha adabiyotlar – ularning javondagi javohirlaridir.
Shayxontohur tumani Xalq taʼlimi boʻlimi darsliklar boʻyicha uslubchisi Ozoda Haydarovaning “Olgʻa, qizlarim” degan tashabbusi ostida oʻquvchilarimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish biz kutubxonachilarning eng oliy maqsadimizdir.
Bolalarning boʻsh vaqtlari maktab kutubxonasida oʻtadi. Biz oʻquvchilar, ota-onalarni kitob oʻqishga jalb qilish maqsadida “Bir farzandga uch kitob” aksiyasi doirasida kitob savdolari tashkil qilmoqdamiz. Uning faol ishtirokchilariga maktab rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar bildirilmoqda. Bundan katta-yu kichik xursand. Maktab rahbari Durdona Xolmurodova ertalabki saflanishlarda oʻquvchilarga Yurtboshimizning “Hozir kutubxonada bitta kitob oʻqiyotgan bola ertaga oʻnta televizor koʻrayotgan bolani boshqarishi mumkin”, – degan soʻzlarini taʼkidlab oʻtishni unutmaydi. Shu bois oʻquvchilar javonda terilgan har bir kitobni xuddi oʻz javohirlaridek asrab-avaylashadi.
Maqsadlardan sira tolmang,
Izlanishdan toʻxtab qolmang,
Yalqovlikka oshno boʻlmang,
Ey, kitobxon oʻquvchim!
Javondagi javohirlar
Sizga ilhaq, sizni chorlar,
Baxt kaliti – kitob derlar,
Ey, kitobxon oʻquvchim!
Muyassar ISROILOVA,
Toshkent shahar Shayxontohur tumani 320-maktab kutubxonachisi