Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bobomga munosib boʻlaman

Jahongir Norboyev Buxoro viloyati, Peshku tumanidagi 18-maktabning 11-sinf oʻquvchisi. U boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan kezlaridayoq matematika faniga qiziqar, oddiy misollardan tortib murakkab masala, mantiqiy amallar, kasr, mahraj, surat kabi atamalar mazmun-mohiyatini ustozlaridan chuqurroq oʻrganishga intilardi. Kasbi matematika oʻqituvchisi boʻlgan Joʻrabek aka oʻgʻlining aqlini charxlash ustida koʻp ishladi. Mehnatlari besamar ketmadi. 2016-yil matematika fanidan oʻtkazilgan “Bilimlar bellashuvi”ning tuman va viloyat bosqichida faxrli birinchi oʻrin, respublikada esa ikkinchi oʻrinni egallab, ustozlarining ishonchini oqladi.

Jahongir 2016-yil avgust oyida Tailand Qirolligining Changmey shahrida boʻlib oʻtgan “Xalqaro matematika musobaqasi” da Oʻzbekiston terma jamoasining sardori sifatida qatnashib, ikkinchi oʻrin, diplom va ramziy kubok bilan qaytdi. 2017-yil yanvar oyida esa Yaponiyaning “SAKURA” ilmiy tadqiqot dasturi boʻyicha 10 kun mazkur davlatda oʻqib, maxsus sertifikatni qoʻlga kiritdi.

2018-yil 1-6 iyul kunlari Bolgariya Respublikasining Burgas shahrida oʻtkazilgan xalqaro matematika musobaqasi, 2019-yil Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida boʻlgan olimpiadada ham kumush medalga sazovor boʻldi. Jahongir 2019-yil Avstraliyaning SEAMO matematika olimpiadasida 18 ta davlat bilimdonlari orasida oltin medalga loyiq topildi. Joriy yil yosh matematikka omadli boshlandi, Qozogʻistonning Olma-Ota shahrida boʻlib oʻtgan Jautikov nomidagi olimpiadada kumush medalni olishga muvaffaq boʻldi.

– Oʻgʻlim bogʻchada oʻqib yurgan paytlaridayoq qoʻllarida qoʻshish, ayrish amallarini bajarar, tushunmagan narsalarini esa mendan soʻrar edi. Undagi ishtiyoq meni quvontirardi. Matematik boʻlganim uchun oʻgʻlimga ustozlik qildim. Jahongir Oʻzbekiston Milliy universitetiga kirish niyatida. Uning qoʻlga kiritgan natijalarini koʻrib shunday oʻgʻlim va munosib shogirdim borligidan faxrlanaman, – deydi otasi Joʻrabek aka Murodov.

Iqtidorli vatandoshimiz boʻsh vaqtlarida sportning shaxmat-shashka, futbol va ingliz tili toʻgaraklariga qatnashadi. Badiiy kitoblar mutolaa qilishni ham kanda qilmaydi.

– Har qanday bilim takrorlab turilmasa, tezda unutilib ketadi. Ayniqsa, matematika doimiy izlanish, oʻz ustida koʻproq ishlashni talab qiladi. Yaponiyada oʻqib yurgan paytimda tengdoshlarimni koʻp kuzatdim. Bilimga boʻlgan ishtiyoq ularda bolalik davridan shakllantirilib borilar ekan. Aniq maqsad, fanga boʻlgan hurmatni koʻrib havasim ortdi. Har gal menga “Sen Al-Xorazmiy yurtidanmisan?” deya havas bilan qarashlarini koʻrib gʻururlanaman. Men albatta ularga munosib avlod boʻlaman, – deydi Jahongir Norboyev.

 

Islom ASILBEKOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.