Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zulfiyaning lobar qizlari

“... Maʼlumki, yurtimizda xotin-qizlarning qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning mehnatini munosib qadrlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Jumladan, har yili mamlakatimiz boʻyicha 28 nafar isteʼdodli qizlarimiz ulugʻ shoiramiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.

Hozirgi vaqtda ushbu mukofotga sazovor boʻlganlar soni 311 nafarga yetdi. Bu yil ularning safiga yana 28 nafar oʻz sohasining eng iqtidorli vakillari boʻlgan aziz farzandlarimiz qoʻshilmoqda. Ular oʻzlarining samarali mehnati, yorqin isteʼdodi, ibratli fazilatlari bilan barcha tengdoshlariga oʻrnak boʻladilar, deb ishonaman”.

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimdagi nutqidan).

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tadbirida har yilgi anʼanaga muvofiq bu yil ham oʻzining iqtidori va ibratli faoliyati bilan yoshlarga oʻrnak boʻlib kelayotgan, turli soha va tarmoqlarda qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarayotgan, ijtimoiy hayotda faollik va tashabbuskorlik koʻrsatayotgan qizlarni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirladi.

– Atoqli davlat arbobi, Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiyaga munosib voris, uning pok siymosini asrab-avaylash, minglab qizlar orzu qilgan chin sadoqat naʼmunasi boʻlish har bir nomzodga katta masʼuliyat yuklaydi, albatta. Mukofotni Prezidentimiz shaxsan oʻzlari topshirganlari ham bu nomga ikki hissa loyiq boʻlish kerakligimizni bildiradi. Kamtarona ijodimga bildirilgan ishonch uchun tashakkur. Vatanimga sodiq farzand va kelajakda oʻz sohamning malakali mutaxassisi boʻlishga vaʼda beraman, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sohibasi, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 4-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Nuriniso Usmanova.

Mukofotlanganlar safida 7 nafar maktab oʻquvchisining borligi Vatanimizning yoshlarga, ularning iqtidoriga yuksak ishonchi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ishonamizki, oʻzining oʻqishda, ijodda, jamoatchilik ishlarida salohiyati bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan bunday qizlarimiz safi kengayaveradi.

Yuksak mukofot muborak boʻlsin, aziz qizlar.

Gulxanjon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.