Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mehridaryo maskan

“Yurgan – daryo...” deganlaridek, yurtimizning bor husn-u tarovati, go‘zal tabiatidan bahra olish, qolaversa, qadrdon o‘quvchilari bilan yaqindan tanishib, dildan suhbatlashish maqsadida Gulxanjon har yili mamlakat bo‘ylab safarlar uyushtiradi.

Sevimli jurnalingizning navbatdagi sayohati Toshkent viloyatining eng so‘lim maskanlaridan biri – Bo‘stonliq tumaniga, aniqrog‘i, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika “Mehribonlik” yozgi dam olish oromgohiga uyushtirildi.

Tumanning Qizilsuv va Xo‘jakent qishloqlari yaqinida – Ugom daryosining shundoqqina bo‘yida joylashgan oromgohga qadam qo‘yar ekanmiz, daraxt barglarini shitirlatgancha, keng hovliga tog‘ning salqin, musaffo havosini ufurib turgan shabadada badantarbiya qilayotgan tengdoshlarimizga ko‘zimiz tushdi. Yosh murabbiy opa qizlar bilan baravar mashq bajarar, ularni yanada g‘ayratli bo‘lishga undar edi.

Gulxanjon o‘quvchilarga xalaqit berishni istamay, sekin ular yoniga borib turgan edi, ko‘rgan murabbiya ochiq chehra bilan uni ham mashq bajarishga undadi.

– Assalomu alaykum! Biz sizlarning huzuringizga poytaxtdan keldik, – deya bizni tanishtirdi Gulxanjon.

Uning nomini eshitgan bolalar yuzida samimiy tabassum paydo bo‘ldi. Bildikki, bu yerda dam oluvchilarning barchasiga jurnalimiz yaxshi tanish.

– Xush kelibsiz! – dedi o‘zini Baxtigul Tilepova deb tanishtirgan murabbiy opa va ertalabki badantarbiya mashqlari yakunlangach, bizni oromgoh bosh yetakchisi Mas’ud aka Jabborov huzuriga boshladi.

 

“Quyoshdek mehribon Vataning – onang...”

 

Alloma shoir G‘afur G‘ulom II jahon urushi chog‘ida ota-onasidan judo bo‘lgan bolalarga qarata yozgan mazkur satrlar ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan. Bugun ham oramizda Vatan ota-ona bo‘lib boshini silayotgan bolalar bor. Ular hamisha davlatimiz e’tiborida. Mehribonlik uylarida yashab, ta’lim olayotgan bu tengdoshlarimiz yozgi ta’tilda boshqa bolalar kabi bahavo, go‘zal joylarda maroqli dam olish imkoniyatiga egalar.

– Oromgohimizda har yili mingdan ziyod o‘g‘il-qiz mazza qilib hordiq chiqaradi, – deydi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika “Mehribonlik” yozgi dam olish oromgohi bosh yetakchisi Mas’ud Jabborov. – Bu yil respublikamizning barcha viloyatlaridan jami 1040 nafar Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchisi dam olishi rejalashtirilgan.

Biz borgan kuni oromgohda birinchi mavsum tugab, tarbiyalanuvchilar ikkinchi mavsumga qabul qilingan ekan.

Mas’ud akaning aytishicha, har bir mavsumda 260 nafardan bola 20 kun mobaynida dam oladi, birinchi mavsum 10-iyunda boshlanib, 29-iyunda nihoyasiga yetdi, so‘nggi mavsum 25-avgustda yakunlanar ekan.

 

Iste’dodlar yig‘ilganda

 

Mas’ud aka bizni oromgoh yotoqxonasi, oshxona, ma’naviyat va ma’rifat zali, tibbiyot bo‘limi, sport maydonchalari, to‘garaklarga boshladi. Hammayoq orasta, saranjom-sarishta. Oromgoh kutubxonasini Respublika bolalar kutubxonasi hamda ilmiy pedagogik kutubxona fondi kitob, gazeta va jurnallar bilan boyitibdi.

Gulxanjon kutubxonada kitob tanlayotgan bolalarni suhbatga tortadi:

– Kechirasiz, qo‘lingizdagi qanaqa kitob?

– Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Mungli ko‘zlar” romani, – deydi o‘zini Samarqand shahridagi 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Murodova Nigina deb tanishtirgan qiz. – O‘zim Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Oybek asarlarini sevib o‘qiyman. Do‘stlarimning tavsiyasi bilan “Mungli ko‘zlar” romanini mutolaa qilmoqchiman.

– “Gulxan”ni ham o‘qib turasizlarmi? – suhbatga qo‘shilaman men.

– Ha, har bitta sonini qoldirmay o‘qiymiz, – javob beradi Navoiy shahridagi 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Murod Ro‘ziyev.

– Murodjon, siz kabi bolalarning kitobga mehr qo‘yganini ko‘rish juda ham quvonchli. Ammo men ba’zi bolalarning sport yoki boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘lib, mutolaaga vaqt ajratolmay qolishlariga ko‘p bora guvoh bo‘lganman, – deydi Gulxanjon.

Uning bu so‘zlarini Murodjon tabassum bilan tinglaydi va:

– Yashirmayman, men ham sportni yaxshi ko‘raman, futbol bilan jiddiy shug‘ullanaman – deydi “tan olib”. – Lekin ilmga ham mehrim baland.

Murodjon ayni paytda, rus va ingliz tillarini o‘rganishga astoydil bel bog‘lagan. Matematikadan a’lo baholarga o‘qishga harakat qilayapti.

Oromgohda turfa to‘garaklar faoliyat olib boradi. O‘zini Diana Xojayeva, Toshkent shahridagi 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, deb tanishtirgan qiz “Kvilling” to‘garagi a’zosi ekan. Bu qanday to‘garak bo‘ldi, deb qiziqqanimizda, Diana bir dasta haqiqiy gulni ko‘rsatdi. Bilsak, ularni u qog‘ozdan yasagan ekan. Kvilling – qog‘ozdan turli suvenirlarni yasash san’atidir, deya izoh berdi u. Qoyil qoldik.

Chirchiqdagi 14-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Nadejda Shustova yengil atletika bilan jiddiy shug‘ullanarkan, ammo kelajakda hamshira bo‘lmoqchi ekan. Bu orzusini u: “Men odamlarga hamisha yordam berishni istayman”, deya izohladi.

Samarqand shahridagi 10-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Husnigul Sharopovani esa haqiqiy professional sportchi deyish mumkin. 8 yoshidan dzyudo, milliy kurash va o‘zbek jang san’ati bilan muntazam shug‘ullanayotgan bu qiz musobaqalarda g‘olib chiqishga ham ulgurgan.

– Kishi kun tartibini yaxshilab rejalashtirsa, hamma narsaga ulguradi, – deydi Husnigul. – Ayni paytda stol tennisi bilan ham shug‘ullanayapman. Sport meni qat’iyatli, jur’atli bo‘lishga o‘rgatdi. Kelajakda yurtimiz bayrog‘ini nufuzli musobaqalarda baland ko‘tarishni niyat qilganman.

Bolalar mazkur oromgohda nafaqat yayrab hordiq chiqarishmoqda, balki turli madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali estetik tarbiya ham olishmoqda. “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi vositasida ularda hozirjavoblik, kirishimlilik xislatlari tarbiyalansa, milliy sport o‘yinlari, insholar, rasmlar tanlovlari orqali san’at va sportdagi iqtidorlari yuzaga chiqmoqda. “Tug‘ilgan kun muborak” tadbiri esa yoshlarda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat tuyg‘ulari mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

 

Biz yana ko‘rishamiz

 

Gulxanjonga hamroh bo‘lish qanday yaxshi-ya! U bilan sayohatimiz davomida, qarang, qancha joylarni ko‘rdik, qancha bolalar bilan tanishib, suhbatlashdik.

Oromgoh poytaxtdan chamasi 70-80 chaqirim shimolda, tog‘lar bag‘rida joylashgan. Geografiyadan xabardor o‘quvchiga bu manzara yaxshi tanish: Bo‘stonliq mamlakatimizning eng xushmanzara, eng obod tumanlaridan hisoblanadi. Bir yonda Chirchiq, bir yonda Ugom daryolari, arig‘-u anhorlar shovullab, suvning bu yoqimli tovushi, ayniqsa, tun og‘ushida kishi qulog‘iga go‘zal hayot musiqasidek eshitiladi.

Mana shunday orombaxsh va sururbaxsh oqshomga yaqin oromgoh bolalari bilan xayrlashar ekanmiz, ular Gulxanjonni o‘zlari tarbiya topayotgan Mehribonlik uylariga taklif etishdi.

Bunday dilkash, beg‘ubor o‘rtoqlar bilan yana uchrashmaslik, ularning samimiy takliflarini rad etish mumkinmi? Menimcha, yo‘q...

 

Elmurod NISHONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.